Argentina terma jamoasining yulduzli hujumchisi Lionel Messi boshlanishiga bir oydan sal ko‘proq vaqt qolgan jahon chempionati haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
«Bizdan ko‘ra favorit bo‘lgan boshqa jamoalar bor — ular turnirga bizdan ko‘ra yaxshiroq holatda yetib kelishmoqda. Fransiya hali ham juda kuchli, ularda yuqori darajadagi futbolchilar ko‘p. Ispaniya va Braziliya doimo g‘alabaga da’vogarlar qatorida bo‘ladi. Shuningdek, Portugaliya ham. Menimcha, hozirda ularda juda raqobatbardosh tarkib shakllangan», — deya Messining so‘zlarini keltiradi The Touchline.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilgi jahon chempionati finalida Argentina terma jamoasi 3:3 hisobidagi durangdan so‘ng penaltilar seriyasida Fransiyani mag‘lub etgan edi.













