«Barselona» «Atletiko Madrid» hujumchisi Xulian Alvaresni o‘z safiga qo‘shib olish uchun jiddiy qadam tashladi. Jurnalist Ruben Urianing xabar berishicha, kataloniyaliklar argentinalik forvard evaziga 70 million yevro va Ferran Torresni taklif qilgan.
Biroq «matraschilar» ushbu taklifni rad etdi. Madrid klubi Alvaresning transferidan ko‘proq moliyaviy daromad ko‘rishni istamoqda. Bundan tashqari, vaziyatni Ferran Torresning o‘z pozisiyasi ham qiyinlashtirmoqda — ispaniyalik futbolchi «Atletiko»ga o‘tishdan manfaatdor emas.
Ma’lumot uchun, Transfermarkt portali Alvaresni 90 million yevroga, Torresni esa 50 million yevroga baholamoqda. Har ikki futbolchi ayni damda 26 yoshda.
Hozirda Alvaresga «Arsenal» va «PSJ» kabi grand jamoalar ham da’vogarlik qilmoqda. Shunga qaramay, futbolchining o‘zi faoliyatini «Barselona»da davom ettirishga ko‘proq moyil bo‘lib turibdi.













