Kirish Ro'yxatdan o'tish

Futbol marketingidagi yangi yo‘nalishlar

Futbol marketingidagi yangi yo‘nalishlar

Baho:
+ | -
Bo'lim: JAHON FUTBOLI
Rukn: Yangiliklar

Jamoaning yangi a’zosini klub fubolkasida suratga olib, muxlislarga taqdim etish - siyqasi chiqqan uslub.

Ijtimoiy tarmoqlardagi jadal taraqqiyot hozirda hech kimni ajablantirmay qo‘ydi. Jumladan, «Tvitter» dunyoga kelganiga endigina bir yil to‘lganda, samarali faoliyatini ta’minlash yo‘lida hatto Big-Ben minorasidan foydalanishgacha borib yetdi. Qisqa vaqt ichida amalga oshirilgan texnik inqiloblar orasida kommersializasiyaning salmog‘i katta.

Servis xizmati rasmiylikdan voz kechib, ijodiy yondashuvga ko‘proq e’tibor qaratmoqda. To‘g‘ri-da, tog‘ning Sulaymonga yaqinlashishini kutishdan, unga intilish ko‘proq samara beradi. Ijtimoiy hayotdagi salmog‘ini tobora oshirib borayotgan futbolda bu yaqqol ko‘zga tashlanmoqda - hozirda «Tvitter»da sahifasini ochmagan jamoa to‘laqonli klub bo‘lolmaydi.

Ushbu ijtimoiy tarmoq orqali barcha uchrashuvlar hisoboti, fantastik gollar, taniqli yulduzlardan olingan qiziqarli intervyular muxlislarga taqdim etilmoqda. Ular istagan paytda, uyda yoki ish joyida bo‘lishlaridan qat’iy nazar, o‘zlari uchun kerakli ma’lumotlarni olishadi. Bundan tashqari, turli mahsulotlarni reklama qilish ham jamoalarga katta daromad keltirmoqda. Asosiysi, muxlislar bilan yuzma-yuz oshkora suhbatlashish mumkin.

Keling, ana shunday ijodiy yondashuvlarning ayrimlarini yodga olaylik. Masalan, may oyida YEL turnirining finalchilari o‘zaro bahs orqali millionlab muxlislar e’tiborini tortishdi. Ya’ni Gollandiyaning «Ayaks» klubi vakillari «MYU» mazkur sovrinni o‘z tarixida ilk marta qo‘lga kiritish imkoniyatidan foydalana olmasligi gollandiyaliklar uchun ayni muddao bo‘lishini ta’kidlashgandi.

Angliyaliklar esa bunga javoban o‘ta muloyim, lekin keskin fikr bildirishdi: «Jamoamizning sov­rinlar saqlaydigan zali turli kuboklar bilan to‘lib-toshgan. Shunga qaramay, biz u yerdan YEL kubogi uchun ham joy topamiz. Bu borada tashvishlanmang». Raqibning hamiyatiga tegmaydigan ajoyib javob!

Myunxenning «Bavariya» klubi esa o‘zining taxminiy turnir jadvalini e’lon qilib, qizg‘in bahslar sababchisiga aylandi - unda nemis grandi «Real»ning o‘rnini band etgandi. Oqibatda, 10 mingdan ortiq muxlis tomonidan fikr-mulohazalar izhor etildi. Kuzda «Verder» jamoaning yangi a’zosi Serj Gnabrining yuksak natijalarini sanab o‘tib, «Arsenal»ni murakkab vaziyatga solib qo‘ydi. Ayrim hollarda yangi futbolchilarning videotaqdimoti reklamalar festivali darajasiga ko‘tarilmoqda.

«Liverpul» bahor faslini Muhammad Salohni tarkibga qo‘shib olish urinishlari bilan o‘tkazdi. Nihoyat, iyun oyida «Roma» misrlik yarim himoyachini qo‘yib yuborishga rozilik bildirdi. 21 iyun kuni futbolchi tibbiy ko‘rikdan o‘tgan bo‘lsada, «qizillar» uning tarkibga qo‘shilganini rasman e’lon qilishga shoshilishmadi. Toqati toq bo‘lgan muxlislardan murojaatlar kela boshladi.

Shundan keyin namoyish etilgan videorolikda noma’lum shaxsning jo‘natilgan ma’lumotlar bilan tanishib chiqayotgani aks etgandi. Ma’lum bo‘lishicha, u Muhammad Saloh ekan.

«Byornli»dagi o‘yinlari orqali xaridorlarni o‘ziga qaratgan «MYU» tarbiyalanuvchisi Maykl Kin yakunda 28,5 mln. yevro evaziga «Everton» a’zosiga aylandi. E’tiborlisi, «iriskalar» yangi xaridni muxlislarga taqdim etish uchun o‘ziga xos yo‘l tanlashdi: «O‘ta og‘ir kunni boshdan kechirdik» deb nomlangan rolikda chindan ham mashaqqatli mehnat tasvirlangandi. Faqat uning so‘nggi qismida Maykl to‘satdan paydo bo‘lishini hisobga olmaganda, albatta.

«Yuventus»ning uslubi «Everton»nikiga o‘xshash. Turinliklar himoyachi Duglas Kostaning kelishini quyidagicha tasvirlashdi: skripkaning jalb etuvchi sadolari ostida ekranda «Yuventus Stedium» paydo bo‘ldi. Asta-sekin kameralar jamoaning yechinish xonasiga qaratildi va bo‘m-bo‘sh shkaf «Bavariya»dan tashrif buyurgan Kostaga tegishli ekani oydinlashdi.

«Betis» safidan joy olgan Andres Guardado o‘z taqdimot marosimida bokschilarga xos harakatlari bilan Meksika o‘g‘loni ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi.

Taajjubki, yirik transferlarning aksariyati dabdabalarsiz, kamtarona tarzda e’lon qilinmoqda. Misol uchun, «Milan» Hoqon Chalxanogluning tibbiy ko‘rik jarayoni va shartnomaga imzo chekayotgani aks etgan lavhani ko‘rsatish bilan kifoyalandi. «Man.Siti» esa o‘z tarixidagi eng qimmatbaho himoyachilaridan biri - Kayl Uokerni jamoa futbolkasidagi fotosurati bilan taqdim etib qo‘ya qoldi.

Lekin hatto FIFAdagilarning ko‘pchiligiga tanish bo‘lmagan «Yovil Taun» (Angliya 4-divizioni) o‘tkazgan taqdimot barchani lol qoldirdi - jamoa «Sautgempton» hujumchisi Olufela Olomalani shundoqqina o‘yin payti sotib oldi! Mablag‘ oz bo‘lishi mumkin, ammo kamera hammada bor.

Darvozabon Styuart Teylorning yangi shartnoma ostidagi imzosini maxsus xizmat vakillariga topshirish orqali «avliyolar» videotaqdimotlarga tanqidiy ko‘z bilan qarashni ham unutmadilar. Axir 36 yoshli posbon o‘tgan yili kelgan bo‘lsada, biror marta ham maydonga tushmagandi. Shunaqa futbolchilarga pul sarflashni qanday tushunish mumkin?

«Inter»ni 2016 yil noyabrda tark etgan Frank de Bur iyun oyida «Kristal Pelas»ni qabul qilib oldi. Londonning janubiy hududi sharafini himoya qiluvchi bu jamoa voqeani o‘ziga xos tarzda tasvirlashga intilib, nigohini... Vatikanga qaratdi.

Mo‘’jazgina restoran mo‘risidan chiqayotgan oq tutun jamoa bosh­qaruvida jiddiy o‘zgarish yuz berganini anglatardi. Mazkur kelishuv avvaldan ma’lum bo‘lgani bois, muxlislar e’tiborini jalb etishga boshqa yo‘l qolmadi.

«Roma» «Beshiktosh»dan xarid qilingan Under Jengizni AQSHdagi safar chog‘ida muxlislarga «ko‘z-ko‘z» qildi. 13,4 mln. yevrolik turk futbolchisi taqdimotidan olinadigan «Oltin malina»ning qiymati qishda ma’lum bo‘ladi. Xullas, izlagan imkon topadi, izlamagan esa bahona!

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:33, 05.08.2017.
O'qildi: 2609 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.