Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Qirg‘izistonga qarshi o‘yinga muxlislarni kiritmaslik qarori O‘FF tomonidan qabul qilingan

Qirg‘izistonga qarshi o‘yinga muxlislarni kiritmaslik qarori O‘FF tomonidan qabul qilingan

Baho:
+-3 | -

Saytimizda «O‘zbekiston Futbol federasiyasi o‘zbek futbol muxlislarini «jazo»ladi» maqolasi e’lon qilinganidan so‘ng o‘quvchilarga aslida voqeaning asl yuzi qanday ekanligini ko‘rsatish uchun kichik surishtiruv o‘tkazishga qaror qildik va O‘zbekiston Futbol federasiyasi matbuot xizmati boshlig‘i Sanjar Rizayev bilan bog‘landik.

— Avvalo, maqolada o‘yinlar yopiq eshiklar ortida o‘tishi haqidagi taklif Qirg‘iziston terma jamoasining talabi bilan amalga oshirilgani haqida xabar federasiya saytida berilgani va keyinchalik bu xabar saytdan olib tashlangani haqidagi ma’lumot asosga ega emasligi ta’kidlamoqchiman. Federasiya matbuot xizmati bunday axborot tarqatmagan, — deya o‘z so‘zlarini e’tirozdan boshladi Sanjar Rizayev.

Haqiqatdan ham, faqatgina Championat.asia saytiga o‘yin 25 avgust kuni «Bunyodkor» stadionida o‘tishi rejalashtirilgani, O‘FF va QFF o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng stadion o‘zgarishi mumkinligini, o‘rtoqlik uchrashuviga muxlislar kiritilmasligini Qirg‘iziston tomoni so‘rayotganini Sanjar Rizayevning tilidan yozgan va haqiqatan ham federasiya matbuot xizmati bunday ma’lumot tarqatmagan. Championat.Asia esa «O‘zbekiston - Qirg‘iziston uchrashuvi mehmonlar iltimosiga ko‘ra muxlislar uchun yopiq bo‘ladi» sarlavhasi ostida omma ma’lumot tarqatgan.

(O‘FF sayti o‘yin Qirg‘iziston terma jamoasining talabi bilan yopiq eshiklar ortida o‘tkazilishini haqida xabar bergani va so‘ngra bu xabarni saytdan olib tashlagani haqidagi ma’lumot darhaqiqat noto‘g‘ri ekanligini tan olaman. Chunki federasiya vakilining «o‘yin mehmonlar iltimosiga ko‘ra muxlislar uchun yopiq bo‘ladi», degan gapini ijtimoiy tarmoqlar lentasida o‘qib, uni federasiya saytidan topa olmaganimdan so‘ng anglashilmovchilik yuz bergan — SH.SH.).

«Aslida, Qirg‘iziston bilan o‘tkaziladigan uchrashuv avval boshdan «A» tasnifdagi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi maqomida edi. Shu sababli, o‘yin haqidagi ma’lumot FIFAning ro‘yxatiga kiritish maqsadida tashkilotga yuborilgan. So‘ngra bu o‘yin bo‘lib o‘tishi haqida O‘FF rasmiy saytida rasman ma’lumot berilgan.

Ya’ni ushbu o‘yin dastavval milliy terma jamoalar o‘rtasidagi rasmiy o‘yin sifatida darajalangan. Lekin oradan vaqt o‘tgach, O‘zbekiston va Qirg‘iziston terma jamoalari murabbiylar shtabining o‘zaro kelishuviga ko‘ra, o‘yinda o‘yinchi almashtirishlar sonida chegara bo‘lmasligi sababli FIFA bu uchrashuv «A» tasnifidagi, milliy terma jamoalar o‘rtasidagi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi maqomiga to‘g‘ri kelmasligini aytib, unga mashg‘ulot-nazorat o‘yini sifatida daraja bergan.

Lekin shu bilan birga, FIFA eslatib o‘tganki, agar ikkala terma jamoalarning fikri o‘zgarib, milliy terma jamoalar o‘rtasida «A» tasnifiga mos xalqaro darajadagi o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishmoqchi bo‘lishsa, O‘yin Qoidalarining 3-bandiga muvofiq, o‘yin davomida cheklanmagan miqdordagi o‘yinchi almashtirishlar sonini 6tagacha kamaytirishlari kerak bo‘ladi, deya ogohlantirgan.

Ushbu o‘yin O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun Xitoy va J.Koreyaga qarshi o‘yinlardan avval tayyorgarlik vazifasini o‘tashi sababli, har ikkala murabbiylar shtabi tomonidan cheklanmagan miqdorda o‘yinchi almashtirishga qaror qilingan va u mashg‘ulot-nazorat o‘yini sifatida qolgan», — deb tushuntirishda davom etdi S.Rizayev.

O‘FF 8 avgust kuni Qirg‘izistonga qarshi mashg‘ulot-nazorat o‘yini o‘tkazishi va o‘yinda o‘yinchi almashtirishlar soni cheklanmasligini, biroq u TVda translyasiya qilinishi va chipta chiqarilishi mo‘ljallanayotganini xabar qilib, FIFAga xat yozgan:

Biroq FIFAdan olgan javob maktubida bunday maqomlardagi uchrashuvlarni «A» tasnifidagi o‘yin, deya targ‘ib qilish, chiptalar chiqarish, TV orqali translyasiya qilish, matbuot anjumanlari o‘tkazish mumkin emasligi va bu №1593-sonli sirkulyarga zid ekanligi aytib o‘tilgan:

Tarjimasi:

«Hurmatli hamkasblar,

Bizning butun diqqat-etiborimizni jalb qilgan xabaringiz uchun katta tashakkur!

Umid qilamizki, javobimiz sizni qoniqtiradi!

Ushbu masala bo‘yicha biz yana FIFAning №1593 sirkulyarini o‘qib chiqishingizni istar edik.

O‘yin stadionda (hattoki, mashg‘ulot maydonida ham emas) chipta sotilishi bilan afisha qilinayotgani, hattoki milliy TVning to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirida translyasiya qilinishi №1593 sirkulyarda belgilab qo‘yilgan qoidalarga va uning ruhiyatiga zid kelmoqda.

Ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik bu o‘yinni «A» tasnifidagi milliy terma jamoalar o‘rtasidagi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi o‘laroq qabul qilishi muqarrardek ko‘rinmoqda. Bunday holatda, «A» tasnifidagi jamoalar bir tomonlama tartibda O‘yin Qoidalarining 3-qoidasini «aylanib» o‘ta olishmaydi. (3-qoidaga ko‘ra, jamoalar o‘yin davomida eng ko‘pi bilan 6 nafardan o‘yinchi almashtirishlari mumkin — tahr.)

Binobarin, vaziyatni batafsil o‘rganib, tushunib, yakuniy xulosa chiqarishimiz uchun siz bizga va OFKdagi hamkasblarimizga o‘yin chiptalarida nima deb yozilgani haqida ma’lumot (bir dona chiptaning surati yetarli bo‘lardi), televideniyeda yoritilgan reklamalardan nusxa bera olmaysizmi?

Hamkorlik uchun tashakkur bildiramiz.

Imzoni FIFA mutasaddisi Gordon Savich qo‘ygan.

«Ya’ni, ushbu uchrashuvga chipta chiqarilmasligi va o‘yin translyasiya qilinmasligi FIFA talabi bo‘yicha amalga oshirilgan bo‘lsa, uning yopiq eshiklar ortida o‘tishiga O‘zbekiston Futbol federasiyasi qaror qilgan. O‘yin mashg‘ulot-nazorat uchrashuvi maqomida ekani bois, murabbiylar shtabining iltimosiga binoan federasiya o‘yinni yopiq eshiklar ortida o‘tishi haqidagi qarorga kelgan», — deya tushuntirish berdi Sanjar Rizayev.

Muxtasar qilib aytadigan bo‘lsak, o‘yin uchun chipta chiqarilmagani, o‘yinoldi va o‘yindan so‘ng matbuot anjumani tashkillashtirilmasligi va o‘yinning o‘zi TV, radio va internet orqali translyasiya qilinmasligi FIFA talablariga rioya qilish, deya tushuntirilmoqda, uni muxlislarsiz o‘tkazishga esa O‘zbekiston futbol federasiyasi qaror qilgan.

Aslida, o‘yinga chipta chiqarish, sotish, muxlislarni stadionga kiritish ham mumkin edi. FIFAning e’tirozi — o‘yinning aholi va OAV o‘rtasida «A» tasnifidagi, milliy terma jamoalar o‘rtasidagi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi maqomida targ‘ib qilinmasligida, xolos.

Ya’ni, «Mashg‘ulot-nazorat uchrashuvi» deb chipta chiqarish, uni hattoki sotish yoki muxlislarni stadionga tekin qo‘yish mumkin edi. (CHunki FIFA xatida «o‘yinga chiqariladigan chiptaning namunasini bizga yuboringlar», degan joyi bor). Hattoki, TV orqali translyasiya ham qilish mumkin (o‘yinning TV orqali ketayotgan reklamasini ham so‘ragan FIFA). Chunki FIFA uchun muhimi — bu o‘yinning mashg‘ulot-nazorat uchrashuvi, deya reklama qilinishi, bunday o‘yinlar ortidan kimdir «A» tasnifdagi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi, deya yolg‘ondan pul ishlab olmasligi.

Mashg‘ulot-nazorat nazorat o‘yiniga ham chipta sotilishi, o‘yin muxlislar qarshisida o‘tishi mumkin edi. Chunki, bilamiz, eshitganmiz, xorijda klublar va terma jamoalarning nainki rasmiy, norasmiy uchrashuvlari, hattoki o‘yinoldi mashg‘ulotlariga ham chipta sotiladi.

Lekin orada biror tushunmovchilik chiqmasligi uchun O‘zbekiston Futbol federasiyasi o‘yinni TV orqali reklama ham qilgani yo‘q, o‘yinga chipta ham chiqargani yo‘q. Barchasiga sabab — yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek — tomonlar maksimum 6 nafardan emas, cheklanmagan miqdorda o‘yinchi almashtirishga kelishib olishgani bo‘lib chiqmoqda. Bu esa darhaqiqat, risoladagi «A» tasnifidagi o‘yini qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi.

Shuhrat Shokirjonov,

KUN.UZ jurnalisti.

Manba: tribuna.uz
Kiritildi: 19:54, 24.08.2017.
O'qildi: 5965 marta.
Fikrlar: 5 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.