Kirish Ro'yxatdan o'tish
14/11 05:00 Urugvay - Kolumbiya
14/11 05:00 Peru - Chili
14/11 14:10 Avstraliya 0-0 Saudiya Arabistoni
14/11 17:00 KXDR 2-3 Eron
14/11 19:00 Bahrayn 0-1 Xitoy
14/11 19:00 Kuvayt 1-3 Janubiy Koreya
14/11 21:00 Ummon 1-0 Falastin
14/11 21:15 Iroq 0-0 Iordaniya
14/11 21:15 Qatar 3-2 O‘zbekiston
14/11 21:15 BAA 3-0 Qirg‘iziston
15/11 02:00 Venesuela 1-1 Braziliya
15/11 04:30 Paragvay 2-1 Argentina
15/11 05:00 Ekvador 4-0 Boliviya
15/11 17:00 Indoneziya - Yaponiya

FIFA O‘FFga 5 million dollar beradigan bo‘ldi

FIFA O‘FFga 5 million dollar beradigan bo‘ldi

Baho:
+ | -

O‘zbekiston Futbol Federasiyasi Prezidenti Umid Ahmadjonov va O‘zbekiston Futbol Federasiyasi Ijroiya Qo‘mitasi a’zosi Bobur Shodiyev bugun Shveysariyaning Syurix shahrida FIFA prezidenti Janni Infantino bilan uchrashdi. FIFA qarorgohida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakuniga ko‘ra, O‘FF Prezidenti Umid Ahmadjonovning taklifi bilan FIFA prezidenti Janni Infantino O‘zbekistonga tashrif buyurishga va’da berdi.

Umid Ahmadjonovning tashrifdan ko‘zlagan asosiy maqsadi FIFA tasnifidagi xalqaro tadbir va musobaqalarni O‘zbekistonga olib kelish bo‘lib, O‘FF Prezidenti Janni Infantino bilan o‘zaro suhbat chog‘ida o‘smirlar hamda yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati, 17 va 20 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi jahon chempionatini O‘zbekistonda o‘tkazish masalasini qizg‘in muhokama qildi.

O‘FF Prezidenti FIFA prezidenti bilan suhbat asnosida O‘zbekiston bugungi kunga kelib, FIFA Kongressi, shuningdek, FIFAning ixtisoslashgan forumlaridan biriga mezbonlik qilishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston delegasiyasi futbol targ‘ibotini kuchaytirish maqsadida FIFAdan dunyo futbolining yorqin afsonalari va buguni kun yulduzlarini O‘zbekistondagi yosh futbolchilarga master-klass o‘tab berishi, shuningdek, jahon futbolida top-murabbiylarni O‘zbekistonda nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazib berishi uchun taklif qilishda FIFAning amaliy yordam berishini so‘radi. Bundan tashqari, Yevropaning ko‘zga ko‘ringan futbol klublari va O‘zbekiston klublari o‘rtasida hamkorlikdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish va mutaxassislarni jalb qilgan qolda, o‘zaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvga erishildi.

O‘zbekiston Futbol Federasiyasining barcha turdagi faoliyatini, ayniqsa, moliyaviy jihatdan shaffoflashtirish bo‘yicha yangi strategik reja barpo qilayotgan Umid Ahmadjonov FIFA rahbari bilan “Forvard” loyihasi bo‘yicha muzokaralar olib bordi. Natijada 2018 yilning oxirigacha O‘zbekiston futboliga 3.5 million AQSH dollari, 2019 yilda esa yana 1.5 million dollar O‘FF hisobiga o‘tkazib beriladi.

“Bu pullar qayerdan keladi?” degan savolga FIFAga yangi prezident bo‘lib saylangan Kongressda Janni Infantino tomonidan so‘zlangan nutqni javob tariqasida keltirish mumkin. Meksikada bo‘lib o‘tgan Kongressda InfantinoFIFAning daromadi unga a’zo federasiyalarga taqsimlab berilishi kerakligini baralla aytgan edi. Ana shu gaplarning isboti tariqasida Infantino yangi rivojlantirish loyihasini ishga tushirdi. Mazkur loyiha doirasida FIFAga a’zo har bir federasiya, shu jumladan O‘zbekiston ham, 4 yil muddatga 5 million AQSH dollari miqdorida pul oladi. Bu pullar FIFAning “Forvard” loyihasi reglamentida aytib o‘tilganidek federasiyaning ishini yuritish, ma’muriy boshqaruv ishlari, shuningdek, terma jamoalar, Respublika miqyosidagi musobaqalarni o‘tkazish, veb-sayt ishlarini takomillashtirish kabi alohida belgilab qo‘yilgan ishlarga sarflanishi kerak.Amaliy ishlar tugagach, FIFA 5 million AQSH dollarini 4 yil ichida o‘rnatilga tartibda federasiyalarga audit asosida o‘tkazib beradi.

Alohida ta’kidlash kerakki, Umid Ahmadjonovning FIFA bilan muzokaralari natijasida maxsus loyihalar uchun FIFA bilan 2017-2018 yilgi davrga 1,5 million AQSH dollari miqdorida shartnoma imzolanadigan bo‘ldi. Ahmadjonovning topshirig‘i asosida Toshkentda ushbu shartnoma shartlarini bajarish bo‘yicha ishchi guruhi tuzilib, unga belgilangan muddat ichida barcha xujjatlarni Syurixga yuborish vazifasi birlamchi qilib qo‘yildi. Bundan tashqari 2016 yilgi maxsus loyihalar uchun o‘z hisobidan mablag‘ ishlatib turgan O‘FFga harajatlarni qoplash maqsadida 1 million AQSH dollarini o‘tkazib beriladigan bo‘ldi. Janni Infantino kelgusida FIFAning futbolni rivojlantirishga yo‘naltirilgan moliyaviy grant dasturlarida O‘zbekistonning faol ishtirok etishiga umid bildirdi.

Umid Ahmadjonov va Janni Infantino o‘rtasidagi suhbatda FIFAning “Gol-4” loyihasi bo‘yicha O‘FFning hisob raqamiga o‘tkazilishi kerak bo‘lgan mablag‘larni kechiktirmasdan olish, milliy terma jamoaga avtobus sotib olish uchun ajratiladigan mablag‘ning miqdorini oshirish kabi masalalar muhokama qilindi.

“Gol-4” loyihasi FIFAning sobiq prezidenti Zepp Blatter davridagi rivojlantirish loyihalarining oxirgisi bo‘lib, uning doirasida O‘zbekiston Futbol Federasiyasiga 500,000 AQSH dollari miqdorida mablag‘ beriladi.Bu pullarning bir qismi allaqachon O‘zbekiston Futbol Federasiyasi binosini qayta ta’mirlash uchun ishlatilgan. Qolgan qismi esa milliy terma jamoaga yangi avtobus sotib olish uchun sarflanadi. Shu tariqa O‘FF FIFAning “Gol” loyihalaridagi ishtirokini tamomlaydi.

“Biz O‘zbekiston Futbol Federasiyasining faoliyatini shaffoflashtirish orqali ishqibozlarning mamlakatimiz futboliga bo‘lgan hurmat va e’tiborini, ishonchini qaytarishni maqsad qildik. Federasiya endilikda, barcha turdagi faoliyatlar, shu jumladan, moliyaviy operasiyalar haqida vaqti-vaqti bilan hisobot berib turadi”, - deydi Umid Ahmadjonov Infantino bilan uchrashuvdan keyin O‘FF matbuot xizmatiga bergan intervyusida.

Umid Ahmadjonov boshchiligidagi O‘FF delegasiyasi Shveysariyadan Toshkentga shu hafta oxirida qaytib keladi.

O‘FF matbuot xizmati

Manba: www.the-uff.com
Kiritildi: 15:44, 21.09.2017.
O'qildi: 11456 marta.
Fikrlar: 8 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.