Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

«Shalke» tarbiyalagan yulduzlar

«Shalke» tarbiyalagan yulduzlar

Baho:
+ | -

«Shalke» xavbeki Leon Goreska Konfederasiyalar kubogida o‘zgacha yog‘du sochdi. Yangi ko‘rinishdagi Germaniya termasi yarim himoyasidan joy olgan yosh futbolchi ayniqsa, yarim finalda 2ta aniq zarbasi orqali qaysidir sabablarga ko‘ra, bundesliga o‘yinlarini tomosha qilmaydigan muxlislar e’tiborini ham o‘ziga qaratdi.

Aslida nemis futboli ixlosmandlari ushbu superiqtidor bilan yaxshi tanishlar. Deylik, «Bavariya»ning Leonga ko‘z tikkaniga ancha bo‘ldi. Myunxenliklar shu yozdayoq Goreskani xarid qilib, Xabi Alonso o‘rnini yopishni o‘ylagandilar, biroq chamasi 25-30 mln. yevro tejashni o‘ylashdi, chog‘i.
Chunonchi, kelajagi porloq yigit yana bir yildan so‘ng ozod agentga aylanadi va bundesliga bayroqdori bir chaqa sarflamay, uni o‘z tomoniga og‘dirishi mumkin. Lekin quyida faqat Goreska emas, balki «Shalke»ning boshqa tarbiyalanuvchilari haqida ham gaplashamiz.
Zero, bu klub oxirgi 10-12 yilda yevrofutbolni muntazam yulduzlar bilan ta’minlab kelmoqda. Umuman olganda, Gelzenkirxen jamoasi shaxsiy maktabi, seleksion ishlari va ajoyib iqtidorlarni kashf qilish tizimi bilan faxrlanishga haqli.

To‘g‘ri, quyida e’tirof etilayotgan barcha futbolchilar bolalik chog‘idanoq «Shalke» bag‘rida shug‘ullanishmagan, lekin ularning har biri UYEFA mezoni bo‘yicha klub tarbiyalanuvchisidir.
Harqalay, hozirgi qoidalarga ko‘ra, 15-21 yoshli davrida 3 yil yoki ko‘proq vaqt klub ro‘yxatida turgan futbolchi uning shaxsiy tarbiyalanuvchisi hisoblanadi.

Mesut O‘ZIL (transfer narxi — 50 mln. yevro)
Jamoasi: «Arsenal»
O‘ZIL aynan Gelzinkirxenda tug‘ilgan, ammo bolalik yillari turli sport maktablarida tahsil olish bilan o‘tgan. Asli turk yigitining hozirgi darajaga chiqishida otasining xizmati katta. Chunonchi, katta O‘ZIL o‘g‘lidagi alohida iqtidorni vaqtida payqab, uni darhol munosib maktabga joylashtirgan. Mesut ilk professional shartnomasini kamtarona «Rot-Vayss Essen» klubi bilan tuzdi. Lekin «Shalke»ning sinchkov seleksionerlari ko‘p o‘tmay, 16 yoshli o‘spirinni o‘z jamoalari safiga qo‘shib olishdi. Shu tariqa Mesut atigi 1 yildan so‘ng «Shalke» yoshlar tarkibidan asosiy jamoaga «sakradi». O‘sha vaqt «Shalke» tarkibi juda kuchli edi va O‘ZIL jonajon shahri jamoasida ko‘p vaqt qololmaydi. Natijada otasi - Mustafo tavsiyasiga ko‘ra, «Verder» safiga qo‘shilib, Tomas Shaaf qo‘l ostida o‘ynaydi. Aytgancha, «Shalke» bu tarbiyalanuvchisi evaziga 5 million yevro ham olgan emas.

Manuel NOYER (transfer narxi — 40 mln. yevro)
Jamoasi: «Bavariya»
«Shalke» muxlislari Noyerni hali-hamon sotqinlikda ayblashadi. Negaki, Gelzenkirxenda voyaga yetgan va 4 yoshidan shu jamoaga «bog‘langan» kiper yakunda «Bavariya»ga o‘tishni ma’qul ko‘rdi. Aslida-ku, bunday tanlov uchun Manuelni ayblash uncha to‘g‘ri emas. Axir har bir inson mustaqil qaror chiqarish huquqiga ega. Xullas, «Feltins Arena» yoqimtoyi 2011 yili «Bavariya» bilan shartnoma tuzib, faoliyatidagi eng katta qadamlardan birini tashlaydi. Mana, Noyer shu-shu Gelzenkirxenda har safar muxlislarning hushtakbozlikka yo‘g‘rilgan «iliq» qabullariga uchramoqda. Vaholanki, asosiy gap golkiper yoki muxlislarda ham emas. Shunchaki, «Shalke» rahbariyati Noyer uchun taklif etilgan 30 million yevrodan voz kecholmagandi. Sabab - futbol sof biznes. Fakt shuki, «Shalke» tarbiyalanuvchisi o‘sha vaqt jahonning ikkinchi qimmatbaho kiperiga aylanib, klub g‘aznasini sezilarli darajada to‘ldirgandi. Boz ustiga, gelzenkirxenliklarga har doim ham o‘z yulduzlari bilan xayrlashish chog‘i loaqal, 1 yevro ishlash nasib etmaydi...

Leroy SANE (transfer narxi — 35 mln. yevro)
Jamoasi: «Manchester Siti»
«Shalke» tarixidagi eng yaxshi transferlardan biri. E’tibor bering, gelzenkirxenliklar Sane transferi uchun «shaharliklar»dan 50 million yevro olishdi. Ya’ni jamoa rahbarlari bu safar yuksak iqtidor egasining shartnomasi tugashidan oldinroq bir to‘xtamga kelishdi. Axir «Manchester Siti» duch kelgan har bir 20 yoshli yigitcha uchun shuncha to‘layvermaydi. Sane «Shalke» maktabidagi 9 yillik tahsildan keyin «Bayer»da tajriba oshirib, klub safiga qaytgandi. Uning yuqori tezligi, dribling salohiyati, 2-3 nafar raqib orasiga qo‘rqmay kirib borishini ko‘rgan «Siti» rahbarlari oxir-oqibat, katta xarajatdan tiyilishmadi. Eng muhimi, Leroy transferi ortidan «Shalke»ning moliyaviy ahvoli ancha o‘nglandi.

Yulian DRAKSLER (transfer narxi — 35 mln. yevro)
Jamoasi: «PSJ»
Yulian 8 yoshidan «Shalke» tizimida shug‘ullana boshladi. 17 yoshu 117 kunlik chog‘i esa jamoaning asosiy tarkibida maydonga tushib, bundesliga tarixidagi eng yosh 4-debyutant bo‘ldi. Avvaliga asosan zaxiradan o‘yinga qo‘shiladigan yigitcha Germaniya kubogi doirasida «Nyurnberg»ga qarshi kechgan uchrashuvning 119-daqiqasida uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi bilan «Shalke»ga g‘alaba taqdim etdi. Yana 2 oydan so‘ng Draksler Germaniya kubogini boshi uzra baland ko‘tardi. Gelzenkirxenliklar finalda «Duysburg»ni 5:0 hisobida yengib, o‘z tarixlaridagi oxirgi muhim sovrinni rasmiylashtirishdi. 2014 yilga kelib, futbolchi Germaniya termasi bilan jahon chempionati taxtiga ko‘tarildi va vaqt o‘tib ketayotganini sezib, grand jamoalardan biriga o‘tishni xohlab qoldi. Ya’ni «Shalke» rahbarlaridan o‘zini YECHLda o‘ynaydigan biror jamoaga sotishlarini so‘radi. Shu tariqa Draksler transferi 2015 yil amalga oshdi - «Volfsburg» uning uchun 43 million yevro to‘ladi. Darvoqe, Konfederasiyalar kubogi-2017ning eng yaxshi futbolchisi maqomi aynan Yulianga nasib etdi.

Joel MATIP (transfer narxi — 25 mln. yevro)
Jamoasi: «Liverpul»
Matip Boxumda tavallud topib, 8 yoshidan «Shalke» maktabiga qatnay boshladi. Murabbiylar keyinchalik uni turli pozisiyalarda sinab ko‘rishdi. Deylik, Joel professional futbolga tayanch yarim himoyachisi sifatida kirib keldi. Ya’ni «Shalke»ning asosiy tarkibidagi debyut o‘yinida yarim himoyachi vazifasini bajargan Matip mehmonda «Bavariya» darvozasiga aniq zarba yo‘llab, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Keyinchalik asli kamerunlik yigitni himoyaga surishdi. Biroq Matipning orqa chiziqdagi harakatlari tinmay tanqid qilindi. Vaholanki, u unchalik yomon o‘ynamayotgan, balki butun jamoaning ishi yurishmayotgandi. Muhimi, jiddiy e’tirozlarga qaramay, bo‘ydor himoyachiga talab pasaygani yo‘q. Mana, avvalgi yoz Yurgen Klopp uni «Liverpul»ga chorladi. E’tiborlisi, «qizillar» baquvvat kamerunlik uchun bir tiyin ham berishmadi. Vaholanki, o‘sha payt Matipning transferi 18 mln. yevroga baholanayotgandi. Xullas, Joelning imkoniyatlarini yaxshi bilgan Klopp klub rahbariyatini unga munosib shaxsiy shartnoma taklif etishga ko‘ndirdi.

Leon GORESKA (transfer narxi — 23 mln. yevro)
Jamoasi: «Shalke»
«Shalke» seleksionerlari Goreskani bundan 3 yil muqaddam «Boxum»dan 3,3 mln. yevroga sotib olishgandi. Gelzenkirxenliklar xaridni rasmiylashtirish chog‘idayoq yangi avlodning eng iqtidorli vakillaridan biriga ega bo‘lishganini yaqqol sezishgan. Ammo jarohat va oshqozon tizimiga bog‘liq xastalik Leonning iqtidori yuzaga chiqishini bir necha yil ortga surdi. Shunga qaramay, yarim himoyachi avvalgi yoz safga qaytishi hamono jamoa muxlislari unga «Shalke»ning yangi yetakchisi sifatida qarashdi. Muhimi, futbolchi bu ishonchga munosib javob berib, birin-ketin raqiblar darvozasini ishg‘ol qila boshladi. Natijada «o‘tkir» ko‘zli Yoaxim Lyov yigitchani Germaniya milliy jamoasida sinab ko‘rishni paysalga solgani yo‘q. Har holda, ko‘pchilik Goreskaning Konfederasiyalar kubogi «zayavka»siga kirishini kutmagandi. Mana, voqealarning keyingi rivoji shuni ko‘rsatdiki, Leon jamoada Sami Xedira bilan bemalol raqobatlashish salohiyatiga ega. To‘g‘ri, uning Toni Kross darajasiga yetishiga biroz erta. Eng alamlisi esa, «Shalke» shunday tarbiyalanuvchisi ortidan ham hech vaqo ololmaydi, shekilli.

Benedikt XYOVEDES (transfer narxi — 18 mln. yevro)
Jamoasi: «Shalke»
Xyovedes — «Shalke»ning tirik afsonasi. U 2001 yildan buyon klub sharafini himoya qilmoqda. Xullas, Benedikt 16 yillik faoliyati davomida jamoaning og‘ir va yaxshi kunlarini ko‘rdi. Deylik, bu orada Germaniya chempionati kumush medali sohibiga aylandi, shuningdek, milliy kubok va superkubok sovrindori bo‘ldi. Asosiysi, gelzenkirxenliklar sardori Germaniya termasi bilan Braziliyada jahon chempionligini tantana qildi. Umuman, 29 yoshli Xyovedes futboldagi yo‘lidan nolimasa ham bo‘laveradi. Axir Gelzenkirxen jamoasi «motori» sifatida muxlislar qalbini to‘liq zabt etganining o‘zi katta gap. To‘g‘ri, u ham vaqtida kuchliroq klub safiga qo‘shilishni o‘ylagan, ammo omadsizlik pand bergan. Ya’ni og‘ir jarohat sabab, grandlar safiga qo‘shilish orzusi amalga oshmadi. Endi esa ketish haqida o‘ylamaydi, bundan ma’no ham yo‘q. Demakki, Xyovedes butun faoliyatini bitta jamoaga bag‘ishlagan kam sonli futbolchilar qatoridan joy olsa, ajabmas.

Sead KOLASHINAS (transfer narxi — 15 mln. yevro)
Jamoasi: «Arsenal»
Qanchalik g‘alati tuyulmasin, Sead ham «Arsenal» tarkibini erkin agent maqomida to‘ldirdi. Gap shundaki, Karlsrue shahrida tug‘ilgan asli bosniyalik yigit «Shalke» bilan shartnomasi muddatini uzaytirishni istamadi va Arsen Venger bundan unumli foydalandi. Aytish o‘rinli, Kolashinas Gelzenkirxen klubiga 18 yoshida «Shtutgart»dan ko‘chib o‘tgandi. U bir necha yil davomida klub panohida bo‘lib, nimjon va biroz beso‘naqay yigitdan universal himoyachiga aylandi. Sead ayni payt orqa chiziqning chap qanoti va markazida, shuningdek, tayanch yarim himoya hududida birdek ishonchli harakatlanadi - chinakam «oltin». Birgina kamchiligi - jarohatga nisbatan moyilligi. Aynan shu holat Kolashinasning barqaror o‘ynashiga xalaqit beradi. Fakt shuki, himoyachi yangi mavsumni dunyoning eng kuchli ligasida va mashhur klubda boshlaydi. «Shalke»ning yana quruq qolganiga kelsak, bunga avvalgi rahbarlar javob berishlari kerak. Zero, ular vaqtida Seadni shartnoma muddatini uzaytirishga ko‘ndira olishmagan.

Maks MAYER (transfer narxi — 14 mln. yevro)
Jamoasi: «Shalke»
«Shalke»ning yana bir iqtidori. Maks 2009 yildan buyon Gelzenkirxenda o‘ynamoqda. Germaniya termasi tarkibida 4ta uchrashuv o‘tkazishga ulgurganiga qaramay, Yoaxim Lyov uni Konfederasiyalar kubogi «zayavka»siga kiritmadi. Chunki oxirgi mavsum Mayer uchun uncha yaxshi o‘tmadi - asosan zaxiradan maydonga tushish bilan cheklandi. Aslida u sifatli futbol ko‘rsatish masalasida tengqurlaridan sira qolishmaydi. Endi savol: yana bir yildan keyin «Shalke» bilan shartnomasi muddati tugaydigan futbolchining keyingi taqdiri qanday kechadi? U Gelzenkirxenda o‘ynashda davom etib, «Shalke» yetakchisi bo‘lishga urinadimi yoki ayrimlar kabi katta klublarga «qochib», jamoani hech vaqosiz qoldiradi? Buni vaqt ko‘rsatadi, albatta.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:52, 20.07.2017.
O'qildi: 4962 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.