Football.ua «rossoneri»ning yosh hujumchisi Patrik Kutronening hayot yo‘liga nazar tashlaydi.
2017|2018 yillar mavsumi avvalida «Milan»ning eng yaxshi o‘yinchisi sifatida aynan Patrik Kutrone e’tirof etilishini kim ham o‘ylabdi deysiz?
May-iyun oylarida bu haqda gapirishsa, ayrimlar shok holatiga tushib qolishi mumkin edi. «Rossoneri» yozgi transfer bozorida hayron qoladigan darajada saxiylik ko‘rsatdi:
bu narsa ayniqsa, bir yo‘la ikki hujumchi - Andre Silva va Nikola Kalinichning xaridi orqali ko‘rindi. Zero, bu futbolchilarning ikkisi ham taniqli, terma o‘yinchilari bo‘libgina qolmay, salkam yulduzlar sifatida tilga olinishardi.
Shu bois, klub ularning xaridi uchun 65 mln. yevroga yaqin mablag‘ sarfladi, lekin asosiy tarkibdan o‘rin olish ularga oson bo‘lmaydi. Chunki bu pozisiyada 19 yoshli Patrik Kutrone harakat qilmoqda. Umuman olganda, bu iqtidor qayerdan paydo bo‘ldi?
Kutrone 1998 yilning 2 yanvarida Komoda - Shveysariya bilan chegaradosh kurort shaharchasida tug‘ildi. Moviylikka burgangan Alp adirliklari, ko‘lning betakror tabiati, kishiga ilhom beradigan jannatmakon yerda.
Shovqin-suronga to‘la Milangacha esa elektrichkada yarim soatlik yo‘l. Shunday ekan, Patrik jannatmonand hududdan jahonning futbolga oshno shaharlaridan biriga 8 yoshidayoq bosh olib ketganini tushunish qiyinroq.
Yana bir qiziq tomoni, aynan unga bir paytning o‘zida «Milan» ham, «Inter» ham xaridor bo‘lishgan, lekin milanlik bolakaylarni tarbiyalagan Luiji Rampoldining mehnatlari samarasi o‘laroq, Kutrone hozir «qizil-qora» libosda maydonga tushmoqda.
Patrik «Milan»ning turli yoshdagi jamoalari orasida ham ajralib turardi. Jami 136ta gol - ajoyib natija!
Ayniqsa, uning primaverada - «yoshlar» orasidagi anchayin kattaroq bo‘lgan birinchilikdagi samaradorligi e’tiborni tortadi: 2014|2015 yillar mavsumi - 11ta bahs, 8ta gol; 2015|2016 yillar mavsumi - 21ta bahs, 14ta gol; 2016|2017 yillar mavsumi - 22ta bahs, 19ta gol.
O‘tgan mavsum oxirlariga borib Kutrone kattalar jamoasida o‘ynashga munosib topildi va «Bolonya»ga qarshi uy uchrashuvi (3:0) nihoyasiga yetishiga 5 daqiqa qolganida o‘yinga qo‘shildi.
«Milan»ning birinchi jamoasida esa uni eski do‘stlari kutishardi. «Rossoneri»ning 1998 yilda tug‘ilgan tarbiyalanuvchilari so‘nggi o‘n yillikdagi bitiruvchilar orasida eng iqtidorlilari sanalishadi.
Kutrone bilan birga Janluiji Donnarumma ham futboldagi faoliyatini boshlagandi. Patrik ushbu kiper haqida qiziq ma’lumot bergandi:
«U aksariyat zarbalarimni qaytaraverib, dastlab meni asabiylashtirdi. Keyinchalik esa Janluijining harakatlarini diqqat bilan o‘rgandim va hozir bizda durang». Kutronening bolalikdagi yana bir og‘aynisi Manuel Lokatelli ham eski do‘stlar orasida. «Milan»ning «oltin avlodi» yoshlar doirasida turlicha ahamiyat kasb etgan ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritdi.
Qahramonimiz esa doimo jamoaning yetakchi forvardi bo‘ldi. Uning ajoyib fintlaridan mutaxassislardan tortib muxlislargacha birdek qoyil qolishdi. Yillar davomida Patrikdan mo‘’jizalar kutishdi va u «rossoneri» tarkibida buni ko‘rsatyapti ham.
Kutronening o‘yin uslubini ideal darajada deyish mumkin. Asosiy yutug‘i - tezlik, ammo Patrik jismoniy tomondan ham kuchli va raqiblarga bosim o‘tkaza oladi.
Hayratlanarlisi, uni yoshligida Kristian Viyeriga, ya’ni taran tipidagi forvardga solishtirishardi. Keyinroq Filippo Inzagiga - ofsayddan qochib ketadigan tezkor hujumchiga o‘xshatishdi (darvoqe, Super Pippo boshchiligida Kutrone primaverada o‘ynashga ulgurgan).
Xo‘sh, ularni nima birlashtiradi? Eng avvalo, golni sezish hissi. Yana bir plyus tomoni - har ikki oyoqda ham aniq zarba bera olish va bosh bilan gol urish:
«Krotone» va «Bavariya» darvozasidan joy olgan to‘plarni Kutrone aynan «ikkinchi qavat»dagi ustunligi evaziga kiritdi. Andrey Shevchenkoga ham o‘xshab ketadi, shunday emasmi? Darvoqe, Patrik hozir, xuddi ikki yil avvalgidek, Alvaro Morataning o‘yinlaridan zavqlanadi.
O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: yosh yigitchaning o‘yinidagi stabillik yana qancha davom etishi mumkin? Omadli debyutdan so‘ng «yulduzlik kasali»ga chalinmasmikan?
Vinchenso Montellani ham «Milan»ning har bir o‘yinchisi kabi bo‘lg‘usi yulduzga bo‘layotgan bosim tashvishlantirayotgani tabiiy. Hozircha esa, Patrik faqat futbol bilan band va boshqa tashvishlar uni qiziqtirmayapti.
«U futbol bilan yashayapti, uxlayotganida ham yonida to‘pni olib yotadi. Yaqinda uyning ichida o‘ynab, gultuvakni sindirib qo‘ydi. Patrik yoqimli lahzalardan huzurlanishni bilmaydi, Skopyedagi goldan so‘ng darrov Kalyari haqida o‘ylay boshladi», — bu yosh yulduzning otasi Paskualning Gazzetta dello Sport nashriga bergan intervyusidan iqtibos. Yomon tavsifnoma emas, to‘g‘rimi?
Kutronening yoshlikdagi do‘sti Andrea Tettamanti shunday xotirlaydi: «Komo ko‘chalarida to‘p tepib yurganimizda, o‘zimizga futbol yulduzlari nomlarini qo‘yib olib, «San-Siro» maydonida o‘ynashni orzu qilardik».
Patrikning bu orzusi ushaldi - 27 avgustda afsonaviy stadion tribunalari «Kalyari» darvozasiga urilgan gollardan so‘ng uch bora uning nomini aytib, olqishladi, Patrik maydondan chiqib ketayotganida esa tik turgan holda unga minnatdorchilik bildirishdi. Ha, «Il bomber del futuro» ko‘z oldimizda yangi «Milan»ning asosiy hal qiluvchi kuchiga aylanmoqda.