Futbol va biznes - bu atamalarning o‘zaro uyg‘unlashib ketganiga ancha bo‘ldi.
Misol uchun, professional klublarga tegishli rasmiy do‘konlar peshtaxtalariga boqib, birinchi raqamli sport turining allaqachon o‘z sarhadini misli ko‘rilmagan darajada kengaytirganini osongina anglash mumkin.
Demak, bugun futbol jamoalari tomonidan sotuvga chiqarilgan eng «antiqa» mahsulot yoki buyumlarga birrov nazar solamiz.
«Sent-Etyen» - gulchelak
Fransiya klubining laqabi - «yashillar». Jamoaning turli yo‘nalishlardagi ishida buning ifodasi yaqqol ko‘rinadi. Deylik, «Sent-Etyen» asosan yashil rangli futkolkadan foydalanadi. Qarangki, klubning rasmiy do‘konlarida ham ko‘kalamzorlashtirish vositalarini ko‘rish mumkin. Misol uchun, bog‘bonlar uchun mo‘ljallangan suv sochadigan maxsus chelaklar ham sotuvga qo‘yilgan. Xullas, chinakam bog‘bonlar sifatli gulchelak qidirsalar, bemalol klub do‘koniga murojaat qilishlari mumkin.
«Zenit» - tuz
«Zenit» - Rossiyadagi eng kuchli sport brendlaridan biri. Jamoa shunga muvofiq, turli yo‘nalishlarga mansub ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Mana, «Sol Peterburga» kompaniyasi o‘zaro shartnomaga ko‘ra, klub do‘konini yuqori sifatli tuz bilan ta’minlab kelmoqda. Bejirim qadoqlarda Sankt-Peterburg jamoasining sobiq va hozirgi yulduzlari suratlari bor: Xalk, Vitsel, Danni...
«Xall Siti» - vannaxona uchun o‘rdakcha
Ayniqsa, Rossiyada Angliyaning «Xall» jamoasiga qiziqish katta. Axir bu jamoada rus mutaxassisi Leonid Sluskiy bosh murabbiy sifatida ish boshladi. E’tiborli tomoni, «Xall» rasmiy do‘koni ham futbolga aloqasi yo‘q mahsulotlar bilan to‘ldirilgan. Bunga vannaxonaga mo‘ljallangan chiroyligina tebranma o‘rdakcha misol bo‘la oladi. Tabiiyki, bu buyumda klub timsoli bor.
«Milan» - longbord
Italiyaning nomdor jamoasi hozir bor e’tiborini yevrofutbolning elit guruhiga qaytishga qaratgan. Klub rahbariyati rasmiy do‘konlarda sotuvga chiqarilgan buyumlar vositasida ham turli guruhlarga mansub muxlislarni «Milan» bayrog‘i ostida birlashtirishga urinmoqda. Demak, yosh auditoriya klubning rasmiy rangiga mos sifatli longbordni 130 yevroga xarid qilishi mumkin.
«Krilya Sovetov» - shampun va gel
Benua Angbva birinchi raqamli yulduz - Krishtianu Ronaldudan ancha uzoqda, albatta. Lekin fakt shuki, Samara klubi shaxsiy mahsulotlari (shampun va gel)ni keng targ‘ib etishda aynan shu himoyachi siymosidan foydalangan. Ha, maydonda mehnatkashligi bilan ajralib turgan Benua hozir jamoada emas - «Krilya» birinchi divizionga tushib ketgach, samaraliklar safini tark etdi. Ammo uning suratini hali ham shampun va gel qutilarida ko‘rish mumkin.
«Olimpiakos» - bolalar belanchagi
Futbol klublari orasida yangi farzandli bo‘lgan muxlislarni o‘ylaydiganlari ham topiladi, albatta. Jamoaning rasmiy ranglariga hamohang holda ishlab chiqarilgan chaqaloqlar so‘rg‘ichi - oddiy narsa. Harqalay, Gresiyaning «Olimpiakos» klubi rahbariyati shunday fikrlab, klub do‘konida maxsus belanchak sotishni yo‘lga qo‘ygan.
«Fulxem» - plastir
«Fulxem» yaraga yopishtiriladigan malhamli mato - plastirni sotuvga chiqarishdan oldin muxlislar o‘rtasida so‘rov o‘tkazgan-o‘tkazmagani ma’lum emas. Aniqi shuki, jamoa fanatlarini qandaydir jarohat bezovta qilayotgan bo‘lsa ham, bu asosan qalb yarasidir. Axir bir necha yil muqaddam APLdan tushib ketgan «Fulxem» hozircha elitaga qaytishdan ancha yiroq...
«Gremio» - ov ashyosi
Lotin Amerikasidagi muxlislarning o‘ta ehtirosli va «qaynoq» ekanliklari barchaga ma’lum. Lekin klub rahbariyati rasmiy do‘kon peshtaxtalariga ov pichog‘ini esdalik buyumi sifatida qo‘ygani aniq, albatta.
«Arsenal» - sovun
Gigiyena vositasi sanalgan ushbu mahsulot futbol muxlislari folkloriga yomon hakamlik ramzi sifatida kirgan. Shuni nazarda tutsak, ko‘pincha adolatsiz hakamlikdan noliydigan klub o‘z do‘konida sovun sotishi shart, go‘yo...
«Aston Villa» - parda
Birmengemlik muxlislar o‘z uylarini sevimli klublari ramzlari bilan jilolangan pardalar vositasida jihozlash imkoniyatiga egalar. Bu ular uchun Jon Terrining jamoa safiga qo‘shilganidan keyingi ikkinchi muhim yangilikdir.
«Borussiya» - jiringlovchi soat
Agar uydagi eng yoqimsiz buyumni aniqlash uchun maxsus so‘rov o‘tkazilsa, uyquning ayni shirin pallasida quloqni qomatga keltiradigan darajada jiringlaydigan soat oldingi o‘rinlarni egallasa kerak. Biroq «Borussiya» aynan shunday soatlarni o‘z brendi ostida sotuvga qo‘yishdan tiyilmagan. Ehtimol, dortmundliklar muxlislar ertaroq turib, o‘yin vaqtigacha barcha yumushlarini bajarishga ulgurishlarini o‘ylagandirlar...