O‘ziga xos xarakter sohibi va so‘zga chechan agent Mino Rayolaning qaysidir voqeaga beradigan izohi xuddi qaynoq, o‘tkir va achchiq qahvadek. U hamon mijozlaridan biri Mario Balotellini ulug‘lashdan charchamayapti va «Milan» rahbariyatidan kechirim so‘rashini talab qilyapti.
Gap shundaki, «bebosh» hujumchi Fransiya ligasidagi ikkinchi mavsumini ham binoyidek boshladi, gol ketidan gol urmoqda. Soccer.ru sayti esa Balotelliga shu ruhda davom etishini tilagan holda, uning agentiga tegishli eng sara fikrlardan yaxlit «guldasta» yasadiki, bu «o‘tkir» iboralar shaydolarini sira befarq qoldirmasa kerak.
Rayola futbolga qanday kirgan? «Xarlemda, ota-onamga tegishli restoranda ishlardim. Mahalliy klub prezidenti esa har hafda kechki ovqat uchun oldimizga kelardi. Vaqt o‘tishi bilan ikkimiz inoqlashib qoldik va unga doimo futbol bobida hech baloni tushunmasligini ta’kidlardim. Oxir-oqibat, uning sabr kosasi to‘ldimi, harqalay, yorildi: «Shunchalik dono ekansan, bir o‘zingni sinab ko‘r!» Shu tariqa qo‘qqisdan «Xarlem» sport direktoriga aylandim».
Familiyasi qanday talaffuz qilinishi kerak? «Familiyamni qanday talqin etishlariga shunchaki, tupuraman. Menga pul to‘lashar ekan, xohlagan shaklda yozaversinlar, aytaversinlar».
Ibragimovich ishi (Zlatan Ibragimovich «Barselona» bilan shartnoma tuzganidan 1 yil o‘tib, klubdan ketgach, Yoxan Kroyff va Xosep Gvardiola shved hujumchisi o‘yin uslubi bo‘yicha italyan futboliga ko‘proq mos kelishini ta’kidlashgandi). «Qiziq, ular Zlatanga «Barselona»ga mos kelmasligini nega shartnoma tuzishdan oldin aytishmagan? Menimcha, Gvardiola va Kroyffni tengdaniga jinnixonaga jo‘natish lozim. Shunda ular xotirjam sharoitda o‘zaro qarta o‘ynab o‘tirishadi va bu bilan «Barselona»ga ko‘proq naf keltirgan hisoblanishadi».
Ibragimovich faoliyati qanday bahoga loyiq (2001 yil)? «Ibraning vijdoni nafaqat o‘zi, balki boshqalar oldida ham pok. Hozir uning «Milan»da yana qancha vaqt to‘p surishini bilmayman, ammo bir narsaga ishonchim komil - faoliyatini kamida 35 yoshga to‘lgunicha yuqori saviyada davom ettiradi».
Gvardiolani qanday ta’riflash kerak? «Pep - buyuk murabbiy, buni tan olaman, ammo u inson sifatida shunchaki, chiqindi. Axir Zlatanni «Barsa»ga muloyimlik bilan chaqirdi, ammo keyin mijozim bilan xuddi echkidek munosabatda bo‘ldi».
«A» seriyasiga achinish hissi. «Zlatan g‘oliblik ruhi bilan tu-yingan. U «PSJ»ga o‘tib ketsa, «A» seriyasi o‘zining oxirgi yulduz futbolchisidan ayriladi».
«Oltin to‘p»ni kimga berish kerak (2012 yil)? «Zlatan «Oltin to‘p»ga ega chiqishi shart. Agar ushbu sov-rin unga nasib etsa, bu mustaqil hamda adolatli qaror hisoblanadi. Aks holda, tanlov tashkilotchilarining mustaqil emasliklari va siyosiy asoslardan kelib chiqib qaror chiqarishlari oydinlashib qoladi».
Faoliyatni qanday uzaytirish mumkin (2015 yil)? «Zlatan 15 yil davomida o‘zi uchun yetarlicha ishlashga ulgurdi. Endi keyingi 8 yil men uchun mehnat qiladi. Bilamanki, Ibra 42-43 yoshigacha xotirjam o‘ynay oladi, axir u xuddi Benjamin Batton kabi vaqt o‘tgan sari yosharib boraveradi».
Zlatan kim? «Zlatan noyob nusxa. Unda Messi texnikasi, Muhammad Ali xarakteri va Mayk Tayson kuchi mujassam».
Balotelli ishi (Joze Mourinyo va Roberto Manchini haqida, 2011 yil). «Balotelli - qoyilmaqom futbolchi! Mario yaqin orada sayyora bo‘yicha birinchi o‘ringa ko‘tariladi. Bunda Manchinining hissasi katta. Robertodan minnatdorman, chunki u Mourinyodan farqli ravishda, Marioga ishonyapti».
Xovard Uebbga «ta’rif» (Balotelli «Tottenxem» yarim himoyachisi Skott Parker boshiga oyoq qo‘ygani oqibatida uning oldida 4ta o‘yinlik diskvalifikasiya xavfi yuzaga kelgandi). «Marioning bu harakati tasodifan ro‘y berdi, bosh hakam esa qo‘rqoqning o‘zginasi. U barchasini yaxshi ko‘rgandi. APLda mantiiqsiz qoidalar ko‘p, FA Balotellini himoya qilishi kerak, aks holda, u ligani o‘zgartirish haqida o‘ylashga majbur bo‘ladi».
Hujumchining narxi qancha (2012 yil)? «Balotelli «Manchester Siti»da o‘ynamoqda va bu klub pulga muhtoj emas. Ayni holatda u bebaho. Gap jahonning eng yaxshi futbolchilaridan biri haqida ketyapti. Agar barchasini o‘zimga qo‘yib berishsa, Mario transferini 250 million yevroga baholardim. Nima, aqldan ozgandek ko‘rinyapmanmi? Xuddi «Siti» xo‘jayinlaridek...».
«Mona Liza» asariga qiyos (2012 yil). «Italiyada Balotellini xarid qilishga jazm etadigan jamoaning o‘zi yo‘q. U tengi yo‘q «Mona Liza»dek juda qimmat».
Olmami yoki olcha (2013 yil)? «Silvio Berluskoni mijozimni barchasini buzadigan chirigan olmaga o‘xshatib, katta xato qildi. Yo‘q, Mario olma emas, u sifatli olcha!»
«Liverpul»dagi holat yuzasidan (2015 yil). «Ha, Mario «Liverpul»da murakkab vaziyatga tushib qoldi, ammo uni klubdan ajratib olmayman. Bu xususda o‘ziga shunday dedim: «60-70 million evazigagina ketishing mumkin - ulushsiz qolishni istamayman. Yo‘qsa, «Enfild»ning o‘zida o‘lasan».
Miya almashish imkoni bormi? «Agar Mario Balotelli va Zlatan Ibragimovich miyasini almashtirish imkoniyati bo‘lganidami, Messi hozir o‘z kolleksiyasidagi «Oltin to‘p»larni sanab o‘tirmasdi».
Yurgen Kloppdan xafagarchilik. «Afsus, Klopp ham Marioga nisbatan o‘ta adolatsizlik qildi. Yana bir chiqindi uyumi...».
Balotellini qanday yo‘lga solish mumkin? «Echimini topgandayman - Mario ortiqcha safsatabozlik qilmasligi va o‘zini oqlash imkoniyatiga ega bo‘lmasligi uchun uning tilini kesib tashlashni istayman».
Pogbaning narxi qancha (2013 yil)? «Pogbaga baho belgilashning imkoni yo‘q - u sotuv uchun mo‘ljallangan emas. Bilamiz, san’at asarlari juda qimmat turadi. Ayrim futbolchilar ham shunday, xususan, Pogba. Pol deylik, Dali kartinasi kabi bebaho».
Beylni kamsitishmi yoki...? «Real» Beyl uchun 100 million yevro to‘lagan ekan, Pogba kamida ikki baravar baland narxda sotilishi kerak!»
Maqtov. «Pogba hozirning o‘zida o‘z pozisiyasi bo‘yicha dunyoning eng yaxshi o‘yinchisidir va yaqin kelajakda barcha futbolchilar orasida birinchi raqamli bo‘lishga qodir».
Mourinyo jur’atli yigit. «Rekord darajadagi kelishuvni amalga oshirish uchun sheryurak bo‘lish kerak. Mourinyo shunday yigit».
Nega aynan «MYU»? «Ibragimovich ogohlantirdi: «Bordiyu, Pogbaning «Yuventus»dan «MYU» emas, bosh-qa biror klubni tanlashiga yo‘l qo‘ysang, oyog‘ingni sindiraman». Yozgi transferlarning sirli nazoratchisi...».
Dunyoga qanday boqish kerak (FIFA va UYEFA, Yozef Blatter va Mishel Platini haqida)? «FIFA ham, UYEFA ham mafiya qonunlari asosida ish yuritadi - ular mutlaqo yopiq, shaffoflikdan asar yo‘q. Blatter - telba diktator, Platini - qonun doirasidagi o‘g‘ri, aqli ham joyida emas, yo‘qsa, moliyaviy «Feyr-pley» qoidasini tasdiqlarmidi?»
Italiya futboli tirik emasmi (JCH-2014dagi omadsizlikdan so‘ng)?«Nahotki, kimdir Italiya terma jamoasining jahon chempionatida g‘alaba qozonishiga ishongan bo‘lsa? Tushuninglar, Italiyada futbol o‘lik holda...».
Futbolchilar sochiq misolimi? «Madridda futbolchilarni xuddi siz sochiq xarid qilganingizdek sotib olishadi. Keyin esa ularni yana xuddi siz yaroqsiz holga kelgan sochiqni tashlab yuborganingizdek chetga uloqtirishadi».
«Napoli» va kino. «Neapolda faqat filmlarni suratga olishni bilishadi».
17 yoshli Donnarumma reklamasi (2015 yil). «Bu yigit - Modilyani va kamida 170 million yevro turadi».
Adriano Gallianiga eslatma. «Galliani har safar narxlar oshib ketayotganidan chuqur xo‘rsinadi: «Eh, bu arablar...». Shunda unga bir haqiqatni eslatib qo‘yaman: «To‘xta, naq 20 yil davomida o‘zingga ham arab bo‘lish yoqib keldi-ku».
U taniqli emasmi? «Ochig‘i, ayrim sport direktorlari professionallikdan juda yiroqlar. Har holda, qo‘ng‘iroq qilib, o‘zimni tanishtirganimda, so‘rashdan uyalishmaydi: «Mino... Kim?» Mino Rayolani bilmaydigan futbol klubi menejeri aslida o‘ziga boshqa ish qidirishi kerak».
Mino Rayola chin bashoratchimi (2016 yil 6 sentyabr)? «Menimcha, 3-4 yil davomida 200 millionlik futbol transferiga ham guvoh bo‘lamiz».