«Zenit»ning braziliyalik yarimhimoyachisi Juliano yangi mavsumga katta umid bog‘lamoqda. Zero, u kelasi yili Rossiyada o‘tadigan mundialda «pentakampeonlar» asosiy tarkibida o‘ynamoqchi.
Buning uchun esa o‘zini alohida ko‘rsatishi talab etiladi. Futbolchi «SE»ga bergan intervyusida klubdagi o‘zgarishlarni qanday qabul qilgani va Konfederasiyalar kubogi taassurotlari bilan ham o‘rtoqlashdi.
«Zenit»dagi islohotlar hayron qoldirmadi, cho‘chitib yubormadi ham»
- «Zenit» ixtiyoriga ikkinchi yig‘in arafasida qaytdingiz. Ta’tilni qanday o‘tkazdingiz?
- Dam olish uchun 10 kungina vaqt qoldi - bungacha milliy jamoa yig‘inida qatnashdim. Keyin oila davrasida dam oldim. Mana, yana «Zenit»daman va ishlashga tayyorman!
- Bosh murabbiy va klub prezidenti o‘zgargani to‘g‘risidagi xabarlarni qachon va kimdan eshitdingiz?
- Internetda o‘qidim - bu haqda ko‘p yozishdi. Umidvormanki, o‘zgarishlar natijalarimiz yanada ijobiy bo‘lishini ta’minlaydi.
- Umuman, bu yangiliklarlarni qanday qabul qildingiz?
- Harqalay, «syurpriz» sifatida emas. Zero, chempionatda 3-o‘rinni band etdik va ko‘pchilik ta’tilga ketish arafasidayoq klub rahbariyatida qandaydir o‘zgarishlarga qo‘l urilishi haqida gapirgandi. To‘g‘ri, bu darajadagi katta islohotlarni kutgan emasdim.
- Xo‘sh, «Zenit»dagi kelajagingiz xavotirga solmayaptimi? Har holda, jamoa safiga boshqa murabbiy davrida qo‘shilgan edingiz...
- Yo‘q. Boisi, nimalarga qodirligimni bilaman. Bunday vaziyatda hammasi o‘zimga bog‘liq. Ha, «Zenit»dagi faoliyatimni boshqa murabbiy qo‘l ostida boshlaganim rost, ammo har qanday holatda ham, mendan eng kuchli tomonlarimni ko‘rsatish talab etiladi, xususan, jamoa o‘yiniga ta’sir o‘tkaza olishimni.
- Braziliya termasining ba’zi futbolchilari «Inter» va «Manchester Siti» klublarida Roberto Manchini bilan birga ishlashgan. Ulardan murabbiy haqida ma’lumot oldingizmi?
- Yo‘q, bu mavzuda gaplashmadik. Faqat vaqtida Manchinining shtabida ishlagan Silvinyo oz-moz gapirib berdi. Ayni payt faoliyatini Braziliya termasida davom ettirayotgan murabbiyning aytishicha, Manchini taktikaga katta urg‘u beradi va uning uchun mayda-chuyda jihatlar yo‘q. O‘ylaymanki, u «Zenit»ga yangilik olib kiradi va biz kerakli natijalarga erishamiz.
«Paredesni bilaman, ammo...»
- Braziliya milliy jamoasi yaqindagina Avstraliya va Argentina termalari bilan o‘ynadi. Har ikki uchrashuv «yashil qit’a»da tashkillashtirildi va birinchisiga 49, ikkinchisiga esa salkam 100 ming muxlis tashrif buyurdi. Bundan hayron qolmadingizmi?
- Braziliya - Argentina - bu superderbi! Ya’ni ko‘pchilik bevosita stadionda tomosha qilishni orzu qiladigan qarama-qarshilik. Shunga monand, Avstraliyadagi to‘qnashuvimiz ham unutilmas bo‘ldi.
- Mahalliy muxlislar ko‘proq qaysi tomonga tarafkashlik qilishdi?
- Ko‘pchilik chiroyli o‘yin ko‘rishni istagani shundoq bilinib turdi va amalda ham shunday bo‘ldi. Muxlislik masalasiga kelsak, avstariliyaliklar har ikki jamoani birdek olg‘a boshlashdi. Axir u yerda argentinaliklar ham, braziliyaliklar ham ko‘p.
- Tirik kenguruni ko‘rdingizmi?
- Afsuski, yo‘q. Chunonchi, Avstraliyaga o‘yindan 3 kun oldin yetib bordik. Asosiy masala esa vaqt o‘rtasidagi 11 soatlik tafovutga moslashish edi. Xullas, madaniy hordiq uchun yetarli vaqt ajratolmadik, to‘g‘ri qayiqda daryo bo‘ylab sayrga chiqishga ulgurdik.
- Argentina termasi tarkibida Avstraliya safariga Paredes ham bordi. O‘sha payt uning klubdoshingizga aylanishi mumkinligi to‘g‘risida eshitganmidingiz?
- Yo‘q. Aslida uni bilaman, ammo o‘yin uslubi xususida aniq gapirishim qiyin. Ammo mavsum startiga qadar yaqindan tanishib olish imkoniyati bor.
«Takliflar yo‘q emas, ammo «Zenit»da qolmoqchiman»
- Mavsumlar oralig‘ida «Zenit» ixtiyoridagi futbolchilar safi ancha kengaygani xususida nima deysiz?
- Bu yaxshi holat, jamoada raqobat yanada kuchayadi. Qolaversa, unutmaslik kerak, biz bir yo‘la 3ta musobaqada qatnashamiz. Demakki, murabbiy uchun tarkib «rotasiya»si imkoniyati oshishi muhim, futbolchilar esa zo‘riqishlardan so‘ng bemalol tiklanishlari mumkin.
- Qishki transferlar vaqti bilan solishtirganda, «Zenit» asosan kuchli futbolchilarni jalb etayotgandek.
- Barchasini o‘yinlar ko‘rsatadi. Ha, taniqli yigitlar ko‘p. Ammo klubning kuchaygan-kuchaymagani haqida hozirdan baralla gapirish noo‘rin.
- «Zenit» sport direktori yaqinda 7 nafar futbolchiga javob berilishi mumkinligini aytdi. Bu bayonot mashg‘ulotlar jarayoniga nechog‘li ta’sir qiladi?
- Ha, har bir mashg‘ulotda o‘zimizni ko‘rsatishimiz kerak. Tabiiyki, astoydil ishlayapmiz va murabbiy kimning nimalarga qodirligini ko‘rib turibdi. Qaysidir futbolchi ketmoqchi bo‘lsa, buni rahbariyat bilan muhokama qilishi mumkin, ammo ko‘pchilik yangi mavsumga «Zenit» safida hozirlik ko‘rish uchun kelgan. Deylik, menga bir qator klublardan takliflar tushdi - bu yomon futbolchi emasligim va avvalgi mavsum omadim kelganini tasdiqlaydi. Shunday ekan, yangi mavsumda yanada yaxshi o‘ynash uchun ko‘proq ter to‘kishim kerak.
- Takliflar xususida: ulardan birortasi alohida qiziqish uyg‘otmadimi?
- Yo‘q, hech birini ko‘rib chiqmadim.
- O‘zi qaysi klublarga chaqirishdi? Loaqal mamlakatlar nomini ayting...
- Gap shundaki, takliflar rasmiy xarakter kasb etmadi. Tushuning, transferlar vaqti - mish-mishlar davri.
«Danni bilan maydonda o‘zaro uyg‘unlasholmadik»
- Danni jamoadan ketgach, Manchini bilan maydondagi pozisiyangiz xususida gaplashdingizmi?
- Bunga ulguraman hali. O‘ylaymanki, bosh murabbiy maydonda menga munosib rol topshiradi.
- Avvalgi mavsumga qaytamiz: «Zenit»ning yuqoriroq o‘rindan joy olishiga nima yetishmadi?
- Mavsum g‘oyat murakkab kechdi. Yangi murabbiy yo‘lga qo‘ygan futbolga moslashish ko‘p vaqt oldi. Balki mavsum oxirlarida bizga nimadir yetishmagandir. Ammo 3-o‘rindan yuqoriroqqa munosib edik, baribir.
- Bahor oylari shaxsan siz uchun kuzga nisbatan yomonroq o‘tdi...
- Birinchidan, maydonda yolg‘iz o‘zim to‘p surmayman - barchasini butun jamoa amalga oshiradi. Ikkinchidan, bahorgi bosqichning boshida «Anderlext»ga yutqazib, YELdan chiqib qolganimizdan so‘ng futbolchilar ruhi tushib ketdi. Shuningdek, shaxsan men jismoniy tomondan rosa qiynaldim - terma jamoa yig‘inlari tufayli tez-tez Braziliyaga borishimga to‘g‘ri keldi. Umuman olganda, o‘yinim jamoaviy harakatlarga bog‘liqligini ham e’tiborga olish darkor. Agar sheriklarim yaxshi o‘ynashsa, o‘ylagan rejalarim amalga oshaveradi, aks holda...
- Butun bahor davomida bitta xulosa tez-tez quloqqa chalindi: «Qanchalik afsuslanarli bo‘lmasin, Dannining maydonga qaytishi Juliano o‘yiniga ijobiy ta’sir qilmadi». Chunonchi, portugaliyalik futbolchi hattoki, qanotlarda ham erkin musavvir rolini bajardi. Aytish mumkinki, u maydon markazida yo‘lingizni shunchaki, kesib qo‘ydi...
- Bu fikrga ma’lum darajada qo‘shilish mumkin. Ikkimiz o‘xshash uslubda harakatlanadigan futbolchilarmiz. Ammo uning menga xalaqit berganini ta’kidlay olmayman. Shunchaki, ba’zi hollarda maydondagi harakatlarimizni o‘zaro uyg‘unlashtirishda muammolarga uchradik.
- Bahorda garchi uncha omadli o‘ynolmagan bo‘lsangizda, Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Titening fikri o‘zgarmadi - u sizni yig‘inlarga chaqiraverdi, baribir.
- Mamlakatimiz bosh jamoasi ustozi menga ishonayotganidan xursandman. Zero, u yig‘inlar chog‘i qanday shug‘ullanayotganimni ham ko‘radi-ku. Balki aytoydil ter to‘kishim chaqiruv yuborishiga sababdir.
- Ammo JCH-2018ga kelish-kelmasligingiz yangi mavsumdagi ishtirokingizga bevosita bog‘liq bo‘lib qolaveradi?
- Albatta, shunday. Ha, mundial starti tobora yaqinlashmoqda, ammo hali yana 1 yil vaqt bor. Bu muddat ichida termadagi pozisiyam uchun yangi nomzodlar bosh ko‘tarishlari mumkin. Ammo ishonamanki, agar «Zenit»da munosib to‘p sursam, kelasi yoz Rossiyaga milliy terma tarkibida kelaman.
«Dzyuba va Kokorin shunchaki, hazillashishgan»
- Konfederasiyalar kubogi o‘yinlarini tomosha qildingizmi?
- Bir vaqtda o‘tgan 2ta uchrashuvni ko‘rdim - Rossiya - Meksika va Portugaliya - Yangi Zelandiya qarama-qarshiligini. Afsuski, ruslar yutqazib qo‘-yishdi. Portugaliya termasi ijrosidagi o‘yin ham uncha yoqmadi.
- Rossiya termasi chindan ham, kuchsizmidi?
- Yigitlarning g‘alaba yo‘lida borlarini berishgani ko‘rinib turdi. Ammo bir yil davomida faqat o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushgan jamoaning rasmiy musobaqaga muammosiz moslashib ketishi qiyin. O‘ylaymanki, shu narsa ham Rossiya termasi natijasiga ta’sir ko‘rsatdi.
- Yuriy Jirkov maydondan chetlashtirilgan holatni ko‘rdingizmi?
- O‘yinni bir futbolchi yutmaydi yoki yutqazmaydi. Qolaversa, hech kim xato qilishdan himoyalanmagan. Rossiya termasi ikkinchi golni qo‘yib yuborgan lahzadagi xato qimmatga tushdi. Agar golkiper yaxshiroq harakatlanganida bu gol yuzaga kelmasmidi? Fakt shuki, o‘yinni Yuriy Jirkov emas, butun jamoa boy berdi.
- Umuman, Konfederasiyalar kubogi Braziliyada nechog‘li qiziqish uyg‘otdi?
- Butun mamlakat, hattoki, futbolchilar nomidan javob berishim qiyin. Faqat turnir uchrashuvlari to‘liq translyasiya qilinganini aytishim mumkin. Ya’ni Braziliya TVchilari ham turnirni Rossiyada turib, yoritib borishdi.
- Musobaqa saviyasiga baho bera olasizmi?
- Juda yaxshi! Germaniya termasiga alohida urg‘u qaratish joiz - bu jamoa ko‘plab yetakchilarisiz ham qoyilmaqom o‘ynadi. Umuman olganda, nemislarning o‘yin uslubiga gap yo‘q. Finalda esa chindan ham, turnirning eng kuchli ikki ishtirokchisi ro‘baro‘ keldi: Germaniya va Chili termalari.
- Endi Germaniya jamoasining «ikkinchi» tarkibini buyuk kelajak kutayotganini bashorat qilish-yapti.
- Bir narsa deyish qiyin, ammo menimcha, ayni payt iqtidorli nemislardan 2 yoki 3ta emas, balki 4ta teng kuchli tarkib yig‘ish mumkin.
- Braziliya termasi bosh murabbiyi ham Konfederasiyalar kubogiga keldi.
- Ha, Tite yarim final va albatta, final o‘yinlarini voqea joyida kuzatdi. O‘ylaymanki, u yiqqan ma’lumotlar JCHga tayyorlanishimizda juda asqotadi.
- Dzyuba va Kokorin voqeasi haqida eshitgandirsiz...
- Ha, qisman xabarim bor.
- Tite shunday holat kuzatilsa, qanday yo‘l tutardi?
- Avvalo, ta’kidlash kerak, Kokorin va Dzyubaning harakatlariga OAV vakillari olov quyishdi. Ishonchim komil, bu shunchaki, hazil edi. Tite masalasiga kelsak, u qattiqqo‘l murabbiy va jamoada hamma bir-birini hurmat qilishini istaydi.
- U bundayin hazil kimga yo‘naltirilgani bilan qiziqqan bo‘larmidi yoki futbolchilarni shunchaki, termaga chaqirmay qo‘ya qolardi?
- Titening qanday inson ekanligiga e’tibor qaratsak, u avvalo, futbolchilar bilan yuzma-yuz turgan holda gaplashib olardi. Shundan keyingina matbuotda o‘z xulosasini bayon etardi, ehtimol.
- Xalk bilan gaplashib turibsizmi, unga Xitoy nechog‘li yoqibdi?
- Terma jamoa ixtiyoridagi ko‘rishishni inobatga olmasak, deyarli gaplashmayapmiz. Ammo Xalkning Oskar yonini olib, diskvalifikasiyaga uchraganini eshitdim. Albatta, Xitoyda ham o‘zini ko‘rsatayotganidan xursandman.
- U sizni yoniga chorlamayaptimi?
- Hozircha yo‘q (kuladi).
- Yarim yilcha avval dadil gapirgan edingiz: «Yaxshi hamki, meni Xitoyga chaqirishmayapti - tanlov muammosi yo‘q». Fikringiz o‘zgarmadimi?
- Yo‘q, zarracha. Xitoyliklar takliflari mo‘may daromadni o‘z ichiga olayotgani sir emas. Bunday holatda xohlaysanmi-yo‘q, nima muhimligi haqida bosh qotirasan: pulmi yoki faoliyat? Ayni payt kimliging xususida ham o‘ylashga majbur bo‘lasan...