Toshkentning “Obod” futbol klubi O‘zbekiston Professional Futbol Ligasi Ijroiya Qo‘mitasining O‘FF bilan birga kelishilgan qaroriga ko‘ra, futbol bo‘yicha 2017 yilgi O‘zbekiston chempionati qatnashchilari safidan chiqarildi.
Bugungi kunga kelib “Obod” futbol klubining O‘zPFL oldidagi qarzlari 112 mln so‘m (shundan 90 mln so‘m – a’zolik badali to‘lovi, 15 mln so‘m – O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmagan murabbiyni ro‘yxatga qo‘yish uchun to‘lov va 7 mln – jarima to‘lovlari)ni tashkil etadi. O‘zbekiston klublarini lisenziyalash bo‘yicha reglamentga muvofiq klubni moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi ma’lumotnoma O‘zPFLga taqdim etilmaganligi natijasida ushbu jamoa nimaning hisobiga moliyalashtirilishi haqidagi masala tushunarsizligicha qolaverdi.
“Obod” futbol klubi, shuningdek, reglament talablarini qo‘pol ravishda buzgan holda bir necha marta ogohlantirish berilganiga qaramasdan lisenziyalash bo‘yicha birorta ham xujjatni rasmiylashtirmadi.
Shu bilan birga Oliy liganing 20-turi doirasidagi “Obod” – “So‘g‘diyona” (2:4) va 22-turidan o‘rin olgan “Obod” – “Nasaf” (0:6) o‘yinlarida qayd etilgan natijalarning shubhali ekanligi aytilgan “Federbet” xalqaro notijorat federasiyasining O‘zbekiston Futbol Federasiyasiga yozgan xati ham O‘zPFL Ijroqo‘mining yakuniy qaror qabul qilishida asos bo‘lib xizmat qildi.
Musobaqalar reglamentining 4.26 bandiga asosan “Obod” futbol klubi taqvimdagi o‘yinlarning yarimidan ko‘pini o‘tkazib bo‘lganligi munosabati bilan qolgan o‘yinlarda jamoaga texnik mag‘lubiyat, uning raqiblariga esa texnik g‘alaba yoziladi. O‘tgan o‘yinlardagi ogohlantirish va chetlatishlar o‘z kuchida qoladi.
O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik xujjatlarida ko‘rsatilganidek “Obod” futbol klubidao‘z xodimlari va futbolchilari oldidagi mehnat shartnomalari bo‘yicha qarzlarni uzish va soliq to‘lovlarini to‘lash majburiyati saqlanib qoladi. Jamoa xodimlari va futbolchilariga esa boshqa futbol klublari qaydnomasiga musobaqalar reglamenti asosida ro‘yxatga kiritilish uchun ruxsat beriladi.