O‘zbekiston Futbol Federasiyasi Prezidenti Umid Ahmadjonov bugunDubayda Birlashgan Arab Amirliklari Futbol Uyushmasi vise-prezidenti Abdulla Nosir al-Junaybiy bilan uchrashdi.
Uchrashuv chog‘ida tomonlar O‘zbekiston va BAA futbolini yanada rivojlantirish uchun hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, O‘zbekiston Futbol Federasiyasi va Birlashgan Arab Amirliklari Futbol Uyushmalari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlash orqali o‘zaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ikki mamlakat yoshlari orasida futbolni yanada ommalashtirish uchun amalga oshirilishi kutilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida suhbat olib bordilar.
Uchrashuv yakunida Umid Ahmadjonov va Abdulla Nosir al-Junaybiy O‘FF va BAA Futbol Uyushmasi o‘rtasidagi hamkorlik memorandumini imzoladilar.
Ushbu memorandum O‘zbekiston va BAA terma jamoalari va klublariga turli yosh toifalarida o‘rtoqlik o‘yinlari va musobaqalar,o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil qilish va o‘tkazish, ikki mamlakat terma jamoalarining murabbiylari o‘rtasida tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, futbol, ayollar futboli, futzal,bolalar-o‘smirlar futbol maktablarida faoliyat olib boradigan murabbiylarni o‘qitish va malakasini oshirish, murabbiylar, hakamlar va sport medisinasi xodimlarini o‘qitish va malaka oshirish kurslariga yuborish kabi katta imkoniyat eshiklarini ochib beradi.
Umid Ahmadjonov Abdulla Nosir al-Junaybiy bilan uchrashuvda BAA Futbol Uyushmasining xalqaro musobaqalarni tashkil qilish va o‘tkazish tajribasini o‘zlashtirish haqida gapirar ekan, 2018 va 2019 yilgi klublar o‘rtasidagi jahon chempionati, 2019 yilgi Osiyo Kubogi tashkiliy qo‘mitasiga bir guruh O‘FF mutaxassislarini malaka oshirish uchun yuborish masalasini ham alohida muhokama qildi.
“O‘zbekiston Futbol Federasiyasi kelajakda BAA kabi FIFA va OFK turnirlarini O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyor bo‘lishi uchun ham biz kadrlar tayyorlash dasturi doirasida ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratdik”, - deydi Umid Ahmadjonov O‘FF matbuot xizmatiga. “O‘FFda xalqaro tajribaga ega mutaxassislar bor, lekin biz FIFA va OFK tadbirlarini O‘zbekistonga olib kelmoqchi ekanmiz, katta tajribaga ega mutaxassislarni tayyorlash birlamchi vazifaga aylanadi. Shuning uchun ham Osiyoning yetakchi federasiyalari bilan o‘zaro tajriba almashinuviga erishish oldimizdagi katta vazifalardan biri hisoblanadi”.
Memorandum, shu bilan bir vaqtda, O‘zbekiston va BAA futbol ligalari doirasidagi o‘yinlarga ikki mamlakat hakamlarini taklif qilish, xalqaro tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazishda O‘FF va BAA Futbol Uyushmasi xodimlarining o‘zaro tajriba almashishiga imkoniyat yaratib beradi.
Ta’kidlash kerakki, bu Umid Ahmadjonov O‘FFga prezident etib saylanganidan beri xorijga amalga oshirgan ikkinchi safaridir. Bungacha Umid Ahmadjonov FIFA prezidenti Janni Infantino bilan uchrashib, O‘zbekiston FIFAning xalqaro musobaqalari va tadbirlariga mezbonlik qilishga tayyor ekanligini ma’lum qilgan edi.