Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Amin Yunes: «Inson borki, hamisha umid bilan yashashi kerak»

Amin Yunes: «Inson borki, hamisha umid bilan yashashi kerak»

Baho:
+ | -

Gavdasi ancha kichik 24 yoshli Amin Yunes oxirgi vaqtlarda yuksak driblingi bilan ko‘pchilik e’tiborini o‘ziga tortdi.

Xususan, Germaniya milliy jamoasi bosh murabbiyi Yoaxim Lyov ham «Ayaks»da javlon urayotgan yigitga befarq qarayotgani yo‘q.

2 yilcha oldin Aminning o‘yinida qandaydir depsinish holati kuzatilgach, u jonajon klubi - «Borussiya» (Menxengladbax) bilan xayrlashib, Gollandiya eredivizioniga yo‘l olgandi.

Bu qarori to‘g‘ri bo‘lib chiqdi - maydonda xuddi Iskodek harakatlanadigan Yunes ortda qolgan qisqa vaqt ichida sezilarli darajada o‘sishga erishdi va yozda bundestimdan ham chorlov olib, Konfederasiyalar kubogida ishtirok etdi.

To‘g‘ri, o‘sha vaqt Lyovning qarori ko‘pchilikni hayratlantirdi, axir Germaniya termasida o‘ynashga munosib nomzodlar haddan ziyod ko‘p. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, Amin Rossiyada turnir doirasidagi 2ta o‘yinda 10 va 9 daqiqa to‘p surib, yuqori haroratni sinab ko‘rdi (xususan, final uchrashuvida ham).

Mana, Lyov JCH-2018 saralashidan o‘rin olgan oxirgi o‘yin (Ozarbayjon termasiga qarshi - 5:1)da ham «Ayaks» vakiliga imkoniyat berdi.

Demakki, unda kelasi yil mundialning final raundida o‘ynashga umid bog‘lash uchun asos yo‘q emas.

- Aytingchi, Konfederasiyalar kubogidan keyin Germaniya milliy jamoasidan yana taklif olishni kutganmidingiz?

- Inson borki, hamisha umid bilan yashashi kerak. Shuning barobarida o‘z salohiyatiga ishonishi juda muhim. Aks holda, hayotda hech narsaga erishmaydi.

Shu ma’noda aytsam, har doim o‘yinimni, eng yaxshi fazilatlarimni yanada mukammallashtirib borishga harakat qilaman. Ishonamanki, shunday yondashuv ertami-kech o‘z samarasini beradi.

O‘z o‘rnida, Lyovga minnatdorchilik bildirishim kerak - mamlakat bosh jamoasida o‘ynash ta’rifi yo‘q taassurotlarni bag‘ishladiki, bu keyingi faoliyatimga ham ijobiy ta’sir qiladi, deb o‘ylayman.

- Xususan, Konfederasiyalar kubogidagi zafar ham ishonchingizni yanada mustahkamlagan bo‘lsa kerak. Rossiyadan qaytgach, nimalar bilan shug‘ullandingiz, g‘alabani qanday nishonladingiz?

- Avvaliga ta’tilga chiqdim va imkoniyatdan foydalanib, oila bo‘lib tarixiy vatanimiz - Livanga bordik. Oradan hech qancha o‘tmay, «Ayaks»ning mavsumoldi yig‘inlari boshlandi.

O‘zi futbolda shunday: g‘alabadan chinakamiga rohatlanishing, uni munosib nishonlashing uchun har doim ham yetarli vaqtga ega bo‘lmaysan.

Lekin shaxsan meni hali-hamon o‘ziga xos g‘urur hissi tark etganicha yo‘q. Axir Konfederasiyalar kubogida milliy jamoa tarkibida birinchi jiddiy sovrinni yutgandim.

- Qiziq, xalqaro turnir g‘olibini Livanda qanday kutib olishdi? U yerda ancha mashhur ekanligingizni his qildingizmi?

- Albatta. Tabiiyki, dunyoning har bir burchagida Germaniya terma jamoasi muxlislari bor, odamlar bundestim futbolchilarini juda yaxshi tanishadi.

Livanga kelsak, u yerda muxlislar men haqimda bilishgan. Ya’ni ajdodlarimning shu yurtda yashaganlaridan xabardor bo‘lishgan. Muhimi, qayerga borsam, chiroyli munosabatlarga duch keldim.

Oddiy aytganda, ortga olam-olam taassurotlar bilan qaytdim. Quvontiradigan tomoni, Livanda aynan Germaniya termasi tarafkashlari ko‘p ekan va ular bundestim uchun o‘ynay boshlaganimga mutlaqo ijobiy qarashdi.

- Gollandiyada esa bunday ijobiy qarashlar sezilmagan bo‘lsa kerak. Har holda, golland-nemis raqobati hammaga ma’lum. Shunday ekan, bundestim taklifini qabul qilganingiz uchun sizni maqtovlarga ko‘mib tashlashmagani tayin.

- Bu borada qandaydir e’tiroz eshitganim yo‘q. Asosiysi, «Ayaks»dagi barcha jamoadoshlarim men uchun g‘oyat xursand ekanliklarini yashirishmadi.

Umuman, gollandiyalik muxlislarda ham Germaniya futboliga qiziqish kuchli. Misol uchun, mendan bundestim bosh murabbiyi haqida ko‘p so‘rashadi.

- Sir emas, aynan «Ayaks» tufayli yangi darajaga chiqdingiz. Aytingchi, bu klub siz uchun nimani anglatadi?

- Hozircha faoliyatimdagi asosiy jamoa aynan «Ayaks»dir, shubhasiz. Bu klub menga yuksalish va milliy jamoa tarkibiga kirish imkoniyatini taqdim etdi.

Hammaga ayonki, ams-terdamliklar ayniqsa, yosh futbolchilar bilan samarali ishlash hadisini yaxshi o‘zlashtirishgan. Qolaversa, klubning o‘ziga xos falsafasi bor.

Deylik, asosiy e’tibor hujumkorlikka qaratiladiki, bu men uchun ayni muddao. Sharoitlar ham talab darajasida, barcha ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan, ichki muhit zo‘r. «Ayaks»ning o‘tgan mavsum YELda ko‘rsatgan o‘yinlari fikrimga dalolat.

Agar jamoa ichida o‘zaro hurmat va do‘stona munosabatlar bo‘lmaganida, biz bunchalik yorqin futbol namo-yish etolmasdik. Xulosa shuki, o‘sishni istaydigan yoshlar uchun eng munosib jamoa shu.

- Ha, «Ayaks» tarkib nuqtai nazaridan Yevropadagi eng yosh klublardan biri...

- Darhaqiqat, aksariyat yigitlarimiz 22-24 yoshda. To‘g‘ri, hozir tarkibimizda bizdan ancha katta Klaas-YAn Xuntelar ham bor. 34 yoshli faxriy hujumchi faoliyati oxirida jonajon klubida o‘ynashni istadi va o‘ylaymanki, boy tajribasi bizga juda qo‘l keladi.

Demak, o‘ta yosh tarkib muhim pallada pand berishi mumkinligi xususida tashvishlanish ortiqcha. Qarang, jamoamiz sardori atigi 22 yoshda. Shuni nazarda tutib aytsam, agar futbolchi zarur xislatlarga ega bo‘lsa, uning yoshi aytarli ahamiyat kasb etmaydi.

- Vaqtida Germaniyaning turli yosh toifasidagi termalari (U-16dan tortib, U-21gacha) safida o‘ynagansiz. Ammo shundan so‘ng orada ma’lum muddat to‘xtab qolgandek bo‘ldingiz. Faoliyatingizdagi eng og‘ir davr ortda qoldimikan?

- Shundan umidvorman. Eng muhimi - kutilmagan tin olishdan so‘ng yana o‘ynay boshlaganim va milliy jamoa tarkibiga kirganim. O‘sha ikki mavsum davomida nechog‘li qiynalganim faqat o‘zimga ayon.

Zero, avvaliga turli yosh doirasida mamlakat sharafini himoya qilgan futbolchi uchun bunday baxtdan mosuvo qolish juda og‘ir.

- Konfederasiyalar kubogidan so‘ng «Borussiya» D. va «RB Leypsig» jamoalaridan taklif olganingiz haqida xabarlar tarqalgandi. Biroq transfer amalga oshmadi...

- Darhaqiqat, Germaniyaga qaytishim mumkin edi, ammo klub rahbariyati bilan gaplashgach, qolishni ma’qul ko‘rdim.

Xususan, «Ayaks» sport direktori Mark Overmars ayni hozir jamoaga juda zarurligimni va qolish o‘zimga ham foydali ekanligini tushuntirdi.

Qolaversa, «Ayaks» bilan 2 yillik shartnoma tuzayotganda, rahbariyatga kelishuv oxiriga qadar ketmaslik haqida so‘z bergandim. Xullas, jamoa uchun muhim ekanligimni tushunib, Amsterdamda yana bir yil o‘ynashga qaror qildim.

Tan olaman, yakuniy to‘xtamga kelishda ancha qiynaldim - bir tomonda Germaniyaga qaytish xohishi, ikkinchi tarafda - «Ayaks»ga nisbatan hurmat hissi.

Yakunda qolishni afzal bildimmi, endi ketishimdan oldin bitta sovrin yutishim shart. Axir bungacha «Ayaks» bilan 2 marta chempionatda zafar quchishga yaqin keldik, shuningdek, YEL finalida imkoniyatni boy berdik...

- Ko‘rinishidan golland tilini ancha yaxshi o‘rganib olishga ulguribsiz? DAVOMI

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 07:37, 23.10.2017.
O'qildi: 2280 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.