«Barselona» «Malyorka» hujumchisi Vedat Murikini Robert Levandovski o‘rniga asosiy variantlardan biri sifatida ko‘rib chiqmoqda, deb xabar berdi Sports.kz Fichajes.net manbasiga tayanib.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, "ko‘k-anorranglilar" polshalik hujumchisi ketganidan keyin yangi markaziy forvard qidirish ishlarini boshlab yuborgan. Kutilmaganda asosiy nomzodlardan biri sifatida Kosovo terma jamoasining 32 yoshli hujumchisi ko‘rilmoqda.
Muriki o‘tgan mavsumda «Malyorka» Segundaga tushib ketganiga qaramay, La Ligada 23 ta gol urdi. «Barselona» rahbariyati tajribali forvard jamoaga jismoniy kuch, havodagi ustunlik va barqaror gol urish qobiliyatini bera olishiga ishonmoqda.
Xabar qilinishicha, klub sport direktori Deku kosovolik futbolchi nomzodini ijobiy baholamoqda. Chunki u Ispaniya chempionatiga moslashib bo‘lgan va jamoaga darhol foyda keltirishi mumkin.
Shuningdek, «Malyorka»ning quyi ligaga tushib ketishi futbolchining transfer narxini pasaytirishi mumkinligi ta’kidlanmoqda. «Barselona» Muriki uchun taxminan 15 million yevro to‘lashga tayyor.
Hujumchiga MLS klublari ham qiziqish bildirmoqda.
2025/2026 mavsumida Vedat Muriki La Liganing eng yaxshi to‘purarlaridan biriga aylandi va «Malyorka» hujumining asosiy yetakchisi bo‘ldi.













