Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Bugun terma jamoamizning saralashdagi oxirgi o‘yini

Bugun terma jamoamizning saralashdagi oxirgi o‘yini

Baho:
+ | -

Muhtaram muxlis! Bilamiz, bugun ko‘nglingizga ortiqcha gap-so‘z sig‘maydi. Xayolingizda oqshomgi o‘yin. Balki fantaziyangizda vakillarimiz raqib darvozasiga ketma-ket gol urib, so‘nggi tur «sensasiya»sini nishonlashayotgandir. Bo‘lishi, yuz berishi mumkin hodisa bu. Yo‘q, «Xayoldami?» deb istehzoli kulimsiramang.

Shirin fantaziyangiz real hayotga ko‘chishi hech gap emas. Nima, «qizil furiya» kuchli himoya qo‘rg‘oniga  va Janluiji Buffondek qoya kiperga ega Italiya terma jamoasi darvozasiga javobsiz 3ta to‘p yo‘llaganda, bizning futbolchilar koreyslarga qarshi kechadigan hal qiluvchi, o‘ta muhim uchrashuvda bu ishni amalga oshirolmaydilarmi?

Uddalashadi, aniqrog‘i, yirik hisobda g‘alaba qozonish uchun asos ham, imkon ham mavjud. Faqat yana bir narsa talab etiladi - haddan ziyod kuchli ishtiyoq. Uzr, ishtiyoq haqida so‘z ochib, kayfiyatingizni buzdik.

Chunki har safar mag‘lubiyatdan so‘ng yigitlarimizda uyg‘onadigan ishtiyoq hammamizga ma’lum. Ular «G‘alaba uchun maydonda jon berishga tayyorman, aks holda, futbolni yig‘ishtiraman!» qabilidagi umidbaxsh va’dalar evaziga muxlislarda keyingi o‘yinga nisbatan ishtiyoq uyg‘otishmoqda...

Ochig‘i, muxlislarga ruhiy ta’sir o‘tkazishga usta bo‘lib ketishdi ayrim futbolchilar. Ayniqsa, Igor Sergeev. Nazarimizda, u «Aytilgan so‘z - otilgan o‘q» maqolidan mutlaqo bexabar, chog‘i. Odil, Aziz, Islom kabi tajribali futbolchilar bu maqol ahamiyatini tushuntirib qo‘yishsa yaxshi bo‘lardi.

Gazetamiz sahifalarida «G‘alaba uchun maydonda jon berishga tayyorman!» deya aynan Igor tushmagur bayonot bergandi. Istiqlol bayrami va Qurbon hayiti arafasidagi alamli o‘yinda esa uning so‘zlari shunchaki, quruq va’da, muxlislarga vaqtincha yolg‘on yupanch ekanligi o‘z isbotini topdi. Xullas, futbolchilarimizda o‘yindan avval yoki keyin uyg‘onadigan ishtiyoq xususida bejiz so‘zlamayapmiz. Bunday mag‘zi puch yupanchlarga endi hech bir muxlis ishonmaydi.

Zero, haqiqiy ishtiyoq futbolchida ayni o‘yin chog‘i uyg‘onadi va uni 90 daqiqa g‘alaba yo‘lida tinimsiz harakatlanishga undaydi. Agar bugun oqshomda futbolchilarimiz qalbida shunday ishtiyoq gulxani lovullasa, milliy jamoamiz «qizil furiya» ishini takrorlashiga ishonsak bo‘ladi. Sezib turibsizki, ishonchning sharti - biz nazarda tutayotgan barcha imkonlarni yuzaga chiqaradigan tom ma’nodagi ishtiyoq!

Bunday portlash effektini boks bo‘yicha Gamburgda o‘tkazilgan jahon chempionati finalida Shahram G‘iyosov harakatlarida ko‘rdik. Oltin medallar yo‘li bo‘lgan janglardagi voqealari rivoji hammamizga ma’lum. So‘nggi umid Shahramning shijoati, shashti va shiddatiga bog‘liq bo‘lib qoldi. O‘sha shasht, o‘sha shijoat, o‘sha shiddat finalda Shahramning butun vujudini chulg‘ab oldi go‘yo. U chempionlik unvonini, oltin medalni o‘ylamadi bu prinsipial bahsda.

Shunchaki, kubalik Iglesiasni Bektemir uchun, Hasanboy uchun, milliy jamoamiz mag‘lubiyatidan so‘ng qalblarida alam o‘ti yonayotgan futbol muxlislari uchun ayovsiz savaladi. Shahramning adolatsizlikka chidamagan va quvvatga aylangan isyoni mushtlariga to‘planib, Iglesiasga zarba bo‘lib yog‘ilaverdi. Sheryurak bokschimiz butun O‘zbekiston nigohi o‘ziga qaratilganini his qildi va jonajon VATANI uchun shon-sharaf, hayot-mamot jangini o‘tkazdi.

Hal qiluvchi pallada barcha imkoni va qudratini namoyish etishga qodir bunday o‘g‘loni bor yurtning yuki hech qachon yerda qolmaydi.  E’tibor bering, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon termalari xalqaro boks federasiyasining eng nufuzli turniri - jahon chempionati yetakchilariga aylandi.

Bu ro‘yxatda AQSH, Yevropa vakillari yoki Rossiya yo‘q. O‘zbekiston boksi - yetakchilar bayroqdori. Ofarin! Yetakchi deganning ishi shunaqa bo‘ladi. U shohsupadan tushishni xohlamaydiganlarni nari suradi va o‘zining shon-shavkati uchun yo‘l ochadi. Afsuski, Osiyo futbolida buning aksi ko‘zga tashlanadi.

Qit’amiz futboli yetakchilari faqat shu muhitdagina savlat to‘kishadi. Hattoki, Yaponiya va J.Koreya terma jamoalari ham yevrofutbol qoshida tiz cho‘kishadi. Ha, vakillarimiz yevrofutbol qarshisida qaltiraydigan terma jamoani yengish haqida bosh qotirishmoqda. Holbuki, bosh qotirish uyat. Ular, ana, bokschilarimizdan o‘rnak olishsin.

Xo‘sh, mamlakatimizda Shahram kabi butun borlig‘ini g‘alabaga baxsh aylaydigan 11 nafar futbolchi topilmaydimi? Topiladi! Hamma gap o‘sha 11 nafar mard o‘g‘lonni topish va bosh jamoamizga jalb qila bilishda. Ish shuning o‘zi bilan bitmaydi. Ispaniya va Italiya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvning 6-daqiqasida Serxio Ramos jarima zarbasi tepdi.

To‘p mo‘ljaldan noaniq ketdi. Eng qizig‘i, oradan hech qancha o‘tmay, aynan o‘sha nuqtadan yana jarima zarbasi yo‘llash imkoni tug‘ildi. Lekin Ramos bu safar «standart»ga yaqinlashmadi. Demak, u «Birinchi safar sal adashdim, endi xato takrorlanmaydi» qabilidagi fikrdan yiroq.

Ayrim futbolchilarimizdan farqli o‘laroq, Serxio maydon demokratiyasiga moyil. Xullas, zarba yo‘llashga Andres Inyesta, David Silva va Isko hozirlanishdi. Ammo Inyesta va Silva kabi taniqli futbolchilar Iskoga joy bo‘shatishdi. U esa jamoadoshlari ishonchini oqladi, haqiqatan, yetuk sport formasida ekanligini isbotladi.

Ayonki, Isko avvaldan jarima zarbasini yo‘llashga hozirlanib yurgan va shu bois, bu ishni qoyilmaqom darajada uddaladi. Bizni qoyil qoldirgan jihat - Inyesta va Silvaning unga yo‘l berishgani. Yoshlik g‘ayrati va taraqqiyotni tan olish deyiladi bu holat. Terma jamoamizda esa mas’uliyatli vazifalar hamon bir-ikki tajribali futbolchi zimmasida.

Nainki, bosh murabbiy, balki o‘sha tajribali ijrochilarimizda ham aslida mardlik xislati yetishmaydi. Ular «Sardor, Jamshid, asdoydil shug‘ullaninglar! Jarima zarbalarini bundan keyin ikkovingiz tepasizlar!» deyishganmikan biror marta? Yo‘q, aytishmagan, bizningcha. Negaki, aytilgan fikr maydonda o‘z isbotini topsagina qadrlidir.

Sasha 50 yoshida ham jarima zarbasini mahorat bilan ijro etaveradi. Lekin bu hol unga hamisha ishonch bildirish huquqini bermaydi. Bunaqada futbolimiz rivojlanmaydi. Ana, 17 yoshli Benjamin Vudbern Uels termasiga g‘alaba keltirgan yagona gol muallifiga aylandi. U kelajakda yetuk futbolchi bo‘ladimi yoki yo‘q - bunisi noma’lum. Eng muhimi, unga terma jamoasidan joy ajratildi.

Samvel Babayan uchun esa Igor Sergeev deylik, Javohir Siddiqovdan afzal, Server Jeparovning tajribasi Jamshid Iskanderovdagi shijoatdan ustun. U - «og‘ir» mashinada yurish tarafdori. Shuning uchun ham asosiy uchrashuvda Aziz Haydarov, Sardor Mirzayev va Aleksandr Geynrix kabi nisbatan «og‘ir» futbolchilarni zaxiradan maydonga tushirdi.

Murabbiy Fozil Musayev, Temirxo‘ja Abduxoliqov va Sherzod A’zamov kabi yigitlarning asosiy tarkibda harakatlanishlarini hazm qilolmaydi, shekilli. Shu bois aslida omadi yurishmay, bir necha vaziyatda gol urolmagan Xitoy termasini omadliga chiqaryapti...

Muhtaram muxlis! Yuqorida aytganimizdek, bugun uncha-muncha gap-so‘z ko‘nglimizga sig‘maydi. Shunday bo‘lsada, ko‘nglimizdagini yozdik. Bilingki, vatanimiz futboli va uning sha’ni bugungi o‘yin natijasidan yuksakroqdir.

Futbolimiz shu birgina o‘yin natijasiga qarab qolmagan. Futbolchilar o‘zlari istashsa, marhamat, g‘alaba qozonishsin va shunga yarasha olqish olishsin. Nima bo‘lgan taqdirda ham, mazkur o‘yin asabbuzarliklar, depsinishlar intihosi va yangilanish ibtidosi sifatida tarixga muhrlanadi. Salomat bo‘ling!

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 07:39, 05.09.2017.
O'qildi: 7732 marta.
Fikrlar: 8 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.