Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Durangga o‘rin yo‘q yoxud Oliy liga 17 turi haqida faktlar

Durangga o‘rin yo‘q yoxud Oliy liga 17 turi haqida faktlar

Baho:
+ | -

Oliy liganing ikkinchi davrasi ancha g‘alati boshlangandi. Ya’ni 16-tur doirasidagi naq 5ta o‘yin durang natija bilan xotima topgach, O‘zbekiston chempionati qanchalik dahshatli ko‘rinish olishini o‘ylab qolgandik.

Biroq avvalgi hafta bo‘lib o‘tgan o‘yinlardan so‘ng tasavvurimiz keskin o‘zgardi. Duranglar limiti chegaralangan ekan, shekilli, 17-turda birorta uchrashuvda murosa yo‘li tanlanmadi.

Aksincha, 8ta o‘yinning barchasida tomonlardan biri ustun keldi. Mag‘lub jamoalardan 7tasi hattoki, gol urolmagan bo‘lsa, 2ta uchrashuvda yirik hisob qayd etildi.

«Nasaf»ga oson emas...

   17-turning asosiy bahsi Buxoroda bo‘lib o‘tdi. Yana oldinga intilayotgan Ulug‘bek Baqoyev jamoasi bu safar «Nasaf»ni qabul qilib, yagona gol evaziga 3 ochko oldi. Ha, mavsum boshida buxoroliklar boshqaruviga tajribasiz sanalgan Baqoyev tayinlanganida, ko‘pchilik hayron qolgandi. Ammo yosh murabbiy ancha kuchsizlangan tarkib bilan ham o‘tgan yilgidan kam natija qayd qilmaydigan ko‘rinadi. Mana, buxoroliklar 5-o‘ringa ko‘tarilishdi. «Nasaf» aksincha, mag‘lubiyatdan so‘ng yana 2-qatorni bo‘shatib qo‘ydi. Chunki «Qo‘qon-1912» autsayder - «Obod»ni o‘z maydonida mag‘lubiyatga uchratib, ancha o‘rganib qolgan joyiga qaytdi.

  Ro‘ziqul Berdiyev jamoasining muhim ochkolarni boy bergani «Lokomotiv»ga ham qo‘l keldi. Chunonchi, safarda «So‘g‘diyona»ga qarshi maydonga tushgan «temiryo‘lchilar» ortga ishonchi g‘alaba bilan qaytishdi - 4:0. E’tiborlisi, Jizzaxda Murod Bobojonov va Marat Bikmayev galma-galiga 2tadan gol urishdi. Xususan, Maratning chempionat davomidagi gollari soni 15taga yetdi va hujumchining terma jamoamiz o‘yinlari yaqinlashgan sari yaxshi holatga kirib borayotgani quvonarli hol. Aytish joiz, «So‘g‘diyona» boshqaruvi Igor Shkviringa topshirilgach, jamoaning ruhiyati ancha ko‘tarilgandi. Biroq «Bunyodkor»ga qarshi kechgan o‘yindagi durangdan so‘ng kuzatilgan 0:4 Igor Anatolyevich oldida qilinadigan ishlar hali juda ko‘pligini ko‘rsatib qo‘ydi.

Arveladze «imzo»simi yoki...?

   O‘tgan turning eng yirik natijasi Toshkentda kuzatildi - yangilangan «Paxtakor» Vadim Abramov boshchiligida yangilanayotgan «Neftchi»ni mehmon qildiyu, sira ayamadi. 90 daqiqa davomida naq 6ta gol urildi va ularning barchasi ikkinchi bo‘limda bir tomondagi darvozaga yo‘llandi. Xullas, farg‘onaliklar 45 daqiqaga chidashdi, tanaffusdan keyin esa... Vadim Abramov esa hattoki, birinchi bo‘limdagi o‘yinga ham «nol» sifatini berdi. Uning hujumkor futbolni yoqtirishi barchaga ma’lum. Shuning barobarida qo‘l ostidagi jamoalarning kuchli raqibga qarshi o‘yinlarda himoyani unutib, ayanchli ahvolga tushib qolganini ham ko‘rganmiz. Xullas, Vadim Karlenovich shogirdlarini sustkashlikka yo‘l qo‘yganlikda ayblayotgan bo‘lsada, xohlaymizmi-yo‘q, 0:6da o‘z «imzo»si ham bor. U shuningdek, «Paxtakor» o‘yinida katta o‘zgarishni sezmaganini aytdi, ammo bu Shota Arveladze ishi samara keltira boshlaganini inkor qilolmaydi. Igor Sergeevning 2ta gol urgani xususida esa Marat Bikmayev haqida aytilgan fikrlarni takrorlash mumkin.

Yuqori to‘rtlikka intilish

   Oliy ligada yuqori 4ta o‘rin uchun alohida raqobat boshlanganiga ancha bo‘ldi. Chempionatimiz ishtirokchilari uchun Osiyo Chempionlar Ligasining 4ta yo‘llanmasi ajratilganida, «kuchli to‘rtlik» atamasini keng qo‘llash odat tusiga kirdi. Garchi ayni paytga kelib, bu kvotadan asar ham qolmagan bo‘lsa-da, yuqori to‘rtlik uchun kurash susaygani yo‘q. Turnir jadvalining ayni holatiga qarasak, 4-o‘ringa ilinish yo‘lida naq 5-6ta jamoa kurash olib bormoqda. Ularning ochkolari o‘rtasidagi farq esa atigi 4ta, xolos. To‘rtlikka kirish umididagi ishtirokchilardan biri - «Bunyodkor» o‘tgan hafta «Olmaliq»ni qabul qilib, 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Shu tariqa «qaldirg‘ochlar» hisobidagi ochkolar soni 25taga yetdi va ular 6-o‘ringa sakrashdi. «Navbahor»da ham xuddi shuncha ochko bor. Namanganliklar nisbatan kuchli «Qizilqum»ni 3:2 hisobida yengish evaziga jadvalda o‘z maydonida «Mash’al»ga yutqazgan «Metallurg»dan oldinga o‘tishdi va ochkolar bo‘yicha «Olmaliq» bilan tenglashishdi.

Bechora «Obod» nochor...

    Oliy liga musobaqa jadvali quyi qismida esa vaziyat ancha oydinlashib bormoqda. Garchi «Obod» ikkinchi davra oldidan tarqalib ketish xavfidan qutulgan bo‘lsa-da, quyi ligaga ravona bo‘lish ehtimolidan qutulmaydigan ko‘rinadi. «Obodchilar»ning sira omadlari yurishmayapti. Qo‘qon safaridan quruq qaytgan jamoa hisobida atigi 9 ochko bor. 14-o‘rindagi «So‘g‘diyona» esa bundan naq ikki baravar ko‘p ochko yiqqan. «Sho‘rtan» esa «Dinamo»ni kichik hisobda yengish evaziga xavfli hududdan biroz uzoqlashdi. Quyi ligaga tushib ketish tahlikasi ostidagi yana bir jamoa «Neftchi» 17-turdan keyin ham og‘ir ahvolda. 12 ochkoga ega farg‘onaliklar agar kelgusi turlarda vaziyatni tezda ijobiy tomonga burishmasa, kech bo‘lishi mumkin. Umuman, hozirgi holatda «Neftchi» «pley-off» bahsida birinchi liga vakiliga qarshi maydonga tushish uchun bosh nomzoddek ko‘rinmoqda.

Tur qahramoni - Tiago Bezerra

     Oliy liga o‘yinlariga kirishgani hamono qahramonlik ko‘rsatish oson emas. Ammo braziliyalik Tiago Bezerra bu ish uddasidan chiqdi. Bu o‘rinda gap futbolchining 2ta gol urganida ham emas. «Paxtakor» uning gollarisiz ham «Neftchi»ni yirik hisobda yutardi, ehtimol. Masalan, Igor Sergeev gol masalasidagi taqchillikdan so‘ng «dubl»ga erishdi. Ammo Sergeev va Bezerra natijasi o‘rtasida, ta’bir joiz bo‘lsa, ancha farq bor. Xuddi bo‘sh qolgan darvozaga to‘p yo‘llash va shu vaziyatni yaratish o‘rtasidagi kabi. Xullas, braziliyalik futbolchi 2ta golga mualliflik qilishdan tashqari, jamoasi hujumlarida faollik ko‘rsatdi. Shuni inobatga olgan holda, aynan uni qahramon sifatida e’tirof etdik.

Tur iqtiboslari

- Birinchi golda raqib futbolchisi xatosi qo‘l keldi. Aynan tezkor gol jamoani qo‘shimcha ruhlantirdi va qolgan daqiqalarda o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishda ortiqcha qiynalmadik. Andrey Miklyayev («Lokomotiv» bosh murabbiyi).

- Shogirdlarim loaqal 20 foiz imkoniyatlarini ham ishga sololmadilar. «Bunyodkor» bilan uchrashuvdan keyin jamoani xayrixohlikka boshlash va barqaror o‘yinni tiklash biroz qiyin kechmoqda. Oleg Tyulkin («Dinamo» bosh murabbiyi).

- «Paxtakor»da o‘yin bobida katta o‘zgarishni sezganim yo‘q. O‘sha-o‘sha «Paxtakor». Shunchaki, bugun biz juda sust o‘ynab, ustimizdan kulishlariga yo‘l qo‘yib berdik. Boshqa gap yo‘q. Vadim Abramov («Neftchi» bosh murabbiyi).

- Jamoamizdan ketgan futbolchilar haqida takror-takror savol berilyapti. Bunga to‘liq javob berganmiz va yana takrorlash shart emas. Gap aynan darvozabon haqida ketayotgan bo‘lsa, Sanjar Quvvatov ishonchni oqlayapti. Ro‘ziqul Berdiyev («Nasaf» bosh murabbiyi).

- Tushunarliki, 3 ochkoga  o‘z-o‘zidan erishganimiz yo‘q. Buning zamirida tinimsiz mehnat va ruhiy tayyorgarlik bor. Ulug‘bek Baqoyev («Buxoro» bosh murabbiyi).

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 20:18, 14.08.2017.
O'qildi: 4492 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.