UYEFA zonasida o‘tayotgan JCH-2018 saralash bosqichi guruh raundi tugashiga 2tagina tur qoldi.
Ammo hozircha asosiy masalani hal qilgan bittagina jamoa bor - Belgiya termasi Rossiya mundiali yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan «ko‘hna qit’a»ning birinchi vakiliga aylandi (albatta, mezbon jamoani hisobga olmaganda).
Demak, oktyabrning birinchi 10 kunligiga belgilangan 9-tur uchrashuvlari ko‘p narsaga oydinlik kiritib berishi mumkin.
Lekin hozircha 7-8-turdan keyin yuzaga kelgan e’tiborli faktlar, statistik ko‘rsatkichlarga e’tibor qaratib turganimiz ma’qulroq.
REKORDLAR, FAKTLAR, RAQAMLAR...
2 - Shimoliy Irlandiya va Serbiya termalari kamida «pley-off» raundida o‘ynash huquqini beruvchi 2-o‘rinni naqd qildi.
5 - Ispaniya milliy jamoasi hujumchisi Alvaro Morata Lixtenshteyn termasiga qarshi kechgan o‘yinda golli seriyasini davom ettirdi. Aniqroq aytsak, «Chelsi»ning 24 yoshli hujumchisi klubi va terma jamoasi ishtirokidagi oxirgi 4ta o‘yinda raqiblar darvozasini 5 marta ishg‘ol qildi. Alvaro bungacha «Bernli» va «Everton» klublari hamda Italiya termasi bilan uchrashuvlarda o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ygandi.
21 - «Bavariya» klubi va Germaniya milliy jamoasi vakili Joshua Kimmix Norvegiya termasiga qarshi bahsda ham maydonda to‘liq vaqt harakatlanib, o‘ziga xos natija qayd etdi. Aniqrog‘i, u so‘nggi 21ta o‘yinni almashtirishsiz o‘tkazib, 1973-1975 yillar oralig‘ida afsonaviy Frans Bekkenbauer tomonidan ko‘rsatilgan natijani takrorladi. 1968-1971 yillar davomida ketma-ket 34ta uchrashuvda to‘liq vaqt to‘p surgan Berti Fogts bu borada bundestim rekordchisidir.
29 - UYEFAga a’zo mamlakatlardan 2tasining jamoasi mundial chiptasini rasmiylashtirgan bo‘lsa, qolgan 53ta termaning 29tasida nazariy jihatdan JCHga yo‘l olish imkoniyati bor.
31 - Mario Gomes Norvegiya termasiga qarshi bahsda Germaniya milliy jamoasi safida 71-marta maydonga tushib, 31-golini nishonladi. Tomirlarida nemis va ispanlar qoni oqayotgan bu futbolchi 2007 yildan buyon bundestim uchun muntazam ravishda gol urmoqda. Ma’lumot uchun aytish kerak, Mario Germaniya termasidagi debyutini 21 yoshida, ya’ni aynan 2007 yili 7 fevral kuni shveysariyaliklar bilan o‘yinda nishonlagandi.
53 - Isroil termasiga qarshi o‘yin Italiya milliy jamoasi uchun jahon chempionati saralashi doirasida o‘z maydonida o‘tkazilgan 53-bahs bo‘ldi. «Skuadra adzurra» ularning 46tasida g‘alaba qozonib, 7tasida durang qayd etgan, to‘plar nisbati - 137:24. Xullas, italyanlar shu paytgacha o‘z maydonlarida mundial yo‘lidagi o‘yinlarda biror marta mag‘lubiyatga uchrashmagan.
116 - «Roma» yarim himoyachisi Daniele de Rossi Isroil termasiga qarshi bahsda Italiya milliy jamoasi libosida 116-marta maydonga tushdi. Shunday qilib, u «moviy gvardiya» gvardiyachilari reytingida Andrea Pirlo bilan tenglashib oldi. Shu ikkisidan oldinda atigi 3 nafar futbolchi bor: Janluiji Buffon (171ta o‘yin), Fabio Kannavaro (136ta o‘yin) va Paolo Maldini (126ta o‘yin).
500 - Lixtenshteyn termasi 173-rasmiy uchrashuvda qatnashib, gol qo‘yib yuborish bo‘yicha 500-dovondan o‘tdi. Kamtarin jamoaga yubiley golni o‘yinning 3-daqiqasida «Real» himoyachisi Serxio Ramos tortiq etdi.
OXIRGI TUR QAHRAMONI - TOMA LEMAR
Yarim himoyachi Toma Lemar 31 avgust kuni Fransiya terma jamoa safida 7-o‘yinini o‘tkazdi va «dubl» qayd etdi. 1995 yilning 12 noyabrida Gvadelupada tug‘ilgan bu futbolchi oxirgi mavsum davomida katta o‘sishga erishdi. «Arsenal» uning uchun 100 mln. yevro to‘lashga tayyor turgandi. Toma 2011-2016 yillar oralig‘ida Fransiyaning turli yosh toifasidagi jamoalari (U-17 - U-21)da o‘ynadi. Didye Desham Gollandiya termasiga qarshi muhim o‘yinda uni yarim himoya markaziga joyladi va bu o‘z samarasini berdi.
TEXNIK KO‘RSATKICHLAR
To‘purarlar: 14ta - Krishtianu Ronaldu (Portugaliya); DAVOMI