Mana, JCH-2018 ishtirokchilari tarkibi to‘liq holga keldi. Rossiya mundialida muxlislar avvalroq jahon chempioni bo‘lgan barcha jamoalar o‘yinlaridan bahra olishadi, birgina Italiya termasini hisobga olmaganda.
Soccer.ru sayti «moviy gvardiya»ning asrga tatigulik omadsizligiga qarab, «oltin» jamoalar statistikasiga nigoh tashladi. Xo‘sh, qaysi chempion nechta mundialni o‘tkazib yuborgan?
Ma’lumot uchun eslatma, Rossiya-2018 hisob bo‘yicha 21-mundial hisoblanadi. Ortda qolgan 20ta jahon chempionatida esa atigi 8ta yurt milliy jamoasi taxtga ko‘tarilgan.
Chempion jamoalar: Braziliya - 5 marta, Germaniya va Italiya - 4 martadan, Argentina va Urugvay - 2 martadan, Angliya, Fransiya va Ispaniya - 1 martadan.
URUGVAY TERMASI
2 karra chempion (1930, 1950)
JCHdagi ishtiroki: 12 marta
Birinchi «oltin»dan keyingi omadsizligi: 8 marta (2 marta ishtirokdan bosh tortgan, 6 marta saralashdan o‘tolmagan)
Jahon birinchiligining ilk g‘olibi chempionlar orasida eng past statistikaga ega. Urugvayliklar taxtga ko‘tarilganlaridan buyon 8 marta turnir tashqarisida qolishgan.
To‘g‘ri, KONMEBOL vakili 1934 va 1938 yilgi mundialda o‘z xohishi bilan ishtirok etmagan. Urugvayliklar o‘z maydonlarida tashkillashtirilgan debyut musobaqaga Yevropaning ko‘plab jamoalari borishmaganiga shu tariqa javob berishgan.
Xullas, «la seleste» olamshumul g‘alabadan ke-yingi mundialda qatnashmagan yagona amaldagi chempiondir. Boshqacha aytsak, Urugvay termasi o‘z unvonini himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘lmagan.
Bu jamoa shuning barobarida kvalifikasion bosqichda naq 6 marta omadsizlikka uchragan!
JCH-58. Urugvay termasi 3ta jamoani o‘z ichiga olgan saralash guruhida Asunsyonda paragvayliklarga 0:5 hisobida yutqazishgandi.
JCH-78. Urugvayliklar bu safar Boliviya va Venesuela termalari bilan bitta guruhda o‘ynab, 3-o‘rinda qolishadi. Trio g‘olibi - boliviyaliklar esa yakunda qit’alararo «pley-off»da Vengriya termasiga yo‘l bo‘shatishadi.
JCH-82. Yana o‘sha tizim ostida o‘tkazilgan saralashda ikki karra chempion yo‘liga kamtarin Peru termasi to‘siq qo‘yadi.
JCH-94. Urugvay termasi oxirgi turgacha guruhdan chiqish imkoniyatini saqlab turadi, ammo finish marrasida «Marakana»ga safar uyushtirib, Romarioning 2ta goli tufayli braziliyaliklarga yutqazadi.
Yakunda urugvayliklar Braziliya va Boliviya jamoalaridan orqada qolib, AQSH mundiali tomoshabiniga aylanishadi.
JCH-98. Braziliya termasi amaldagi chempion sifatida avtomatik ravishda yo‘llanma oladi, KONBEMOLning qolgan 9ta jamoasi 4ta chiptani o‘zaro talashadi. Yakunda Argentina, Paragvay, Kolumbiya va Chili termalari maqsadga erishadi, ikki karra chempion esa atigi 7-o‘rin bilan cheklanadi.
JCH-2006. Urugvayliklar yuz tutgan oxirgi va eng alamli omadsizlik. Ular KONMEBOL guruhining oxirgi turida Argentina termasini yengib, 5-o‘ringa ko‘tarilishadi va qit’alararo «pley-off»ga chiqishadi.
Ilk o‘yinni o‘z maydonida o‘tkazgan jamoa 1:0 hisobida g‘alaba qozonadi, biroq yana 4 kundan keyin Avstraliyada xuddi shunday ko‘rinishda yutqazib, penaltilar seriyasida ham omadsizlikka uchraydi.
ITALIYA TERMASI DAVOMI