Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

O‘zbekistonlik muxlislar aralash qoidali janglarga tayyormidi?

O‘zbekistonlik muxlislar aralash qoidali janglarga tayyormidi?

Baho:
+ | -

Shu yilning 9 sentyabr kuni Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida “Asian Fight–2017” brendi ostida jang kechasi bo‘lib o‘tdi.

Unda 8 nafar o‘zbekistonlik jangchilar Singapur, Afg‘oniston, Rossiya, Hindiston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Kipr mamlakatlarining jangchilari bilan kuch sinashdi.

Turnirda rejadagi janglar bo‘lib o‘tdi ham. Faqat bitta jangga o‘zbekistonlik sportchi ma’lum sabablarga yetib kelmagani va yana bir jangchi mag‘lub bo‘lganini hisobga olmasak, aksariyat bahslarda o‘zbekistonlik jang ustalarining qo‘li baland keldi.

Sport-shou tadbirida o‘zbek estradasining yetakchi vakillari, hatto tojikistonlik xonanda Shabnam Surayyoning ishtiroki ham kutilgan edi. Agar 2–3 nafar ijrochilarning chiqishlarini hisobga olmasak, tadbirning badiiy qismi muxlislar kutgan darajada bo‘lmagani aniq.

Tadbirga mashhur aktyor va jang san’ati ustasi Jan-Klod Van Damm, MMA jangchilari Jeff Monson va rossiyalik Fyodor Yemelyanenko kabi jahon yulduzlari faxriy mehmon sifatida taklif etilgan edi, biroq Jan-Klod Van Damm va Jeff Monson uzrli sabablarga ko‘ra kelolmaydigan bo‘lishdi. Ularning o‘rniga amerikalik kinoaktyor va jang san’ati ustasi Stiven Sigal Toshkentga tashrif buyurgani rost, biroq u ham negadir tadbirda ko‘rinmadi.

Tan olib aytish kerak, bunday sport shou-dasturi, buni na chin ma’nodagi sport musobaqasi, na badiiy chiqishlarga boy shou-biznes tadbiri deb bo‘ladi, yurtimizda ilk bor o‘tkazilmoqda.

Yuqorida aytilganidek, unda Golivudning taniqli aktyorlari, bundan tashqari, aralash qoidali janglar bo‘yicha taniqli sportchilarning ishtirok etishi ― “birinchi raqamli hodisa” edi. Harqalay, ko‘pchilik shu vajda stadion o‘rindiqlarini egallagandi.

To‘g‘ri, tashkiliy masalalardagi ayrim kamchiliklarni hisobga olmaganda, e’lon qilingan janglar a’lo darajada o‘tkazildi. Har bir sportchining chiqishi oldidan uning ona tilida “yoqtirgan taronasi” yangrashi, homiylardan maxsus sovg‘alar topshirilishi, “oltin raqam” aksiyasi, g‘oliblarga so‘z berilishi... bularning barchasi tadbir darajasi belgilab, tashkilotchilar mehnatining samarasi sifatida qayd etildi.

Biroq bizni o‘ylantirgan boshqa narosa... O‘zbekistonlik muxlislar aralash qoidali janglarga qay darajada tayyor edi? Aniqrog‘i, stadionga yig‘ilgan tomoshabinlar turnir janglarini ko‘rishga keldimi yoki shou-biznes vakillari-yu gollivud yulduzlarining chiqishlarini ko‘rgani kelishdimi?

Bu masalaning bir tomoni. Ikkinchi tomoni, futbol o‘yinlari o‘tkaziladigan stadionning o‘rtasiga qo‘yilgan ringdagi jangni tashrif buyurganlar qanday tomosha qila olishdi? Umuman, bu kabi sport turnilari qanday sport inshootlarida o‘tkazilishi lozim?

Nima bo‘lganda ham, mazkur tadbir O‘zbekistonda o‘tkazilgan va keng omma e’tiboriga havola etilgan ilk aralash qoidali janglar turniri edi. Aslida kichik bir maktab tadbirini tashkillashtirish ham o‘ziga xos mehnat va qator “yugur-yugurlar” talab qiladigan ish. Bitta konsert dasturi bir necha kun, hatto haftalab repetisiya qilinishini yaxshi bilamiz.

Ilk tadbirda ayrim kutilmagan vaziyatlar sodir bo‘lishi turgan gap va bu tashkilotchilardan bilim-tajriba, o‘ziga xos qo‘shimcha sarf-xarajatlar talab qilgan bo‘lishi mumkin. Aniqrog‘i, bunday tadbirlar har doim ham ssenariyga mos tarzda bo‘lib o‘tavermaydi...

Biz ushbu sport turining kelib chiqish tarixi, dunyo sport olamidagi mavqei, shou-biznes olamidagi “qimmati” bilan qiziqib ko‘rdik.

Aralash qoidali janglar sport sahnasida paydo bo‘lganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. U qisqacha MMA, ya’ni ingliz tilidan Mixed Martial Arts, aniqrog‘i 1995 yilda Battlecade prezidenti Rik Blyum tomonidan taklif etilgan atama bilan yuritiladi. Mazkur sport turi aksariyat hollarda o‘z muxlislari tomonidan “qoidasiz janglar” deb ham ataladi.

U o‘zida turli jang san’ati maktablarining o‘ziga xos uslublarini jamlagan. Masalan, ikki nafar musobaqachi ishtirokidagi jangovor holatning tik, ya’ni klinch, shuningdek, kurash gilamidagi yotiq, ya’ni parter usuli ham birdek qo‘llaniladi.

Ushbu sport turiga muxlislarning qiziqishi yuqori bo‘lganligi sababli u sport musobaqasidan ko‘proq “sport-shou tabdiri”ga aylanib ketgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Aslida, bunday jang turlarining paydo bo‘lishi uzoq tarixga borib taqaladi. Qadimgi xalqlarning yodnomalarida, toshlarga o‘yilgan bitiklarida qabila jangchilari o‘rtasida yakkama-yakka jang musobaqalari o‘tkazilgani ma’lum.

Qadimgi yunonlar tomonidan eramizgacha o‘tkazilgan Olimpiya musobaqalarida “qurolsiz kurash bahslari” mashhur bo‘lgan. Hatto bunday jang san’ati aks ettirilgan haykallar hozirgacha saqlanib qolgan.

O‘rta asrlarda ayrim yirik qo‘shinlar jangi — har ikki tomondan tanlangan jangchilarning qurolsiz, ya’ni polvonlar kurashiga o‘xshash musobaqasi orqali hal etilgani ham tarixiy manbalarda qayd etilgan.

Hatto Artur Konan Doyl qalamiga mansub asarlarda ham yevporada muntazam ravishda o‘tkazib kelingan “o‘lim bilan tugaydigan kurashlar” haqida tarixiy ma’lumotlar badiiy tarzda ifoda etilgan.

Ikkinchi jahon urushidan keyin aralash qoidali janglarga yangi qoida va tartiblarning kiritilishi mashhur kinoaktyor va jang ustasi Bryus Li nomi bilan bog‘lanadi.

Mazkur sport turi o‘tgan asrning 90-yillarigacha ma’lum va mashhur bo‘la olgani yo‘q. Keyinchalik Ultimate Fighting Championship (Pride Fighting Championships), ya’ni Mutlaq jangovor chempionatlarning tashkillashtirilishi haqiqiy sport-shou dasturlariga aylandi.

Ushbu jang san’ati kishilik jamiyati tomonidan “qonli sport” deb tanqid qilinishiga qaramay o‘zining ma’lum bir qoidalarga ega. Unda jangchilarning salomatligiga o‘ta xavfli deb topilgan “usullar” man etilgan.

XX asrning 70-yillarida Kandzi Inoki ismli jang ustasi Yaponiyada aralash qoidali janglar musobaqasini tashkillashtiradi. U 1976 yilning 26 iyun sanasida mashhur bokschi Muhammad Aliga qarshi jang o‘tkazadi. Biroq jangdan kutilgan natija, ya’ni bokschining oyoq bilan berilagan zarbalari va Inokining parter holatida qo‘llaniladigan qiynoq usullari ish bermay, “beo‘xshov jang” durang hisobi bilan yakunlanadi.

Mazkur sport turi “qonli janglar” sirasiga kiritilsada, uning musobaqalarida olingan jarohatlar birgina boks musobaqalarida olinadigan jarohatlardan son jihatidan kam. Biroq jarohatlarning xavflilik darajasi biroz yuqori ekanligi rost.

Hozirda dunyoda har yili 100 yaqin aralash qoidali jang turnirlari o‘tkazilib turiladi. Masalan,
UFS (AQSHda), «2 Hot 2 Handle» (Gollandiyada), «Pride» (YAponiyada), bundan tashqari, Braziliya va Rossiya Federasiyasida turli nom va darajaga ega turnirlar o‘tkazib turiladi.

Sport musobaqasini olamshumul shou sifatida o‘tkazganlariga yarasha ishtirokchilarning “qalam haqlari” ham o‘ziga yarasha. Bir necha ming dollardan boshlanib bir necha yuz ming dollar, hatto undan ham ziyod.

Bunday janglar o‘tkazish uchun xalqaro talab qoidalari mavjud. Birinchisi — maxsus sakkizburchakli ring va uning to‘rli to‘siqlari. Ikkinchisi, tomoshabinlar uchun tomosha o‘rindiqlarining joylashuvi.

Hozircha ushbu jang san’ati an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan sport musobaqalarida uchrayvermaydi. Sababi, uning o‘z tashkilotchilari, o‘z jangchilari va o‘z talablari bor.

Mazkur sport musabaqasi ko‘proq shou maqomida bo‘lib, o‘yingan tikilgan pul yutuqlarining yirikligi, ko‘pgina hollarda sportchilarning o‘zaro kelishuviga asosan “soxta janglar” shou-dastur sifatida taqdim etilishi bilan xarakterli.

O‘zbekistonda aralash qoidali jang turnirlari tor doirada o‘tkazilishi va u har doim ham sport turlariga qo‘yilgan talablar doirasida bo‘lavermasligi bilan ajralib turadi.

Sportning asosiy maqsadi esa — aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, kelajak avlodni ham ma’nan, ham jismonan sog‘lom bo‘lishlarini ta’minlashdan iborat...

Yurtimizda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan bunday tadbirlar endilikda tashkilotchilar tomonidan har tomonlama o‘rganilib, so‘ng a’lo darajada o‘tkazilishiga ishonch bildiramiz...

 

 

Manba: qalampir.uz
Kiritildi: 10:38, 12.09.2017.
O'qildi: 5048 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.