Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Boshqacha murabbiy. Terma jamoamiz murabbiyi qanday bo‘lishi kerak?

Boshqacha murabbiy. Terma jamoamiz murabbiyi qanday bo‘lishi kerak?

Baho:
+ | -

Yaqinda jahon chempionatiga chiqish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan terma jamomiz haqida gap bo‘lganida, tabiiyki, Samvel Babayanning ismi tilga olinadi. Babayan bo‘lmaganida mana bunday bo‘lardi, Babayan bo‘lmaganda, mana shunday bo‘lardi, deb ko‘p gapirilardi. To‘g‘ri, boshqa murabbiy bilan terma jamoasi boshqa natijalarni qayd etish ehtimoli bor edi, lekin doim muammoning ildizini ismlar bilan bog‘lab, ko‘p narsaga erisha olmaymiz.

Ilgari, Mirjalol Qosimov, keyin hadeb Babayan nomini tilga olinaverishi, go‘yoki barcha muammmolarimizni ana shu shaxslarga bog‘laydi va terma jamoamiz mutasaddilarining ishini osonlashtiradi – endi ular mana shu ismni terma jamoa boshqaruvidan olib tashlash orqali, muammolarni hal qilgandek, o‘tiraveradilar. Keyingi siklning dastlabki ikki yili eski murabbiyni iste’foga chiqarib, katta ish qilingandek, oxirgi ikki yil esa, yangi bosh murabbiyning vazifani uddalashga hali imkoniyati borligini pesh qilish bilan o‘tib ketaveradi. Keyingi to‘rt yil yana shunaqa.

Bu holatning yuzaga kelishida, asosiy sabab shundaki, biz barchasini sabablarga qarab emas, oqibatlarga qarab xulosalaymiz. Muxlislar va balki jurnalistlar uchun bu to‘g‘ri, shunaqa bo‘lishi kerak, ammo terma jamoa ish jarayonini tashkil etuvchi federasiya ham faqat natijalarga bog‘lanib qolsa, bu noto‘g‘ri.

Foto: Getty Images

Agar Koreya terma jamoasi darvozasiga oxirgi daqiqalarda gol urganimizda, biz jahon chempionatida bo‘lardik va shudgorni zo‘r haydagan bo‘lib chiqaverardik. Xo‘sh, qaysi shudgorni va qanday qilib zo‘r haydagan bo‘lar edik? Oldingi muvaffaqiyatsiz sikllarimizdan farqli tarzda nimalarni boshqacha qiluvdik o‘zi? Ya’ni, kelasi safar yana bir marta jahon chempionatiga chiqish uchun nima qilish kerakligini bilib olgan bo‘larmidik? Yo‘q. Hammasi xuddi ilgarigidek, hech narsa o‘zgarmagan. Faqat Inileev o‘rniga Qosimov, Qosimov o‘rniga Abramov, Abramov o‘rniga Babayan — faqat terma jamoa boshqaruvidagi ismlar o‘zgaryapti xolos. Faqat shu faktorni o‘zgartirib, boshqacharoq natija kutar ekanmiz, go‘yoki butun umidimizni faqat shu ismlarga tikkan bo‘lib qolamiz xolos. Bu ham noto‘g‘ri.

Biz avvalo, biz deganda futbol federasiyasini nazarda tutyapman, terma jamoa murabbiyining ismini emas, «terma jamoa murabbiyi» degan tushunchaning mohiyatini o‘zgartirishga harakat qilishimiz lozim. Terma jamoa murabbiyiga qo‘yiladigan talab, uning mas’uliyati, u uchun yaratilgan sharoit va unga bo‘lgan munosabat butunlay boshqacha shaklda bo‘lishi shart.  Masalan:

Terma jamoaga murabbiy qanday shartnoma asosida va qaysi davrgacha ishlaydi?
Bu haqida ma’lumotlarni eshitmaganmiz. Aslida terma jamoaga murabbiylar tayinlanmaydilar, taklif asosida ma’lum muddat uchun belgilangan shartnoma asosida ishlaydilar. Abramov bir paytlar terma jamoada qaysi muddatgacha shartnoma tuzganini, umuman shartnomasi bor yo‘qligini bilmasligini aytgandi. Menimcha, Babayanda ham xudi shunday holat bo‘lgan. Bu trenerlar ishlab turgan klublaridan «yulib» olinib, terma jamoaga tayinlangan bo‘lsalar ham, kelishuvning huquqiy shakli haqida hech gap bo‘lmagan. 

Foto: Bunyodkor

Terma jamoa murabbiyiga qanday vazifalar qo‘yiladi?
Mirjalol Qosimov JCH-2014 saralashidan o‘ta olmagach, unga bunday vazifa qo‘yilmagani haqida aytildi va ishlashda davom etdi. Keyingi saralashning ilk o‘yinidagi mag‘lubiyat uning iste’fosiga sabab bo‘ldi. Agar shu safar ham Babayan atrofidagi salbiy fikrlar bu qadar kuchayib ketmaganda, u ham Eron va Janubiy Koreyaning kuchli ekanini, birgina gol yetmaganini ro‘kach qilib, keyingi musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rib yuraverardi. Ya’ni terma jamoamizga bosh murabbiy tayinlanar ekan, uning qaysi musobaqagacha ishlashi, qanday vazifalar qo‘yilgani haqida bilmay qolaveramiz.

Terma jamoa murabbiyi xolis bo‘lishi kerak 
Terma jamoamizning uchinchi darvozabon o‘rnida bo‘sh o‘rin paydo bo‘lgach, Babayan «Qo‘qon 1912» dan Nikita Ribkinni taklif etdi. Qizig‘i, Ribkin hatto «Qo‘qon 1912»da ham uchinchi darvozabon hisoblanardi. Abramov Olim Navkarovni yetaklab yurardi.

Bilasizmi, klub murabbiylari natija uchun javobgar ekan, bemalol jamoa tarkibini «shaxsiy tomorqa»ga aylantirishlari mumkin. Chunki murabbiy «o‘z uslubimga mos», «men uni yaxshi bilaman» kabi izohlar bilan har qanday futbolchini tarkibda o‘ynatishi mumkin. Yoqmaganini sotib yuborish imkoniyatiga ega.

Foto: Lokomotiv

Xuddi shu mantiqni terma jamoa murabbiy uchun ham ishlatib, natijaga u javobgar, deb qo‘ya qolishimiz zinhor to‘g‘ri bo‘lmaydi. Chunki terma jamoa klub kabi cheklangan 20-30 futbolchidan tashkil topmaydi. Yurtimizda to‘p surayotgan va O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan har qanday futbolchi o‘zini terma jamoaga mos deb hisoblash huquqiga ega. Bu yerda murabbiyning o‘z «yoqimtoyi» bo‘lishi yoki termada o‘ynash uchun qaysidir klublarda o‘ynashning shart qilinishi terma jamoaga bo‘lgan munosabatni butunlay o‘zgartirib yuboradi. O‘z-o‘zidan kerakli pallalarda terma jamoaga nomzodlar safi qisqarib boradi. Futbolchilar orasida terma jamoaga bo‘lgan intilish ushbu jamoaning qadrini oshiradi, raqobatni yuzaga keltiradi va asosiysi u yerda to‘p surayotgan futbolchilarning mas’uliyatini bir necha barobar oshiradi. Har qanday holatda ham kimlar o‘ynashi aniq bo‘lgan qandaydir bir «klub» maqomiga tushirib qo‘ymaydi.

Terma jamoa murabbiyiga bo‘lgan munosabat o‘zgarishi kerak.
Tan olish lozim, futbol jamoatchiligida «abramovchilar», «qosimovchilar» va ishonasizmi yo‘qmi, «babayanchi»lar ham bor. Har doim, har qanday natijada murabbiyni yer bilan bitta qiladigan ham, xuddi shu pallada, futbolimizdagi global muammolarni ko‘tarib chiqib, gap umuman murabbiyda emasligini aytib chiqadiganlar ham topilaveradi. Futbolning ichida bo‘lgan futbol mutaxassislari esa, undan badtar — joriy bosh murabbiy bilan tanish-bilish bo‘lganliklari uchun, ertaga «ko‘z-ko‘zga» tushishini inobatga olishib, indamay qo‘yaverishadi. Ishlagan murabbiylar ichida eng ko‘p tanqid qilingani ham, adashmasam, Valeriy Nepomnyashiy edi shekilli. Har xolda, bu yerlik emas, istalgancha tanqid qilinishi, natija so‘ralishi mumkin. Xafa bo‘linmaydi.

Foto: KUN.UZ

Terma jamoa murabbiyi uchun sharoit o‘zgarishi kerak.
Murabbiyga ma’lum shartnoma taklif qilinib, ma’lum bir natija talab qilindimi, demak, murabbiy ham o‘z navbatida, o‘z dasturini tuzadi va federasiyadan ba’zi narsalarni talab qiladi. Mana shu kelishuv asosida yakuniy xulosaga kelinadi. Agar bosh murabbiy talab qiladigan sharoitni tashkil qilish O‘FFning qo‘lidan kelmasa, aytadi, murabbiy shunga qarab qaror chiqarishi va balki ishlashdan bosh tortishi mumkin.

Demak, shartnomaga qo‘l qo‘yildimi, demak murabbiy talab qilgan sharoit kafolatlangan bo‘ladi va biz endi murabbiydan vazifalar haqida so‘rashga haqqimiz bor. Agar natijalar ko‘ngildagidek bo‘lmasa, yo murabbiy aybni o‘z bo‘yniga oladi yoki u talab qilgan sharoitlar hal qilinmagani, aytilgan yig‘inlar, aytilgan raqiblar bilan kelishilmaganini aytib, aybni O‘FFga to‘nkaydi.

Endi o‘ylab ko‘ring, O‘FFning o‘zi tayinlagan, xuddiki, O‘FFga bo‘ysunadigan bir xodim sifatida ish boshlagan terma jamoa bosh murabbiyi o‘zini oqlab, O‘FFni ayblay oladimi? Yo‘q. U doim, so‘nggi o‘yinda imkoniyatdan mosuvo bo‘linguncha, hammasi yaxshi ketayotganini, O‘FF talablarni bajarayotganini aytib yuraveradi. So‘nggi o‘yindan keyin esa, bu gaplardan foyda yo‘q, hammaning dardi faqat «kechirim so‘rash» va «iste’fo»da bo‘ladi. Murabbiy ketadi, yangisi keladi, masala hal.

Yo‘q, men bu gaplar bilan bizda ishlab kelayotgan bosh murabbiylarni oqlamoqchi emasman. E’tibor bergan bo‘lsangiz, yuqorida sanab o‘tilgan shartlarning aksariyati bosh murabbiyning o‘ziga bog‘liq — avvalo, u mana shunday talablarni qo‘yishi va mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olishi kerak. Aksincha, hech qanday talab qo‘ymasdan, shu bilan birga, hech qanday mas’uliyatni olmaslik osonroq.

Xulosa qilib aytsak, nazarimda, bu shartlarni o‘zida jam qila oladigan murabbiy familiyasi «...ov», «..ev» va hatto «..yan» bilan ham tugamaydi. Umuman jurnalistlarning anchadan beri doimiy tarzda chet ellik murabbiy haqida so‘rayverishlarining sababi ham shu. Gap faqat malaka yoki tajribada emas, chet ellik murabbiylarinng ishlash prinsiplarida, ishga, kasbga va beriladigan vazifaga bo‘lgan munosabatlarida ekanini hamma tushunib turibdi. Qisqa aytganda, bizga boshqa murabbiy emas, boshqacha murabbiy zarur.

Yangi federasiyaning vazifasn natijani o‘zgartirishga va’da berish emas, chunki natijani hech kim kafolatlay olmaydi, muhimi, o‘sha natijalar uchun sabablarni yaratishdir. Sabablar bo‘lsa, natija ham ishonchli, ham doimiy bo‘ladi.

Qahramon Aslanov

Manba: kun.uz
Kiritildi: 04:04, 08.10.2017.
O'qildi: 11387 marta.
Fikrlar: 26 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.