Kirish Ro'yxatdan o'tish

Raja Nainggolan Belgiya terma jamoasiga kerak emasmi?

Raja Nainggolan Belgiya terma jamoasiga kerak emasmi?

Baho:
+ | -

Belgiya termasi Italiya «A» seriyasidagi eng yaxshi xavbeklardan birini chetga surgan bo‘lsada, JCH-2018 yo‘llanmasini yutgan Yevropaning ilk jamoasiga aylandi.

To‘g‘ri, «qizil iblislar» ustozi Roberto Martines bu holatni oddiy izohladi: «Raja Nainggolanni chaqirmaganim qandaydir mojaroga bog‘liq emas.

Shunchaki, bu safar boshqa yigitlarga imkoniyat berishni lozim ko‘rdim».  Aytgancha, avvalroq Aksel Vitsel va Yuri Tilemans ham Belgiya termasida shunga o‘xshash voqealar markaziga tushishgandi.

Raja Nainggolan shu munosabat o‘laroq, ya’ni Gresiya va Bosniya termalariga qarshi o‘yinlarga chaqirilmaganidan so‘ng xalqaro faoliyatini tugatib qo‘ya qoldi. Ammo xayrlashuv hamma kutgan darajada bo‘lmadi. Futbolchi barchasiga nafrati yashiringan nomaqbul so‘zlarni aytish asnosida nuqta qo‘ydi.

U jurnalistlar bilan muloqotda me’yorni buzganini keyinroq tushungandir, ammo shu orqali terma jamoadan o‘z xohishi bilan ketmayotganini bilintirdi. Nima bo‘lganda ham, Raja endi Roberto Martines boshqaruvida bosh­qa o‘ynamasa kerak.

Bir qarashda, murabbiy ham futbolchining bunday keskin qaroridan ortiqcha xavotirga tushmayotgandek. Yo‘q, bunda gap Nainggolan saviyasi yoki jamoa uslubiga mos kelish-kelmasligida ham emas. Shunchaki, Martines uni uncha  yoqtirmasdi.

Deylik, ispan mutaxassisi Belgiya termasi boshqaruvini qo‘lga olgani hamono Nainggolan oldiga taqiq qo‘ygandi. Aniqrog‘i, chekishni zudlik bilan tashlashini talab qildi.

Gap shundaki, Belgiya termasida birgina Raja chekardi va buni hamma bilardi. Futbolchining ushbu yomon illati yetarlicha muhokama ham qilingan.

Deylik, avvalgi bosh murabbiy Mark Vilmots ham bundan xabardor edi, ammo beparvo qaradi, shekilli. Ya’ni u «Nainggolanning shaxsiy hayotiga aralashish noo‘rin» qabilida ish tutdi.

Nainggolanning maydon bo‘ylab qanday yugurishini ko‘rganmisiz? Bir qarashda, u raqibga biroz imkon berish uchungina chekadigandek. Aks holda, uni to‘xtatishning iloji topilmasmi-di?

Mana, Martines bu masalaga boshqacha yondashdi. Har holda, Nainggolanning chekishi boshqalarga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Bu boshlanishi edi. Hammasi shu darajaga bordiki, Martines oxirgi yig‘inda Rajani chetga surishdan o‘zga chora topolmadi. Qolaversa, boshqa jihatlar ham yo‘q emasdi:

1. Belgiya termasining iyun oyidagi uchrashuvlarida Nainggolan to‘la tayyor emasdek ko‘rindi;

2. Raja Estoniya termasiga qarshi o‘yin oldidan o‘tkazilgan mashg‘ulotga kechikdi. U lift kutib, 37 soniya (!) ushlanib qolgandi. Umuman, o‘shanda boshqa futbolchilar ham vaqtida yetib kelishmagandi.

3. Jahl otiga mingan Nainggolan bor zahrini socha boshladi va Yuri Tilemans hamda Aksel Vitselni misol sifatida ko‘rsatdi: «Qarang, murabbiy «Monako» o‘rindig‘ini «isitayotgan» Tilemansni chaqiryapti.

Vaholanki, u termaga kelgach, faqat top-chempionatlarda o‘ynaydigan yigitlarga ishonch bildirishini aytgandi. Endi esa uzoq Xitoyda to‘p surayotgan Vitselni ham bezovta qilyapti. Qisqasi, o‘z qoidasiga zid ish tutyapti».

4. Dunyo qanchalar tor-a... Martines va Nainggolan ta’til chog‘i Ibisadagi restoranda ko‘rishib qolishdi. Biroq ispan mutaxassisi Raja bilan na salomlashdi va na xayrlashdi.

Oshkora yoqtirmaslik, mayda-chuyda xatolarga ham «osilaverish»... Ko‘rinishidan, Martines o‘zini katta obro‘ egasidek his qilmayapti, chog‘i.

Hurmat darajasini esa jazo choralarini kuchaytirish asnosida oshirmoqchidek.

Nainggolan tarixi, ya’ni murabbiy qahriga uchrash qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi boshqa futbolchilar uchun o‘ziga xos darsmi?

DAVOMI

Manba: www.std.uz
Kiritildi: 23:46, 17.09.2017.
O'qildi: 3268 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.