Yevropa zonasida JCH-2018 saralash bahslari davom etmoqda. Quyida e’tiboringizga 7 turdan keyingi statistikalarni keltirib o‘tamiz.
Italiya termasining jahon va Yevropa chempionatlari saralashidagi 54ta o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriyasi barham topdi. «Skuadro Adzurra» saralash doirasida so‘nggi marta 2006 yili mag‘lubiyatga uchragandi.
«Santyago Bernabeu»da «Barselona» himoyachisi Jerar Pike muxlislar hushtakbozligiga uchradi. Gap shundaki, u Kataloniyaning Ispaniyadan ajralib chiqishi tarafdori sanaladi. Aytgancha, oldinroq Serxio Ramos muxlislardan Pike sha’niga hushtakbozlik qilmasliklarini so‘ragandi.
Janluiji Buffon Italiya termasi safida 170-uchrashuvini o‘tkazdi. U 1997 yildan buyon mamlakat bosh jamoasi sharafini himoya qilmoqda.
«Barselona» yarimhimoyachisi Andres Inyesta esa Ispaniya milliy jamoasidagi o‘yinlari sonini 120taga yetkazdi. «Qizil furiya» tarkibida 2006 yili debyut qilgan futbolchi ayni payt gvardiyachilar ro‘yxatida Iker Kasilyas, Serxio Ramos, Xavi va Andoni Subisarretadan ortda qolmoqda, xolos.
Xorvatiya - Kosovo uchrashuvi noqulay ob-havo sharoiti tufayli yakuniga yetmay qoldi. Zagrebdagi «Maksimir» stadionida kechgan uchrashuv 27-daqiqada to‘xtatildi. Bu vaqtda hisob ochilmagandi. UYEFA matbuot xizmati o‘yin boshqa kuni davom ettirilishini ma’lum qildi. Aniq muddat FIFA bilan kelishgan holda belgilanadi.
Ukraina - Turkiya (2:0) o‘yinida Andrey Yarmolenko «dubl»ga erishdi. Qizig‘i, 2ta golda ham hakamlar xatosi rol o‘ynadi. Yarmolenko avvaliga «ofsayd» holatida gol urgan bo‘lsa, keyin Yevgeniy Konoplyanka to‘pni chiziq tashqarisidan qaytarib, samarali uzatmani amalga oshirdi.
Uels termasining 17 yoshli hujumchisi Benjamin Vudbern avstriyaliklarga qarshi o‘yin (1:0)ning 69-daqiqasida maydonga tushib, 74-daqiqada g‘alaba goliga muallliflik qildi.
Germaniya termasi yarim himoyachisi Joshua Kimmix chexiyaliklarga qarshi uchrashuv (2:1)da to‘liq vaqt harakatlandi. E’tiborli tomoni, «Bavariya»ning 22 yoshli vakili bundestim safidagi oxirgi 20ta o‘yinning barchasini almashtirishsiz o‘tkazdi.
Krishtianu Ronaldu Farrer orollari termasi bilan o‘yinda navbatdagi «xet-trik»ka erishib, milliy jamoalar to‘purarlari reytingida Peledan o‘zib ketdi. Braziliyalik afsona hisobida 77ta gol bor. Ronalduniki esa 78taga yetdi. Umuman, u reytingning 5-o‘rniga ko‘tarildi.