Xabaringiz bo‘lsa kerak, Qatar yulduzlar ligasining yangi mavsumi start oldi. Bu chempionatda ikki hamyurtimiz - Temurxo‘ja Abduxoliqov va Sanjar Tursunov o‘ynashyapti.
«Al-Sayliya» ilk turni mehmonda o‘ynashiga qaramay, chempionatni ishonchli g‘alaba bilan boshladi. Temurxo‘ja esa jamoasining uchinchi goliga mualliflik qildi.
Ikkinchi turda esa jamoa o‘z maydonida «Al-Sadd»ga imkoniyatni boy berdi Temurxo‘ja bu uchrashuvda ham bitta golga mualliflik qildi.
Biz bu o‘yinlardan so‘ng u bilan bog‘lanib, intervyu oldik.
- Temurxo‘ja, mavsumning ilk o‘yini jamoangiz uchun qanday kechdi?
- Albatta, har qanday musobaqaning dastlabki uchrashuvi hayajonli va qiyin bo‘ladi. Lekin bu o‘yinda bizga omad ham kulib boqdi va mavsumni g‘alaba bilan boshladik. Aslida, asosiy maqsadimiz ham shu edi.
- Urgan golingiz haqidagi gaplashsak. O‘sha vaziyatda o‘yindan tashqari holat bordek tuyuldi. O‘zingiz uchrashuvni takroran ko‘rdingizmi?
- Ha, ko‘rdim, menga ham o‘yindan tashqari holat bordek ko‘rindi. Lekin nima bo‘lganda ham golni hisobga olishdi. Jamoamning muhim g‘alabasiga hissa qo‘shganimdan xursandman. Vazifam - to‘p kiritish, vaziyatlarni muhokama qilishni boshqalarga qo‘yib beraylik (kuladi). Kelasi safar shubha-gumonlarga o‘rin qoldirmaslik uchun toza gol urishga harakat qilaman.
- O‘tgan mavsum bilan taqqoslaganda, «Al-Sayliya»da nimalar o‘zgaribdi?
- Safimizga yangi futbolchilar kelib qo‘shilgan. Qolaversa, zaxiramizda o‘yinni kuchaytira oladigan o‘yinchilar bor ekan. Ular asosiy tarkibga ham jalb etildilar. Hozir ikkita kuchli tarkibga egamiz. Eng katta o‘zgarish sifatida aynan shu narsani aytib o‘tishni istardim.
- O‘tgan mavsum to‘p surgan legionerlar jamoada qolishganmi yoki boshqa xorijlik futbolchilar xarid qilindimi?
- Uch legioner qoldi. Birgina Sanjar Shoahmedov jamoani tark etdi. Uning o‘rniga Nodir Belxaj xarid qilindi.
- Demak, jamoa o‘tgan yilgiga qaraganda ancha kuchayibdi-da?
- Qanchalik kuchayganini chempionat o‘yinlari ko‘rsatib beradi. Hozir xulosa chiqarishga erta. Nasib qilsa, avvalgi mavsumdagi natijamizni yaxshilashga intilamiz.
- Murabbiylar shtabi yoki klub rahbariyatida o‘zgarish bo‘lmadimi?
- Yo‘q, hamma o‘z joyida qoldi.
- Shaxsan sizga Sanjarning o‘rni bilinayotgandir?
- Albatta, juda bilinyapti.
- Sharoitlar o‘tgan mavsumdagiga qaraganda yaxshilandimi?
- Hammasi a’lo darajada.
- Mavzuni biroz o‘zgartiramiz. Termamizning omadsizligi esdan chiqa boshladimi? Yomon tushni unutishga harakat qilyapsizmi?
- Ha, esimdan chiqdi. Chunki meni oldinda juda ham qiyin mavsum kutib turibdi. Legionerdagi mas’uliyat boshqalarnikidan ikki barobar yuqori bo‘lar ekan. Shu bois siz aytgan dahshatli tushni imkon qadar tezroq unutishga harakat qilyapman.
- Janubiy Koreya termasiga qarshi kechgan bahsdan so‘ng kiyinish xonasida nimalar bo‘ldi?