Fransiyaning kamtar jamoasi - «Lill» joriy transferlar bozorida naq 65 mln. yevro sarflashga ulgurdi.
Xo‘sh, bu fransuz diyorida yana bir superklub tuzish harakatimi yoki oddiy ermak? Bilasiz, bu yozda bir qator ulkan xaridlar amalga oshirildi. Umuman, transferlar bozori ahamiyatli voqealarga boy bo‘ldi. Deylik, «Milan» qayta tiklanish ishlarini boshlab yubordi, Angliya jamoalari sohiblari doimgidek, o‘zlari xohlagan futbolchiga ega bo‘lish yo‘lida pulni sira ayamayaptilar, bundesliga grandi - «Bavariya» yozda ilk marta 100 million yevro xarajat qilishdan tiyilmadi. Yevrofutbol tojdori - «Real» esa La-ligadagi asosiy yosh iqtidorlarni o‘z tomoniga og‘dirgan bo‘lsa, «Monako» va «Benfika» kabi jamoalar o‘z odatiga ko‘ra, oldi-sotti jarayonida misli ko‘rilmagan darajada pul topdi. Bunday yorqin manzara oldida «Lill»ning transfer siyosati soyada qolgandek. Vaholanki, Liga 1da o‘rtacha start olgan jamoa yangi futbolchilar xaridi uchun ko‘p sarflash masalasida oldingi qatorlardan joy oldi. Aniqrog‘i, Yevropada atigi 8ta klub transferlarga «Lill»ga nisbatan ko‘proq mablag‘ ajratdi. Fransiyaning o‘ziga qarasak, mega-boy - «PSJ»ni hisobga olmaganda, boshqa hech bir jamoa bunchalik katta xarajatga qo‘l urmadi.
Shuncha mablag‘ qayerdan keldi?
To‘g‘ri, «Lill» oxirgi yillarda Fransiyaning ko‘plab jamoalaridan farqli o‘laroq, mablag‘ yetishmovchiligidan ortiqcha qiynalgani yo‘q. Umuman olganda, bu klub doimo yaxshigina seleksion bo‘limi va effektli ishlaydigan akademiyasi bilan alohida ajralib turadi. Raqamlarda aytsak, «doglar» oxirgi 5 mavsum davomida yangi futbolchilar xaridiga jami 63,5 mln. yevro sarflab, sotuvdan naq 185 mln. yevro topishgandi. Xullas, daromad va xarajat miqdori o‘rtasida kattagina farq bor. Bu vaqtda «Lill» tarkibida Eden Azar, Matyo Debyushi, Lyuka Din, Dimitri Paye, Divok Origi, Idrissa Gana Guye, Jibril Sidibe, Sofyan Bufal va boshqa bir qator nomdor futbolchilar javlon urishgani ham jamoada ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganidan dalolat. Shu joyda «Lill»ning boshqa yo‘nalishlardagi daromadiga ham e’tibor qaratish joiz. Misol uchun, telehuquqlar sotuvi ulushi chakki emas. Qoidaga ko‘ra, Fransiya oliy divizionining har bir ishtirokchisi translyasiyalar ortidan yiliga kamida 35 mln. yevro oladi. «Lill» ancha taniqli jamoalardan biri ekanligini inobatga olsak, unga yanada ko‘proq ulush tegishi aniq. «Doglar»ning mamlakat futbolida muhim o‘rin tutishlarini uy stadioniga muxlislar tashrifi chakki emasligidan ham bilsa bo‘ladi. Deylik, avvalgi mavsum «Lill» o‘z maydonida o‘rtacha hisobda deyarli 30 ming muxlis qarshisida to‘p surdi va bu Fransiya ligasi bo‘yicha to‘rtinchi yaxshi ko‘rsatkichdir. Xullas, jamoa g‘aznasida doimo pul bo‘lgan, faqat rahbariyat bungacha katta xarajatga qo‘l urmasdi.
Nega endi shuncha sarflandi?
Joriy yilning yanvar oyida «Lill» muxlislarini shodlantirgan xabar e’lon qilindi: «Klubning 95 foiz aksiyasi Formula-1 poygasi jamoasi - «Lotus»ning sobiq xo‘jayini - Jerar Lopes tomonidan sotib olindi». Bu voqea sarmoyalarning katta oqimiga yo‘l ochdi. Umuman olganda, tirishqoq va doimo o‘z oldiga yuksak maqsadlarni qo‘yuvchi menejer Fransiya shimolida superklub shakllashtirishni rejalashtirgan va shunga muvofiq, boshqaruv lavozimlariga o‘zi kabi ishtiyoqi baland kishilarni chorlamoqda. Yangi «Lill»ning eng yorqin «figura»si - bu har bir futbol muxlisiga yaxshi tanish bo‘lgan Marselo Byelsa.Taktikaga bog‘liq antiqa tajribalari bilan yaqqol ajralib turuvchi murabbiy «La- sio»dagi 2 kunlik (!) ishidan so‘ng butun yil davomida dam oldi. Ammo argentinalik mutaxassis bo‘sh vaqtini behuda o‘tkazmadi. U Yevropa va Lotin Amerikasidagi turli turnirlarni muntazam ravishda kuzatish asnosida tajribasini boyitdi. «Lill» bilan shartnoma tuzishiga qadar esa jamoaning yoshlar va o‘smirlari o‘yinlarida ko‘p bora ko‘rinish berdi. Lekin transferlar uchun Byelsaning yolg‘iz o‘zi mas’ul emas. Har holda, «Lill»ning yangi sport direktori - Luis Kampos ham bu borada o‘z so‘ziga ega. Ushbu funksioner tor futbol doiralarida ancha obro‘li. Deylik, u avvaliga «Inter»da Joze Mourinyo shtabida ishladi, keyin esa portugaliyalik murabbiy ortidan «Real»ga yo‘l olib, xaridlar bo‘yicha sport menejmenti vakili funksiyalarini bajardi. Faktlar asosida gapirsak, Luka Modrich va Rafael Varan aynan Kamposning sa’y-harakatlari natijasida «Madrid» safidan joy olishgandi. U shundan so‘ng «Monako»da ishladi va yozda Chempionlar Ligasi yarim finalida o‘ynagan ajoyib tarkibning shakllanishida bosh rollardan birini bajardi. Oddiy aytganda, Kampos yuqori saviyali mutaxassis hisoblanadi. Klub bosh direktori lavozimiga esa Mark Ingl tayinlandi. U «Barselona»da sport direktori o‘rinbosari va marketing bo‘yicha vise-prezident sifatida faoliyat yuritgani bilan maqtana oladi. Ya’ni Mark Kataloniyada Joan Laportaning rahbarlik davrida samarali ish olib borgan. Qolaversa, 2010 yili Inglning o‘zi prezident bo‘lishga da’vogarlik qildi, biroq saylovda atigi 3-o‘rin bilan cheklandi.
Kimlar sotib olindi?
«Lill» garchi o‘z tarixidagi eng serxarajat transferlar kampaniyasini o‘tkazgan bo‘lsada, biror xaridga aqlga sig‘mas darajada mablag‘ ajratgani yo‘q. Sotib olingan eng qimmatbaho futbolchi - bu Tyago Maiyu. 20 yoshli braziliyalik Yevropa futboli nazariga tushganiga ancha bo‘lgandi. Misol uchun, vaqtida «Chelsi» va «Zenit» kabi boy klublar unga alohida qiziqdi. Biroq Tyago yakunda Marselo Byelsa bilan birga ishlashni ma’qul ko‘rdi, shekilli, «Lill» safiga qo‘shildi. Xullas, jamoa bu futbolchi transferiga 14 mln. yevro sarfladi. Maiya - «boks-tu-boks» tizimi uchun haqiqiy tayanch yarim himoyachisi . U oxirgi 3ta mavsumda to‘pni olib qo‘yish va hujumni uzish bo‘yicha binoyidek statistika qayd etdi: bitta o‘yin davomida o‘rtacha hisobda 2,8 va 1,9 marta. Bu faqat buzish ishlariga ixtisoslashmagan yarim himoyachi uchun ajoyib ko‘rsatkich. Maiyu yana uzatmalar masalasida ham zo‘r. Deylik, Braziliya chempionatining joriy mavsumida bitta o‘yinda o‘rtacha 56 marta to‘p oshirib, 86 foizga teng aniqlik ko‘rsatdi. Bunga aldab o‘tishda ham effektli harakatlanishini qo‘shish kerak - urinishlarining 68 foizi muvaffaqiyatli chiqqan. Ikkinchi qimmatbaho xarid - Luis Araujo. To‘g‘ri, shu transfer yuzasidan savollar kelib chiqishi mumkin. Gap shundaki, «San-Paulu»dan sotib olingan futbolchi Braziliya chempionati oliy ligasi doirasidagi 9tagina o‘yinda klubining boshlang‘ich tarkibidan o‘rin olgandi, xolos. Xullas, «Lill» hali Braziliya jamoasida o‘z joyini topmagan yigitga 10,3 million to‘ladi. Boz ustiga, Luis faqat chap oyog‘ida to‘p surishga moyil - chamasi 3 foiz holatda to‘pga o‘ng oyog‘i bilan zarba beradi. Araujo «San-Paulu»dan taklif etilgan yagona futbolchi emas. Fransuzlar Tyago Mendesni ham aynan shu jamoadan sotib olishdi. Eng qizig‘i, uning mavsumdagi statistikasi Araujonikidan ham past - boshlang‘ich tarkibda atigi 4ta o‘yin. Yana bir tomoni, Mendes 25 yoshda, to‘g‘ri, uning faoliyatida to‘laqonli mavsumlar ham kuzatilgan. Tyago o‘yin uslubiga ko‘ra, o‘z adashi - Maiyuni eslatadi. Bitta farqi shuki, Mendes yig‘inchoqroq o‘ynashni xush ko‘radi. Umuman, Marselo Byelsa braziliyalik futbolchilar juftligini maydon markaziga mo‘ljallagan bo‘lsa, ajabmas. Shuningdek, «Braga»dan Sheka sotib olindi. U avvalgi mavsum ijara asosida aynan «Lill» sharafini himoya qilgandi. 22 yoshli portugaliyalik atletik sifatlarga ega va Patrik Kollo boshqaruvida chakki taassurot qoldirmagani uchunmi, klub 5 mln. yevro to‘lab, uning transfer huquqini o‘ziniki qildi. Hujumchi Anver al G‘ozi («Ayaks»dan 9 «limon»ga sotib olindi)dan ham umid katta. O‘tgan mavsum «Anje»ning 11tagina o‘yinida ilk daqiqalardan maydonga tushgan Nikolas Pepe - «el roko» e’tiborini tortgan yana bir futbolchi. Ivuarlik yigit juda chaqqon va tezkor, biroq aldamchi harakatlar masalasida aytarli maqtanolmaydi (bitta o‘yinda o‘rtacha 1,1ta muvaffaqiyatli urinish). Aytish joiz, 22 yoshli yarim himoyachida ham yuqori saviyada o‘ynash tajribasi kam. Shunga qaramay, «Lill» uning uchun 10 mln. yevro berdi. Ha, «doglar» oldingi klublarida asosiy tarkibga muqim joylashmagan ko‘plab yigitlarni nisbatan baland narxda sotib olishdi. Kevin Malkyui esa aksincha, boy tajriba sohibidir. U «Sent-Etyen»ning asosiy himoyachilaridan biri edi. 25 yoshli fransuz orqa chiziqning o‘ng qanotiga javob beradi. Kevin o‘tgan mavsum himoyaviy harakatlarda yaxshi taassurot qoldirgan bo‘lsada (bitta o‘yinda 2,6 marta to‘p olib qo‘yish), hujumda faol emas. Himoyaning o‘ng qanotiga yana bir nomzod bor - Edgar Ie. «Barselona»ning portugaliyalik tarbiyalanuvchisi o‘tgan mavsum «Belenensesh»da o‘ynab, atigi 12ta uchrashuvda qatnashdi. Ammo u to‘pni olib qo‘yishda juda effektli - 83 foiz omadli urinish. Biroq 23 yoshli o‘yinchiga 5 mln. yevro to‘langani g‘alati, baribir. Bundan tashqari, Naim Stili transferi uchun «Red Star» jamoasiga 2 million to‘landi. To‘g‘ri, rahbariyat 25 yoshli turkni darhol ijara asosida «Dijon»ga yubordi. Xullas, 65 «limon»ga xarid qilingan futbolchilar orasida e’tiborni tortadigani ko‘rinmayapti. Bu fikr nechog‘li to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini mavsum o‘yinlari ko‘rsatib beradi.