Oliy Liga 20-tur o‘yinlarining e’tiborli qarama-qarshiliklaridan biri Samarqandda «Dinamo» hamda «Qo‘qon-1912» jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.
UCHRASHUVNI SEYTLIN BOSHQARADI
PFL e’lon qilgan ro‘yxatiga binoan, Samarqanddagi «Dinamo» - «Qo‘qon-1912» uchrashuvini boshqarib borish tajribali hakam Vladislav Seytlinga ishonib topshirildi. Unga qanotlarda Rustam Serazetdinov va Andrey Kalininlar yordam berib borishadi. Nazoratchi hakam esa Shamil Jumayev bo‘lsa, PFL vakili sifatida Noil Lutfulin ish olib boradi.
Oliy Liga. 20-tur.
7 sentyabr (payshanba)
«Dinamo» (Samarqand) – «Qo‘qon-1912» (Qo‘qon)
Hakamlar: V. Seytlin (Toshkent), R. Serazetdinov (Toshkent), A. Kalinin (Toshkent), I. Xudaydatov (Toshkent)
Nazoratchi: SH. Jumayev (Qarshi).
O‘zPFL vakili: N. Lutfulin.
Uchrashuv boshlanish vaqti: 16:30
KIM QANDAY HOLATDA?
«Dinamo» jamoasi ayni damda 19 turdan keyin 20 ochko bilan 12-o‘rinni band etib turishibdi. Jamoamiz so‘nggi turda Namanganda «Navbahor»ga minimal hisobda mag‘lubiyatga uchragan edi. Umuman olganda, «Dinamo» jamoasi Samarqanddagi noxush an’anani bartaraf etish uchun ham faqat g‘alaba uchun to‘p suradi. «Dinamo» so‘nggi marta aprel oyida «Buxoro» jamoasini Samarqandda mag‘lub eta olgan edi. O‘sha o‘yindan buyon «Dinamo» Samarqandda g‘alaba qozona olmayapti. Samarqanddagi so‘ngi o‘yinda «Dinamo» 18-turda «Paxtakor» bilan 0:0 hisobini qayd etgan edi. 6-turdan buyon davom etayotgan noxush seriya buzilishiga umid qilamiz.
«Qo‘qon-1912» jamoasi esa Oliy Liganing kashfiyot klubiga aylandi. No‘’mon Hasanov shogirdlari hali hamon peshqadamlar safida borishmoqda. 19 o‘yinda 33 ochko jamg‘argan qo‘qonliklar chempionat turnir jadvalida 3-pog‘onani band etib turishibdi.
O‘ZARO O‘YINLARDA USTUNLIK KIM TOMONDA?
«Dinamo» va «Qo‘qon-1912» jamoalari Oliy Liga tarixida 17 marotiba o‘zaro to‘qnash kelishgan. Statistika mehmonlar tomonida. Ushbu bahslarning 8 tasida vodiylik futbolchilar ustun kelishgan bo‘lishsa, 5 ta uchrashuvda samarqandliklar g‘alaba qozonishgan. 4 o‘yin esa murosa ko‘chasi bilan yakunlangan. To‘plar nisbati 20:21 qo‘qonliklar foydasiga.
O‘zaro o‘yinlarda raqiblar 28 ochkoni, «Dinamo» esa 19 ochkoni qo‘lga kiritgan.
Samarqandda bo‘lib o‘tgan so‘nggi beshta uchrashuv:
14.03.2015: Dinamo – Qo‘qon-1912 – 0:1
28.05.2003: Samarqand – Qo‘qon-1912 – 2:1
19.10.2002: Samarqand – Qo‘qon-1912 – 2:1
19.11.2000: Samarqand-Dinamo – Temiryo‘lchi – 2:3
01.08.1999: Samarqand – Temiryo‘lchi – 6:0
ESKI TANISHLAR…
«Qo‘qon-1912» tarkibidagi Aziz Ashurov 2011 yilda «Dinamo» sharafini himoya qilgan bo‘lsa, Akmal Xolmurodov 2013-2015 yillar davomida «Dinamo» safida to‘p surgan.
«Dinamo» safidagi Orif Mamajonov, Shohruh Xolmatov, Aleksey Nikolayevlar esa o‘tgan yillar davomida «Qo‘qon-1912» safida faoliyat olib borishgandi. Demakki, bugun sobiq futbolchilar qarama-qarshiligiga guvoh bo‘lamiz.