Leonardo Bonuchchi «Milan»ga o‘tdi. Nega? Bu transferning asosiy sababi nima? footballhd.ru saytida yozilishicha, binoyidek saviyaga ega himoyachining Turin superklubidan ketishida zalvorli sabablar bor - kiyinish xonasidagi mushtlashuv, Paulo Dibala va boshqa omillar...
Leonardo Bonuchchi «Milan» a’zosi! Yozning eng kutilmagan va yaxshi transferi. Milanliklar jahon futbolidagi eng kuchli himoyachilaridan biri sifatida ta’riflanadigan futbolchi uchun 40 million yevro to‘lashdi, xolos. Boz ustiga, xaridor qandaydir oddiy jamoa emas, balki xitoyliklar tomonidan pul bilan to‘la ta’minlanayotgan azaliy raqobatchi. Ha, ko‘rinishidan, «Yuve»ning o‘zi Bonuchchidan qutulishni xohladi, shekilli. Massimiliano Allegri va Leo hech qachon bir-birlaridan nolishmagandi. Leo bungacha Antonio Konte g‘oyalarini futbolchilarga yetkazuvchi maqomida edi va Allegri qo‘l ostidagi jamoada ham asosiy «figura» sifatida e’zozlanardi. Biroq birgina chalkash va tushunarsiz voqea hammasini buzdi - fevralda butun Italiya Allegri va Bonuchchi o‘rtasida yuzaga kelgan mojarodan yoqa ushladi. Ma’lum bo‘lishicha, «Palermo»ga qarshi uchrashuvda murabbiyning zaxiraga olish qarori futbolchiga sira yoqmagan va ular kiyinish xonasida «dahanaki jang»ga kirishishgan. Ya’ni oshkora e’tiroz eshitgan Allegri himoyachidan o‘ziga daxlsiz ishga burun suqmasligini so‘ragach, u g‘azabini yashirib turolmagan: «Og‘zingni yum, noshud murabbiy!» Tushunarliki, Allegri quyushqondan chiqqan shogirdiga shunga yarasha javob bergan: «Yo‘qol, zarracha keraging yo‘q...». Natijada matbuotga shov-shuvli mavzu topilib, Leoni turli grandlarga «kuzatish» boshlandi: goh «Manchester Siti»ga, goh «Barselona»ga va hokazo. To‘g‘ri, ko‘p o‘tmay, barchasi tindi: Bonuchchi ma’lum muddatga o‘yinlardan chetlashtirildi, Allegriga jarima solindi. Biroq Turin ikkisi uchun tang bo‘lib qoldi va sharoit birining ketishini taqozo etardi.
Aprel oyiga kelib, Paulo Dibala «Yuve» bilan tuzgan shartnomasi muddatini uzaytirdi. Shu ittifoq ham Leoga salbiy ta’sir qildi, chog‘i. Harqalay, aytishlaricha, unga argentinalik yosh yigitchaning yiliga 7 million yevro miqdorida maosh olishi (bonuslardan tashqari) sira yoqmagan. Axir Dibala birdaniga klubda eng ko‘p maoshga ega futbolchi bo‘lib olgandi. Ha, turinliklar Gonsalo Iguainga ham deyarli shuncha to‘lashadi. Ammo u 2 yil ichida 70ta gol urgan goleador hisoblansa, Dibala oxirgi mavsumning birinchi yarmida hech qanday karomat ko‘rsatolmadi va faqat «Barsa» darvozasini ikki bora nishonga olgani bilan ko‘zga tashlandi. Unga belgilangan 7 «limon» esa Bonuchchi oladigan xizmat haqidan naq ikki baravar ko‘pdir. Leo bunday holatga jim qarab turadiganlar toifasidan emas. Xullas, himoyachi bu masalada klub ofisiga bosh suqqan bo‘lishi mumkin. Mana, Bonuchchi endi «Milan»da taxminan 7 «limon» topadi - aynan Dibalaning maoshiga teng.
Umuman olganda, barchasi iyun oyidayoq hal qilingani ta’kidlanmoqda. CHL finalini eslang, «Yuve» ijrosida mutlaqo ikki xil bo‘lim ko‘rgandik. Gap-so‘zlarga ko‘ra, tanaffus chog‘i Turin klubi kiyinish xonasida janjal kelib chiqqan. Aslida bu haqda finalning ertasigayoq xabar urchigandi, biroq aniq gap yo‘qligi bois, voqea unutilgandi. Endi o‘sha mavzu yana kun tartibiga qaytdi: aytishlaricha, janjalni Dani Alvesh boshlagan. Ya’ni braziliyalik faxriy himoyachi Dibalani kalaka qilgan. Buni ko‘rgan Allegri darhol Pauloni himoya qilishga uringan, Bonuchchi esa Alvesh tarafdori bo‘lgan. Ehtimolki, ular argentinalik futbolchini aynan maosh miqdoridagi nomutanosiblik tufayli siquvga olishgandir. Keyin Andrea Barzali o‘rtaga tushib, Leoni to‘xtatmoqchi bo‘lgan, ammo o‘ynolmayotgani, Marseloga bas kelolmayotgani haqida e’tiroz eshitgan. Barzali shunda Bonuchchiga birinchi golda kim aybdorligini eslatgan. Xullas, futbolchilar deyarli mushtlashib ketishgan, faqat Allegri ularni vaqtida ajratishga ulgurgan. Oradan bir necha kun o‘tgach, «Yuve» Allegri bilan yangi shartnoma tuzdi. Ya’ni o‘z tanlovini e’lon qildi.
Klub shuning barobarida vaziyatdan imidj va moliyaviy yo‘qotishlarsiz chiqib ketishni xohlagani tayin. Biroq Bonuchchi Italiyadan ketishi haqida baralla jar sola boshladi. Ammo yakunda «A» seriyasida qoldi. Qiziq, «Yuve» nahotki, shuni xohlagan bo‘lsa...?
«Milan» Bonuchchi transferi uchun Turin klubiga 40 million (ba’zi manbalarda yozilishicha, 42 million) yevro to‘laydi. Shartlashuvga ko‘ra, to‘lov 3 yil davomida amalga oshiriladi. Futbolchining o‘zi yangi klubi bilan 5 yillik shartnoma tuzadi. Ma’lumot uchun aytish kerak, oldinroq «Yuventus» tarkibiga 2010 yili qo‘shilgan Leoning «Real» yoki «Manchester Siti»ga o‘tishi haqida xabarlar urchigandi.