Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Oliy liga 18-turining to‘liq sharhi

Oliy liga 18-turining to‘liq sharhi

Baho:
+ | -

Oliy ligada 18-tur o‘yinlari yakunlandi. 

Aytishlaricha, «Buxoro» rahbariyati mavsum boshida jamoa boshqaruv rulini Ulug‘bek Baqoyev emas, Vadim Abramovga topshirish haqida o‘ylagan va bu borada obdon harakat qilgan ekan.

Faqat Vadim Karlenovichning o‘zi tavsiya qilgach, Baqoyev bosh murabbiy lavozimiga tayinlangan. O‘sha vaqt hech kim «Buxoro»ning 18-turdan so‘ng turnir jadvali 2-o‘rniga ko‘tarilib olishini tasavvur qilmagan bo‘lsa kerak.

Axir yosh murabbiyga tayanish katta tavakkal demakdir. Shuning barobarida «Tavakkal ish tutmagan daryodan kechib o‘tolmaydi» qabilida gap ham yo‘q emas...

«Buxoro» - 2-pog‘onada!

Oliy liganing 18-turi kutilmagan natijalarga boy bo‘lganini aytish qiyin. «Dinamo»ning o‘z maydonida «Paxtakor» bilan durangga imzo chekkanini aytmaganda, boshqa uchrashuvlar mantiqan kutilgan hisoblarni taqdim etdi. Hattoki, «Nasaf»ning Qarshida «Bunyodkor»ga yutqazganini ham ma’lum darajada izohlash mumkin. Harqalay, Mirjalol Qosimov «qaldirg‘ochlar» boshqaruviga qaytgach, jamoa yetakchilarga qarshi o‘yinlarda hozircha salbiy natija qayd etgani yo‘q. Masalan, birinchi davra doirasida «Nasaf»ga qarshi kechgan bahsda ham g‘alabani tantana qilgandi - 3:2. Mana, chempionat hisobidan ikkinchi to‘qnashuv ham «Bunyodkor» foydasiga hal bo‘ldi. Farqi bitta, bu safar 3 ochko olish uchun pozisiyasi o‘zgargan Otabek Shukurovning penaltidan urgan yagona goli kifoya qildi. Esingizdadir, «qaldirg‘ochlar» avvalgi turda aynan Otabekning birgina aniq zarbasi evaziga «Olmaliq»ni yengishgandi.

Yetakchilardan yana biri - «Qo‘qon-1912» ham qimmatli ochkolarni boy berdi. No‘’mon Hasanov jamoasi safarda «Qizilqum»ga 1:3 hisobida yutqazdi va bu natija balki mantiqan to‘g‘ridir. Zero, qo‘qonliklar shundoq ham bir bosh baland sakrashga ulgurishdi. Binobarin, bir yil oldin oliy ligada zo‘rg‘a qolgan jamoa uchun kuchli uchlikda turishning o‘zi katta natija. Demak, «Qo‘qon-1912» muxlislari Navoiydagi mag‘lubiyatni yurakka juda yaqin olmasliklari lozim.

«Paxtakor» esa «Dinamo»ga qarshi safar o‘yinida hattoki, mag‘lubiyatga uchrashi hech gap emasdi. Maydonda ancha jiddiy kurash bordi. O‘zi «dinamochilar» bu yil «Paxtakor» uchun noqulay raqibga aylanishdi. Eslang, samarqandliklar chempionat boshida poytaxtda g‘alaba qozonib, ilk «sensasiya»lardan birini taqdim etishgandi. Bu safar ham «Dinamo» biroz xavfliroq ko‘rindi, ammo hisob ochilmadi.

Shu natijalar ta’siridami, «Buxoro»ning 2-o‘ringa ko‘tarilganini ko‘pchilik sezmay ham qoldi. Buxoroliklar «Obod»maydonidan 3:2 ko‘rinishidagi g‘alaba bilan qaytishdi. Uchrashuv ancha qiziqarli tus oldi, ammo «Obod»ga biroz omad va qat’iyat yetishmadi. Natijada «Buxoro» joriy mavsum ilk bora peshqadam ortiga joylashdi. Aftidan, bu yil asosiy kurash kumush medal uchun kechadi, shekilli. Qarang, ayni payt musobaqa jadvalida 2-qatorni egallab turgan «Buxoro» va 8-o‘rindagi «Mash’al» o‘rtasida uch ochkolik farq bor, xolos. Karvonboshi - «Lokomotiv» va boshqalarni ajratib turgan ochkolar miqdorini esa aytishga ham qo‘rqadi kishi...

«Lokomotiv» chempion (mi?)

18-turning eng ahamiyatli natijalaridan biri «Metallurg» - «Lokomotiv» bahsida qayd etildi. Umuman, bu uchrashuv haqida istagancha gapirish mumkin. Eng avvalo, bekobodliklar nominal mezbonsanalishsada, uchrashuv «Lokomotiv» stadionida bo‘lib o‘tganini aytish lozim. Futbol olami har doim ham bunday ajoyibotni ko‘ravermasa kerak. Oliy ligamiz uchun esa bunaqa g‘aroyibot oddiy holdek... Xullas, «Metallurg» Toshkentda mezbonlik qilgan o‘yinda «mehmon» jamoa 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Bu natijadan so‘ng «temiryo‘lchilar» o‘z ochkolari sonini 42taga yetkazib, eng yaqin ta’qibchidan naq 12 ochko oldinlab ketishdi. Mavsum finishiga 12ta tur qolganini inobatga olsak, «Lokomotiv»ning chempionlikdan mosuvo bo‘lishi uchun o‘rtacha hisobda har 3ta o‘yindan bittasida mag‘lubiyatga uchrashi talab etiladi. Andrey Miklyayev va Mirko Yelichich shogirdlari bunday ustunlikni boy beradigan darajada sodda bo‘lmasalar kerak-ov. Shunday ekan, aftidan, «jo‘jani kuzga qoldirmay sanab qo‘yamiz», shekilli...

Autsayderlar, ahvol qanday?

«Obod»ning navbatdagi mag‘lubiyati oliy ligada qolish uchun kurashayotgan jamoalar taqdiriga ancha oydinlik kiritib berishi mumkin edi. Ayni payt poytaxtliklar hisobida 9tagina ochko bor va endi ularga hech narsa yordam berolmasa kerak. Ammo «Obod»ning turnir jadvalidagi qo‘shnilaridan hech biri bu turda g‘alaba ko‘chasiga kirmaganini ham aytish joiz. Shu bois, hozircha autsayderlar masalasini ochiq qoldirishga to‘g‘ri keladi. Xullas, o‘tgan hafta quyi pog‘onalardagi jamoalar orasida birgina «Neftchi» ochko oldi. Ya’ni Vadim Abramov shogirdlari o‘z maydonlarida «Navbahor» bilan durang qayd etib, hisoblariga «qimmatbaho» ochko yozib qo‘yishdi. Qolgan autsayderlar esa sinxron ravishda mag‘lubiyatni tan olishdi. Deylik, «Sho‘rtan» Muborakda «Mash’al»ga aytarli qarshilik ko‘rsatolmadi - 0:4. «So‘g‘diyona» esa Olmaliqda harchand urinmasin, Igor Shkvirinning sobiq jamoasi oldida ojiz qoldi - 1:2. Xullas, bu uchrashuv birinchi navbatda, Igor Anatolyevichning «Olmaliq»qa raqib sifatida gavdalangani bilan yodda qoldi. Ammo murabbiy uchun prinsipial xarakter kasb etgan uchrashuvda shogirdlari mag‘lubiyat alamini totib ko‘rishdi.

Tur qahramoni - «Buxoro»

«Buxoro» avvalgi mavsum eng katta byudjetga ega klublardan biri bo‘lgandi. Ammo jamoa yetarlidan ko‘p mablag‘ sarflab ham, kuchli uchlikka kirolmagan, ya’ni 4-o‘rin bilan kifoyalangandi. Joriy mavsum boshida esa jamoa boshqacha yo‘l tanlab, nisbatan tejamkorlik qildi. Shu boismi, buxoroliklarning quyi o‘rinlarda qolib ketishlari taxmin qilingandi. Ammo «Buxoro»nafaqat autsayderga aylanmadi, balki 18-turdan so‘ng chempionatning ikkinchi jamoasi bo‘lib oldi. Shuning o‘zi Ulug‘bek Baqoyev boshqaruvidagi klubni hafta qahramoni sifatida tan olish uchun yetarlidir...

Tur iqtiboslari

- Mag‘lubiyatga uchradikmi, bunda barchamiz birdek aybdormiz. Gennadiy Kochnev («Sho‘rtan» murabbiyi).

- «Mash’al» oldida jiddiy maqsad yo‘q, ochkolarni esa kuzda sanaymiz. Aleksandr Xomyakov («Mash’al» bosh murabbiyi).

- Futbolchilarni qaysi jihat xususida ogohlantirgan bo‘lsak, xuddi shu holatlarga e’tiborsiz qarashdi, go‘yo. Igor Shkvirin («So‘g‘diyona» bosh murabbiyi).

- O‘yindan oldin durangga 2 ochko yo‘qotish sifatida qarardim. Endi esa voqealar rivojini nazarda tutib, 1 ochko olganimizni ta’kidlayman. Shota Arveladze («Paxtakor» bosh murabbiyi).

- Uchib ketayotgan samolyotni to‘xtatib, ta’mirlashning iloji yo‘q, uni avval yerga qo‘ndirish kerak. Tanaffus biz uchun yerga qo‘nish vaqti bo‘ladi va o‘z kamchiliklarimizni bilib olamiz. Andrey Demchenko («Obod» bosh murabbiyi).

«METALLURG» - «LOKOMOTIV» - 1:2 (0:1)

Toshkent. 18 avgust. 522 tomoshabin.

Hakamlar: H.Ro‘ziyev (Toshkent) - 8,5; O.Abduvasilov (Toshkent) - 8,5; S.SHoyusupov (Toshkent) - 8,5; O.To‘ychiboyev (Farg‘ona) - 9,0.

Gollar: I.Isoqjonov (90Q1) - O.Zoteev (28), M.Bikmayev (51).

«Metallurg»: 1. Z.Safoyev, 2. A.Husinov, 4. H.Hoshimov (14. D.Karimkulov, 63), 7. D.Odilov, 8. A.No‘’monov, 11. M.Toshmatov (13. S.Qodirqulov, 73), 15. Z.Abdullayev (38. M.Sultonov, 84), 17. M.Sulaymonov, 19. A.Ziyovuddinov, 22. I.Isoqjonov, 70. J.Abdumo‘minov.

«Lokomotiv»: 1. I.Nesterov, 5. K.Maxaradze, 9. I.Aliboyev, 10. M.Bikmayev (19. O.Blessing, 89), 15. S.Mirzayev, 18. T.Kapadze (55. S.SHoahmedov, 68), 20. I.To‘xtaxo‘jayev, 22. M.Bobojonov (99. M.Masharipov, 66), 28. SH.Muhammadiyev, 33. O.Zoteev, 42. M.Kone.

Ogohlantirishlar: D.Odilov (26), J.Abdumo‘minov (70, M.).

Eng yaxshi o‘yinchilar: Z.Abdullayev - M.Bikmayev.

Nazoratchi: O.Dachev (Toshkent).

Komissar: V.Lyotkin.

Andrey Miklyayev («Lokomotiv» bosh murabbiyi): - Yaxshi o‘yin ko‘rdik. Natijadan qoniqdik, chunonchi, kichik tanaffusga g‘alaba bilan chiqyapmiz. Ha, so‘nggi daqiqalar bizni hayajonga soldi. Vaziyatlardan foydalanish darajasini oshirishimiz kerak. Gol qo‘yib yuborgach, negadir biroz asabiylashdik. Muhimi, 2:1 hisobida g‘alaba qozondik, demak, 3 ochko cho‘ntakda. Yigitlarga rahmat. 

Rustam Mirsodiqov («Metallurg» bosh murabbiyi): - Gol urilguniga qadar shogirdlarim biroz hayiqib o‘ynashdi. Futbolda «Sen urmasang, senga urishadi» tushunchasi bor. Mana, ko‘plab vaziyatlar yaratdik, ammo gol urolmadik. Raqib esa hisobni ochdi va xotirjam to‘p surdi. Agar g‘alaba qozonganimizda, o‘yindan qoniqqan bo‘lardim. Yutqazdikmi, demak, qayerdadir kamchiliklarga yo‘l qo‘yganmiz...

--------------------------------------------------------------------------------------------

«NASAF» - «BUNYODKOR» - 0:1 (0:1)

Qarshi. 18 avgust. 8517 tomoshabin.

Hakamlar: Z.Qodirov (Navoiy) - 8,8; O.Jumayev (Navoiy) - 8,8; R.Samandarov (Navoiy) - 8,8; SH.Rajabov (Buxoro) - 9,0.

Gol: O.SHukurov (34-pen.).

«Nasaf»: 35. S.Quvvatov, 2. A.SHorahmedov, 6. A.G‘aniyev (45. B.Abduxoliqov, 79), 7. O.Hamrobekov, 15. SH.Erkinov (20. I.Kenjaboyev, 57), 18. B.Abdurahimov, 22, I.Golban, 34. F. Sayfiyev, 69. D.CHeran, 77. J.Hasanov (14. SH.Muhiddinov, 70), 92. U.Eshmurodov.

«Bunyodkor»: 32. S.Sultonov, 3. I.Qobilov, 4. A.Komilov, 6. A.G‘ofurov, 8. J.Ibrohimov, 9. SH.Nurmatov (11. V.CHemirtan, 62), 17. D.Hamdamov (30. X.G‘iyosov, 82), 21. D.Ahmadaliyev, 22. SH.Gadoyev, 29. O.SHukurov, 44. M.Qosimov (28. D.Umirov, 68).

Ogohlantirishlar: A.G‘aniyev (33), SH.Erkinov (43) - SH.Gadoyev (19), J.Ibrohimov (32), A.Komilov (43), O.SHukurov (89).

Eng yaxshi o‘yinchilar: A.SHorahmedov - O.SHukurov.

Nazoratchi: S.Najafaliyev (Toshkent).

Komissar: B.Haydarov.

Mirjalol Qosimov («Bunyodkor» bosh murabbiyi): - Bir-biriga munosib ikki jamoa ishtirokidagi ajoyib o‘yin guvohiga aylandik. Maydonda asabiy ruh sezilib turganini ta’kidlashim joiz. O‘zi «Nasaf» maydonida o‘ynash hamisha og‘ir. Shunga qaramay, yigitlar bor imkoniyatni ishga solib, harakat qilishdi va 3 ochko oldik. Ikkinchi bo‘limda yuzaga kelgan vaziyatda Chemirtan gol urganida, o‘yin balki bunchalik asabiy kechmasmidi? «Nasaf» haqida yaxshi fikrlar aytishim mumkin. Tarkibida kuchli futbolchilar bor. Murabbiy shogirdlariga doimo imkon beradi. Bunday holatda har qanday futbolchi o‘zini ko‘rsatishi kerak. Ba’zan omad ham kerak, albatta.

Eldor Shomurodov haqida nima deyishim mumkin? Unga faqat omad tilayman. Maydonga kam tushayotganiga kelsak, o‘ylashimcha, murabbiy salohiyatini yaxshi o‘rgansa, unga ko‘proq imkoniyat beradi, albatta. Bunga ozroq vaqt kerak.

Ro‘ziqul Berdiyev («Nasaf» bosh murabbiyi): - Jamoamiz ikki bo‘limda turlicha o‘yin namoyish etdi. Eng yomoni, yaratilgan vaziyatlardan foydalanolmadik. Qolaversa, «Bunyodkor» yaxshi himoyalandi. Yana bugun omad ham bizdan yuz o‘girdi. Hattoki, bir metrdan ham to‘pni darvoza ichiga kiritolmadik. Ammo yigitlarga e’tirozim yo‘q. Ular g‘alaba uchun maydonga tushishgandi. Ammo gol urmasdan ijobiy natijaga erishish mumkin emas. Endi mag‘lubiyatlardan kerakli xulosa chiqarsak, bas. Zero, hozirgi ruhiy holatdan tezroq chiqib ketishimiz kerak. Demak, bor e’tibor shunga qaratiladi.

-----------------------------------------------------------------------

«DINAMO» - «PAXTAKOR» - 0:0

Samarqand. 18 avgust. 1355 tomoshabin.

Hakamlar: R.Ermatov (Toshkent) - 9,0; A.Rasulov (Toshkent) - 9,0; J.Saidov (Toshkent) - 9,0; K.Rasulov (Qarshi) - 9,0.

«Dinamo»: 27. T.Jo‘rayev, 6. A.Bozorov, 8. J.Azimov, 9. S.Sulaymonov (11. A.Abdullayev, 82), 14. R.Rogak, 15. SH.Xolmatov, 17. A.Nikolayev, 19. O.Mamajonov (50. F.Tojiyev, 65), 20. A.Safarov (70. M.Isayev, 26), 28. A.Oraxovas, 90. D.Ismoilov.

«Paxtakor»: 12. A.Lobanov, 7. A.Ahmedov, 8. SH.Karimov (27. D.Ibrohimov, 82), 10. J.Iskanderov (71. Z.O‘rinboyev, 86), 11. I.Sergeev, 24. D.Hoshimov, 24. V.Kozak, 52. G.Kanyuk (80. R.Griffits, 63), 55. M.Simich, 70. SH.A’zamov, 77. T.Bezerra.

Ogohlantirishlar: F.Tojiyev (81), SH.Xolmatov (87) - M.Simich (38), R.Griffits (71), D.Hoshimov (74).

Eng yaxshi o‘yinchilar: J.Azimov - A.Lobanov.

Nazoratchi: D.Roman (Toshkent).

Komissar: A.Frolov.

Shota Arveladze («Paxtakor» bosh murabbiyi): - Avvalo, «Dinamo» o‘yinini e’tirof etishim kerak. Mezbonlar jiddiy qarshilik ko‘rsatib, bizni ancha ter to‘kishga majbur qilishdi. Shogirdlarim esa gohida o‘z o‘yinlarini ko‘rsatolmayaptilar. Umuman, har bir ochko uchun jiddiy kurash olib borishimizga to‘g‘ri kelyapti. Bugungi o‘yinimiz yoqdimi yoki yo‘q? Bilmadim, bilganim shuki, shogirdlarim oxirigacha kurashishdi. Ya’ni butun 90 daqiqa tinim bilishmadi. Lekin bu standart o‘yinimiz emas, harqalay, yigitlardan har hafta boshqacha futbol talab qilaman. Xulosa bitta - o‘yinimizni   hali yaxshilashimiz lozim.

- «Dinamo»dan qanday o‘yin kutgandingiz?

- Raqibning agressiv futbolga tayanib, qarshi hujumlarga e’tibor qaratishini taxmin qilgandim. Chunki tarkibida tezkor hujumchilar bor. «Dinamo» meni hayratlantirdimi? Yo‘q. Ko‘proq «Paxtakor» hayratga soldi. Deylik, birinchi bo‘limda har ikkinchi uzatma uchun kurashda «Dinamo»ga yutqazdik. Umuman, to‘pga birinchi bo‘lib ega chiqish masalasida oqsadik. Aynan shu tufayli o‘yinimizda muammolar yuzaga keldi.

- 2 ochko yo‘qotildimi yoki 1 ochko olindi?

- Bu savol o‘yindan oldin berilganida, durang 2 ochko yo‘qotganimizni anglatishini ta’kidlardim. Ammo voqealar rivojidan kelib chiqsak, bugun 1 ochko oldik.

- Shota, Samarqandga ilk tashrifdan taassurotlaringiz qanday?

- Chindan ham, ajoyib shahar. Afsuski, vaqt tig‘izligi bois, diqqatga sazovor joylarga borib, bemalol sayr qilolmadim. Umid qilamanki, menda hali yana Samarqandga kelish va shahar bilan tanishish imkoniyati bo‘ladi.

Oleg Tyulkin («Dinamo» bosh murabbiyi): - Mardonavor kurash va ochiq futbol guvohiga aylandik. Bunday o‘yin har qanday muxlisga yoqadi. Bugun har bir futbolchi maydonda o‘zini ham, raqibini ham ayamadi, oxirigacha kurashdi. E’tibor bering, oldingi mag‘lubiyatimizga qaramay, stadionga qancha muxlis keldi! Samarqand ahli bizga ishonayotgani uchun ham maydonda bor kuch va imkoniyatimizni ishga soldik. Muxlislarga jamoamizni ajoyib tarzda qo‘llab-quvvatlashgani uchun alohida rahmat.

- Xo‘sh, bugun 1 ochko qo‘lga kiritildimi yoki 2 ochko yo‘qotildi?

- Shubhasiz, 2 ochko yo‘qotdik. Chunki «Paxtakor»dan ko‘ra, «Dinamo» g‘alabaga yaqin edi. Ko‘rdinglar, mehmonlar aytarli vaziyatga ega bo‘lishmadi, yigitlarimiz kuchli pressing qo‘llab, himoyada tartibli harakatlanishdi. Agar birinchi bo‘limda Amirjon Safarov va Sardor Sulaymonov ajoyib imkoniyatlardan foydalanishganida, «Paxtakor»ni mag‘lubiyatga uchratardik. Ammo o‘sha vaziyatlarda mehmonlarni Lobanov qutqardi. Lekin durang uchun ham shogirdlarimizga katta rahmat. Ular ko‘rsatmalarni to‘g‘ri bajarishdi. Xullas, bugun «Paxtakor» emas, «Dinamo» 2 ochko yo‘qotdi.

- Ha, «Dinamo» ajoyib o‘yin namoyish etdi. Muhim ochkolar yo‘qotilgan «Metallurg» va «Sho‘rtan»ga qarshi oldingi 2ta o‘yinda shunday harakatlanishga nima to‘sqinlik qilgandi?

- Bilasiz, ikkinchi davra oldidan safimizga 4 nafar yangi futbolchi qo‘shildi. Shu bois, optimal tarkibni aniqlab olishimiz qiyin kechdi.

- Farhod Tojiyev Samarqandda oldin ham o‘ynagan bo‘lsada, uning jamoaga moslashishi og‘ir kechayotgandek...

- Farhod tajribali futbolchi va jamoaga yordami tegadi. Bugun ikkinchi bo‘limda maydonga tushib, ko‘rsatmalarni aniq bajardi. Ishonchim komil, u tobora o‘yinimizga moslashib, o‘z so‘zini aytadi, albatta.

- Amirjon Safarov jarohatlanib, maydonni erta tark etdi. Uning holati qanday?

- Uning oldingi jarohati qaytalandi, shekilli. Hozircha aniq ma’lumot yo‘q. Hammasi tibbiy ko‘rikdan keyin ma’lum bo‘ladi. Umid qilamanki, Amirjonning jarohati jiddiy emas. U keyingi o‘yingacha safga qaytishi kerak. Shuningdek, Saidjamol Davlatjonov ham «Navbahor»ga qarshi bahsga qadar safga qo‘shiladi.

- «Dinamo»ni oldinda «Navbahor», «Qo‘qon-1912» va «Buxoro»ga qarshi murakkab o‘yinlar kutib turibdi. «Paxtakor» bilan namoyish etilgan futbol sifatidan kelib chiqsak, bugun optimal tarkibni ko‘rdikmi?

- Yo‘q, bunday deyishga hali erta. 18talik ro‘yxatga kirgan har bir futbolchimiz asosiy tarkibga kirish uchun loyiq. Demak, o‘yin vaqti kim yaxshiroq tayyorgarlikka ega bo‘lsa, u maydonga tushadi. Xullas, optimal tarkibni shakllantirishda davom etamiz.

- «Dinamo»ning standart vaziyatlardan foydalanish koeffisiyenti juda pastligicha qolmoqda. Mashg‘ulotlarda bu borada ish olib borilyaptimi?

- To‘g‘ri aytdingiz, standart vaziyatlardan foydalanish bobida oqsayapmiz. Mashg‘ulotlarda buning ustida alohida shug‘ullansakda, negadir natijasi ko‘rinmayapti. Shunday ekan, xato va kamchiliklar bo‘yicha ishlashni susaytirmaymiz.

------------------------------------------------------------------------

 «NEFTCHI» - «NAVBAHOR» - 1:1 (1:1)

19 avgust. Farg‘ona. 6903 tomoshabin.

Hakamlar: V.Seytlin (Toshkent) - 9,0; A.Sapenko (Toshkent vil.) - 8,1; A.Burov (Buxoro) - 8,5; J.Muxtorov (Toshkent) - 7,0.

Gollar: M.Mamazulunov (29) - R.Ahmedov (41).

«Neftchi»: 1. O‘.YUsupov, 3. D.Tursunov, 4. K.Kapadze, 10. M.Mamazulunov (99. O.Haydarov, 76), 17. M.Muzaffarov, 19. J.Hasanov, 23. A.Abdulhaqov (70. M.Saidov, 62), 24. A.Isroilov, 32. M.To‘ychiboyev, 34. I.Rahimov, 71. A.SHog‘ulomov (20. D.Ermatov, 64).

«Navbahor»: 30. A.Omonov, 5. G‘.Komilov, 7. O.Qilichev, 9. D.Jabborov, 19. M.G‘ofurov, 21. A.Aliyev, 22. R.Ahmedov (18. D.Usmonov, 75), 24. S.Azimov (17. I.Boydedayev, 66), 32. J.Mehmonov, 44. D.Stanoyevich, 70. A.Maxstaliyev (84. N.Yovanovich, 65).

Ogohlantirishlar: A.Abdulhaqov (25) - A.Maxstaliyev (17).

Eng yaxshi o‘yinchilar: M.Mamazulunov - O.Qilichev.

Nazoratchi: A.Popov (Toshkent).

Komissar: R.CHernikov.

Ilhom Mo‘minjonov («Navbahor» bosh murabbiyi): - Guvoh bo‘ldinglar, o‘yin derbi maqomiga mos tushdi. Natija ham maydondagi kurashga mos. Safarda to‘p surgan bo‘lsakda, muxlislar daldalarini yaqqol his qildik. Buning uchun ortimizdan Farg‘onaga kelgan muxlislarga rahmat. O‘yin davomida har qanday holat ro‘y berishi mumkin. Misol uchun, kuchli sanalgan yevrofutbolda ham bir sur’at kuzatilavermaydi. Deylik, birinchi bo‘limda faol harakatlangan jamoa tanaffusdan keyin umuman boshqacha o‘yin ko‘rsatishi mumkin. Farg‘onaliklar hisobni ochishgach, natijani saqlab qolishga urinishdi. Harqalay, tayanch yarim himoyachisi Isroilov orqaroqqa o‘tgach, «Neftchi» 5 nafar himoyachi bilan o‘ynadi. Shunga qaramay, javob goli urishni uddaladik. Ikkinchi bo‘limda darvozalar oldida yaqqol xavfli vaziyat kuzatilmadi, hisob. Ha, Maxstaliyev va Usmonov, shuningdek, mezbonlar safida zaxiradan safga qo‘shilgan Haydarovda imkoniyat tug‘ildi, lekin ular chin ma’noda xavfli emasdi. Oxirgi 10 daqiqada omad biz tomonda bo‘lganini tan olaman. Chunonchi, darvozabonimizning qo‘pol xatolaridan keyin mezbonlar 2ta gol urishlari mumkin edi. 

Hozir Ro‘zimboy Ahmedov ajoyib sport formasida. U «Qizilqum»ga qarshi uchrashuvda gol urish barobarida yaxshi o‘yin namoyish etdi. Shuni hisobga olib, Yovanovichni zaxirada qoldirdim. Nemanya ham asosiy o‘yinchilarimizdan biri. Hujumda raqobat bor ekan, kim gol urib, samara keltirsa, uni asosiy tarkibda maydonga tushiraman. Mana, Yovanovich zaxiradan safga qo‘shilib, o‘yinni kuchaytirdi. Ahmedov esa 2ta uchrashuvda shuncha gol urib, yaxshi sport formasida ekanligini isbotladi.  

Vadim Abramov («Neftchi» bosh murabbiyi): - Xavfli vaziyatlarga boy o‘yin. Afsuski, imkoniyatlardan yetarli darajada foydalanolmadik. Yigitlar harakatidan qoniqdim - ular oxirigacha kurashishdi. To‘g‘ri, xatolar ham kuzatildi. Afsuski, g‘alaba qozonolmadik, ammo durang ham - natija. Uchrashuv davomida raqibga moslashib harakatlanishga intildik. Har bir o‘yin oldidan futbolchilarga kerakli ko‘rsatmalar beryapman. Yigitlar o‘yinga munosabat va e’tiborni yanada kuchaytirishlarini istardim. Hozir qiyin holatdamiz va yigitlarda bosim yo‘q emas. Bunday sharoitda kuchli jamoalar ham vaziyatdan chiqib ketishda qiyinchiliklarga duch kelishadi. Deylik, Toshkentdagi yig‘in chog‘i shogirdlarim boshqacha futbol namoyish etishgandi. Biroq endi o‘z imkoniyatlarini to‘liq ishga sololmayaptilar. Ochig‘i, muxlislar qarshisida o‘ynash ham mushkul. Stadiondagi bunday muhitda his-hayajonni jilovlash oson emas. Muammolarimiz bor va ular ustida ishlash va intilishda davom etamiz.

-----------------------------------------------------------------------

«QIZILQUM» -«QO‘QON-1912» - 3:1 (3:1)

19 avgust. Navoiy. 6501 tomoshabin.

Hakamlar: O.Tolibjonov (Toshkent) - 8,5; T.Galeev (Toshkent) - 8,6; A.Po‘latov (Toshkent) - 8,4; A.SHukurullayev (Toshkent) - 9,0.

Gollar: S.SHodmonov (33), O.Zokirov (37), G‘.Jumayev (40) - D.Gojkovich (13).

«Qizilqum»: 55. E.Jabborov, 3. SH.Po‘latov, 4. E.Boydullayev, 9. O.Zokirov, 14. F.Qambarov, 17. A.Gevorkyan, 18. S.SHodmonov (6. I.Komilov, 88), 20. G‘.Jumayev, 23. SH.Jo‘rayev, 27. I.YUnusov, 89. O.Isroilov (93. M.YUrku, 69).

«Qo‘qon-1912»: 13. N.Ribkin (12. A.Ashurov, 46), 7. J.Hasanov (98. X.Avilov, 46), 10. J.Siddiqov, 14. D.Hasanov, 19. S.Berdiyev (11. A.Sidorov, 73), 23. A.Merzlyakov, 26. A.Xolmurodov, 55. D.Gojkovich, 70. Q.Ro‘ziyev, 77. M.Xolmuhammedov, 99. F.Rayevas.

Ogohlantirishlar: G‘.Jumayev (7) - A.Xolmurodov (57).

Eng yaxshi o‘yinchilar: O.Zokirov - J.Siddiqov.

Nazoratchi: A.Abdullayev (Toshkent).

Komissar: B.Mametov.

No‘’mon Hasanov («Qo‘qon-1912» bosh murabbiyi): - Bugun muxlislar ochiq futbol ko‘rishdi. Ikkinchi bo‘limda vaziyatni o‘zgartirishga harakat qildik, ammo... Aslida o‘yinni yaxshi boshladik. Lekin «Qizilqum»ning tajribali o‘yinchilari birinchi bo‘lim oxirida 3ta gol urib, barchasini o‘zgartirishdi. Afsuski, keyingi ko‘plab hujumlardan samara chiqarolmadik. Darvozabonni nega almashtirdim? Chunki gol qo‘yib yuborilgan vaziyatlarda ishonchli harakat qilmadi, ayniqsa, uchinchisida aybi bor. Ikkinchi davrada 2ta mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsak-da, hali hammasi oldinda. Ishonamanki, keyingi uchrashuvlarda muxlislarimizni quvontiramiz. Rayevasga kelsak, u oxirgi o‘yinlarda ishonchni oqlolmayapti. Xususan, bugun ham kutilgan darajada o‘yin namoyish etolmadi.

Hamidjon Aktamov («Qizilqum» bosh murabbiyi): - Maydonga g‘alabani ko‘zlab tushgan edik va maqsadga erishdik. Hisobni garchi mehmonlar ochgan bo‘lishsada, keyinchalik tashabbusni qo‘lga olib, ketma-ket 3ta gol urdik. O‘sha lahzalarda qo‘qonliklar bo‘sh harakatlanishdi. Mehmonlardan Javohir Siddiqovning o‘yinini alohida e’tirof etishim joiz. U butun 90 daqiqa davomida faolligi bilan ajralib turdi. Keyingi turda prinsipial raqib - «Buxoro» bilan kuch sinashamiz va albatta, ijobiy natija uchun kurashamiz.

------------------------------------------------------------------------

«MASH’AL» - «SHO‘RTAN» - 4:0 (1:0)

19 avgust. Muborak. 1823 tomoshabin.

Hakamlar: V.Serazetdinov (Toshkent) - 8,5; R.Nugmanov (Toshkent) - 8,6; B.Bahromov (Toshkent) - 8,6; D.Karimov (Toshkent) - 9,0.

Gollar: H.Murtazoyev (16, 70), I.SHoyqulov (58), K.To‘rayev (66-pen.).

«Mash’al»: 35. J.Ilyosov, 2. I.SHoyqulov, 6. S.Abduraimov, 10. H.Murtazoyev, 13. SH.SHaymanov, 18. A.SHodmonov, 19. Z.Qo‘ziboyev (8. M.Kamolov, 46), 23. K.To‘rayev (90. Z.To‘rayev, 73), 27. N.Pavlenko, 55. A.Agaliyev, 77. A.Olimov (11. T.Muramasu, 78).

«Sho‘rtan»: 25. A.Turobov, 4. J.Otaqulov, 7. O.Karimov (20. SH.Xursanov, 69), 9. I.Taran (17. G‘.Rahmonov, 58), 12. L.Ubaydullayev, 15. O.Jo‘raboyev, 18. E.Boymatov, 38. S.Mamadaliyev, 76. A.Omonov (99. M.Safarov, 24), 77. O.Narzullayev, 85. R.Melzitdinov.

Ogohlantirishlar: R.Melzitdinov (49), O.Karimov (68), J.Otaqulov (89, SH.).

Eng yaxshi o‘yinchilar: H.Murtazoyev - J.Otaqulov.

Nazoratchi: SH.Jumayev (Qarshi).

Komissar: G.Rtveladze.

Gennadiy Kochnev («Sho‘rtan» murabbiyi): - Birinchi bo‘lim omadsiz keldi - o‘yinimiz qovushmadi, aksiga olib, tanaffusga chiqish arafasida yaxshi vaziyatdan gol urolmadik. Hisob 2:0ga yetgach esa futbolchilarimiz nazoratni yo‘qotib qo‘yishdi va jiddiy xatolarga yo‘l qo‘ydik. Yana nima derdim? Endi keyingi o‘yin haqida o‘ylashimiz kerak. Xullas, bugungi xatolar ustida ishlab, «Metallurg» bilan uchrashuvga jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz. Asosiysi, yigitlarni ruhan tiklasak, bas. «Mash’al»ni o‘rganmaganmidik? Yo‘q, raqib o‘yinini butun jamoa bo‘lib ko‘rib chiqqandik, shunchaki, futbolchilar negadir boshqacha o‘ynashdi. Jamoa yutqazdimi, demak, hamma aybdor, kimnidir alohida ko‘rsatishim nojoiz. Faqat aytishim kerak, yirik hisobda yengilgan bo‘lsakda, raqib darvozasini ishg‘ol qilish uchun qator imkoniyatlar yaratdik, ammo ulardan foydalanolmadik.

Aleksandr Xomyakov («Mash’al» bosh murabbiyi): - Albatta, o‘yindan ham, natijadan ham qoniqdim. Anchadan buyon muxlislarimiz ko‘z o‘ngida bunday o‘ynamagandik. Harakatlarimiz qovushib, 4ta gol urdik. O‘ylaymanki, mustaqillik bayramiga munosib sovg‘a tayyorladik. Davralar oralig‘ida tayyorgarlikka boshqacha yondashgandik. Sababi, birinchi davra oxirida jismoniy tomondan muammolar kuzatildi. Shu bois, asosiy urg‘uni jismoniy holatni tiklashga qaratdik. Yaponiyalik futbolchi safimizga yaqinda qo‘shildi. U sekin-sekin ichki muhit, tartib-qoidalar va taktikaga moslashyapti. O‘ylaymanki, Muramasu hali o‘zini ko‘rsatib, asosiy tarkibga munosibligini isbotlaydi. Jamoa oldida jiddiy maqsad yo‘q. Lekin har bir o‘yinda g‘alabani ko‘zlaymiz, asosiysi shu. Ochkolarni esa kuzda sanaganimiz ma’qul.

-----------------------------------------------------------------------

«OLMALIQ» - «SO‘G‘DIYONA» - 2:1 (2:0)

19 avgust. Olmaliq. 3825 tomoshabin.

Hakamlar: V.Kovalenko (Toshkent) - 9,0; A.Sidorov (Toshkent) - 8,6; D.Saylalov (Toshkent) - 8,6; I.Xudoydotov (Toshkent) - 9,0.

Gollar: SH.Mullajonov (2), Z.Polvonov (32) - S.Rashidov (51-pen.).

«Olmaliq»: 45. A.To‘rayev, 5. D.Jo‘rayev (88. I.Yelich, 55), 10. SH.Norbekov, 13. L.To‘rayev, 17. K.Murzoyev, 18. SH.Mullajonov, 19. I.Inomov, 23. Z.Polvonov (11. V.Klishin, 84), 55. R.Berdimurodov, 70. S.Rixsiboyev (2. A.Hojiakbarov, 73), 90. V.Kosminin.

«So‘g‘diyona»: 16. M.Abdullayev, 2. S.Qulmatov, 7. S.Rashidov, 8. S.Qobilov, 17. I.Toshpo‘latov (11. SH.Dostonov, 46), 18. Q.Bahodirov (3. A.Isroilov, 81), 27. O.Valijonov (4. E.Oripov, 74), 47. SH.Jalilov, 55. S.Qahhorov, 77. S.Eminov, 91. J.Guseynov.

Ogohlantirishlar: S.Rixsiboyev (54), K.Murzoyev (56), V.Kosminin (65) - S.Qobilov (15), J.Guseynov (65).

Eng yaxshi o‘yinchilar: Z.Polvonov - S.Rashidov.

Nazoratchi: R.Aytekov (Toshkent).

Komissar: N.Lutfulin.

 

Igor Shkvirin («So‘g‘diyona» bosh murabbiyi): - O‘yin aynan shunday kechishini futbolchilarga oldindan aytgan edik. Raqib asosan standart vaziyatlar chog‘i xavfli ekanligini inobatga olib, burchak to‘pi va jarima zarbalariga olib keladigan holatlarni iloji boricha kamaytirish, bunday holatda har bir futbolchini individual qo‘riqlash haqida ko‘rsatma bergandik. Afsuski, yigitlarimiz bu masalada oqsashdi va aynan «standart» oqibatida tezkor gol qo‘yib yubordik. Zafar Polvonovning bosh bilan yaxshi o‘ynashi, uni ko‘zdan qochirmaslik zarurligini ham uqtirgandik. Eng qizig‘i, qaysi jihat haqida ogohlantirgan bo‘lsak, futbolchilar shularga biroz e’tiborsiz qarashdi. Umuman, nazarimda, yigitlar hozircha o‘z salohiyatlariga ishonishmayapti. Mana, bugun bir marta jarima maydoniga yorib kirishdi va penalti ishlashdi.

- Sanjar Rashidov diskvalifikasiyadan so‘ng maydonga qaytdi. Uning harakatlaridan qoniqdingizmi?

- Menimcha, Sanjarning imkoniyatlari bundan-da baland. U 3ta o‘yinda jamoaga yordam berolmadi. Oraliq tanaffusni hisobga olsak, 1,5 oy maydonga tushmadi. Bugun shu narsa ham bilindi. O‘ylaymanki, u tez orada o‘z o‘yinini topadi.

Viktor Kumikov («Olmaliq» bosh murabbiyi): - 2:0 ham qaltis hisob, bejiz bunday deyilmagan. Birinchi bo‘limda o‘yinni o‘z nazoratimizda ushlab turdik, 2ta gol urdik. Qolaversa, hisobni yanada oshirishimiz mumkin edi. Tanaffusdan keyin esa bo‘sh o‘ynadik. 

Bugun legionerlardan birgina Vladislav Kosminin asosiy tarkibda maydonga tushdi, qolganlarga nima bo‘ldi?

- Musabekov betob, Yelich va Grigalashvili esa «Bunyodkor»ga qarshi kechgan avvalgi o‘yinda sust harakatlanishgandi. Mana, Yelich bugun zaxiradan maydonga tushib ham, yaxshi o‘ynolmadi. Axir legioner mahalliy yigitlardan kuchliroq ko‘rinishi kerak-ku.

- «Olmaliq»ning navbatdagi uchrashuvi qoldirildi. Qisqa tanaffus uchun qanday rejalar bor?

- Avvaliga 5 kun tog‘ hududida shug‘ullanamiz, keyin mashg‘ulotlar Toshkentda davom ettiriladi.

----------------------------------------------------------------------

«OBOD» - «BUXORO» - 2:3 (0:2)

Toshkent. 672 tomoshabin.

Hakamlar: I.Ibragimov (Nukus) - 6,9; J.Sarsenov (Nukus) - 8,6; B.Kannazarov (Nukus) - 8,3; D.Jalimov (Toshkent vil.) - 9,0.

Gollar: T.Vasilyev (48), T.Tolipov (83) - J.Qahramonov (6), S.Qutiboyev (45), R.Hasanov (78).

«Obod»: 47. SH.Eshbo‘tayev, 44. T.Vasilyev (59. M.Komilov, 79), 53. A.Komilov, 55. A.Mirzayev  (18. S.To‘raqulov, 57), 57. B.Rahimov, 58. R.A’zamov, 75. B.Usmonov, 77. T.Tolipov, 83. D.Abdurahmonov (74. G‘.O‘runov, 75), 88. E.Ravshanov, 99. O.Hakimov.

«Buxoro»: 12. A.Tursunboyev, 3. B.Omonov, 11. S.SHixov (23. Z.Pirimov, 36), 16. A.Filiposyan, 27. R.Hasanov, 29. V.Bayenko, 72. A.Samatov, 75. S.Qutiboyev, 77. I.Nagayev (55. A.Allaniyozov, 84), 87. A.Sanoyev (9. N.Umirov, 59), 99. J.Qahramonov.

Ogohlantirishlar: R.A’zamov (77) - R.Hasanov (59), V.Bayenko (67), A.Allaniyozov (90Q1).

Eng yaxshi o‘yinchilar: T.Tolipov - I.Nagayev.

Nazoratchi: A.Klepikov (Toshkent).

Komissar: F.Magometov.

Ulug‘bek Baqoyev («Buxoro» bosh murabbiyi): - To‘g‘risi, o‘yin qiyin kechdi. Aslida futbolchilarga oldindan shunday bo‘lishini aytgandim. Zero, raqibni yaxshi o‘rganib chiqqandik. «Obod» oxirgi o‘rinda turgan bo‘lsada, har bir ochko uchun jiddiy kurashmoqda. Yigitlarimiz va Buxorodan shuncha yo‘l bosib kelgan muxlislarimizga rahmat.

- Ikkinchi davra startini qanday baholaysiz?

- Ijobiy. Hozircha 3ta o‘yinda 7 ochko oldik, bu yaxshi ko‘rsatkich. 

- «Buxoro» yakunda kuchli uchlikka kira oladimi?

- Hozircha bu haqda o‘ylayotganimiz yo‘q. Lekin har bir uchrashuvda faqat g‘alaba uchun kurashyapmiz.

- Ivan Nagayevning terma jamoaga chaqirilmayotgani muhokamalarga sabab bo‘lyapti. Bu borada nima deya olasiz?

- Terma jamoa murabbiylari ishiga aralashishim yaxshi emas. Lekin xolis fikr bildirsam, Nagayev milliy jamoaga loyiq futbolchi. Har holda, imkoniyat berilsa, o‘zini ko‘rsata oladi.

Andrey Demchenko («Obod» bosh murabbiyi): - G‘alaba qozonmas ekansan, hattoki, jurnalistlar ham kamayib qolishadi. Futbolda hammasi natijaga bog‘liq: hayot, oila, mashg‘ulot, rahbariyat munosabati. Yutsang zo‘rsan, yutqazsang, muammolar kelib chiqaveradi. Hozir futbolchilarimiz qandaydir chuqurlikka tushib qolgandek. Balki ularni Qo‘qondagi mag‘lubiyat tushkunlikka solgandir. Oqibatda 2ta oddiy gol qo‘yib yubordik. Yigitlarda hayajon bor va buning ta’sirida o‘yin tizgini qo‘ldan chiqarildi. Lekin ikkinchi bo‘limda ko‘zga tashlandi, jamoamizda salohiyat yo‘q emas. Aks holda, 2ta gol urolmasdik.

- Qo‘yib yuborilgan gollarda kim aybdor: darvozabonmi yo himoyachilar?

- Gollar odatda elementar xatolardan boshlanadi va bunda hammani ayblash mumkin. Bitta xato zanjirdek bir-biriga bog‘lanib, yakunda golga olib kelishi hech gap emas. Darvozabon esa xalqaning oxirgi bo‘g‘ini hisoblanadi. 

- Sizningcha, jamoa o‘syaptimi?

- Avvalgi 2ta o‘yinda gol urolmagandik, bugun buning uddasidan chiqdik. Shuni aytishim mumkin, to‘g‘ri yo‘ldamiz. Jamoa o‘syapti, lekin natija ko‘rsatish uchun vaqt kerak.

- Balki «Obod»ning tavakkal o‘ynagani ma’quldir, o‘xshasa - o‘xshadi, o‘xshamasa - yo‘q...

- Shunchaki, omad kelishini kutib o‘ynashdan ma’no yo‘q. Jamoa har qanday holatda o‘z uslubiga tayanib harakatlanishi kerak.

Tur statistikasi

O‘yin: 8. Gol:22  (o‘rtacha: 2,75)

Tomoshabin:30118 (o‘rtacha: 3764...)

Mezbonlar g‘alabasi: 3. Mehmonlar g‘alabasi: 3.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 20:39, 21.08.2017.
O'qildi: 4564 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.