Janubiy Koreyaning Yangu shahrida og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo Kubogi hamda klublar o‘rtasidagi Osiyo chempionati bahslari yakuniga yetdi.
Musobaqada Osiyo qit’asining 16 mamlakatidan 110 nafar sportchi ishtirok etdi. Turnirning so‘nggi kunida eng og‘ir vazndagi polvonlar o‘zaro kurash olib borishdi.
105 kg. vazn toifasida O‘zbekiston terma jamoasini bir yo‘la ikki a’zosi ishtirok etdi.
Akbar Jo‘rayev dast ko‘tarishda 173 kg, siltab ko‘tarishda 201 kg, ikkikurashga ko‘ra 374 kg natijasi bilan birinchi o‘rinni egalladi va oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, erkaklar o‘rtasida tashkil etilgan bahslarda O‘zbekiston terma jamoasi 16 davlat vakillari orasida umujamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
Ikkinchi o‘rindan eronlik sportchilar joy olgan bo‘lsalar, musobaqa mezbonlari — koreyalik atletlarga uchinchi o‘rin nasib etdi.
Qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan bellashuvlar yakuniga ko‘ra O‘zbekiston terma jamoasi Koreya termasidan so‘ng faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi. Uchinchi o‘rinda esa Mongoliya terma jamoasi qayd etildi.
Quvonarlisi, 58 kg vazn toifasida oltin medalini qo‘lga kiritgan Muattar Nabiyeva ayollar o‘rtasida musobaqaning eng yaxshi sportchisi deya tan olindi.
Demak, og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi yana bir xalqaro musobaqani muvaffaqiyatli yakunladi.
O‘zbekiston delegasiyasi besh kun davomida jami 18 oltin, 12 kumush hamda 12 ta bronza medallari qo‘lga kiritishdi.