Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Hafta o‘yinlari: «Tottenhem» «Manchester Siti»ni to‘xtata oladimi?

Hafta o‘yinlari: «Tottenhem» «Manchester Siti»ni to‘xtata oladimi?

Baho:
+ | -

“Erudit SPORT” nashri quyida tomoshabop o‘tishi kutilayotgan to‘rt to‘qnashuvni o‘tkazib yubormaslikni tavsiya qiladi:

№4-match: “Lion” – “Marsel”

17 dekabr, yakshanba, soat: 01:00

TV-translyasiya: Sport TV

O‘zaro uchrashuvlar:

30 G‘ALABA 40 DURANG 26 G‘ALABA

So‘nggi uchrashuv: “Lion” – “Marsel” 0:0 va 3:1

Imkoniyat: 35/30/35

Jamoalarning transfer qiymati:

“Lion” – “Marsel”

149,55 million yevro VS 146,25 million yevro

O‘yin haqida ikki og‘iz:

Fransiya chempionati deganda muxlislar ko‘z o‘ngida “PSJ” va “Monako” gavdalanadi. Biroq bu gigantlar soyasida yurgan yana ikki klub bor-ki, ularni hisobdan chiqarish yaramaydi. Qachonlardir “Lion” hamda “Marsel” nomlarini eshitgan fransuz jamoalari dag‘-dag‘ titragan. “Sherlar”ni shug‘ullantirayotgan Bruno Jenezio ham, “Janubliklar”ni boshqarayotgan Rudi Garsiya ham jamoasining shonli tarixini qaytarish yo‘lida bosh qotiryapti. Harakatlar sekin-asta samara beryapti. Misol uchun, “Lion” har o‘yinda raqib darvozasiga o‘rtacha 2,5 gol urishga muvaffaq bo‘lmoqda. Ustiga-ustak, maydon egalari Liga 1ning eng yosh jamoalaridan biridir (o‘rtacha 23,8 yosh). Murabbiy Rudi Garsiya yetakchiligida “Marsel”ning ham ko‘kragiga shamol tegyapti. O‘n bir matchdan buyon jamoani yengadigan raqib topilmadi. E’tiborlisi, mehmonlar ustozi bir o‘q bilan “ikki quyon”ni urish imkoniga ega: bir tomondan, olti o‘yinga yetgan g‘alabasiz seriyaga chek qo‘yiladi, “deserti”ga turnir jadvalida “Lion”dan o‘zib ketadi.

 

№3-match: “Borussiya” Dortmund – “Xoffenxaym”

16 dekabr, shanba, soat: 22:30

TV-translyasiya: Sport TV

O‘zaro uchrashuvlar:

7 G‘ALABA 7 DURANG 4 G‘ALABA

So‘nggi uchrashuv: “Borussiya” Dortmund – “Xoffenxaym” 2:2 va 2:1

Imkoniyat: 30/40/30

Jamoalarning transfer qiymati:

“Borussiya” Dortmund – “Xoffenxaym”

438,90 million yevro VS 129,90 million yevro

O‘yin haqida ikki og‘iz:

“Borussiya” mutasaddilari ishongan “Peter Bos loyihasi” o‘zini oqlamadi. Golland murabbiyi dortmundliklar rulida 24 o‘yin o‘tkazib, bor-yo‘g‘i 33 foizida g‘alabani nishonladi. Turgan gapki, og‘zidagi oshini oldiraverishi jamoa xo‘jayinlarini toqatini toq qildi. Ayniqsa, g‘alabani unutgani (sakkiz o‘yinda besh mag‘lubiyat, uch durang), sakkiz matchning yettitasida darvozasidan kamida 2 to‘p olib chiqqani ishqibozlarning xunobini oshirdi. Shu tariqa “Borussiya” boshqa bir Peterga, avstriyalik mutaxassis Peter Shtyogerga ishonib topshirildi. Tabiiyki, u birinchi davraning oxirgi, o‘zining “Tukli arilar” postidagi ilk uchrashuvida nimalarga qodirligini namoyish etmoqchi bo‘ladi. O‘ttiz yoshida ellikni qoralab qo‘ygan hamkasblarini boshi berk ko‘chaga kiritayotgan Yulian Nagelsmanni ham g‘alabadan boshqa natija qoniqtirmaydi. “Olmoniyalik Mourinyo” dortmundliklar bilan uch marta kuch sinashgan, ammo g‘alabani o‘z tomoniga og‘dira bilmagan. Shubha yo‘q-ki, Nagelsman raqibining muammolar girdobida o‘ralashib yurganidan foydalanib qolishga harakat qiladi.

 

№2-match: “Arsenal” – “Vest Xem”

19 dekabr, seshanba, soat: 00:45

TV-translyasiya: Futbol TV

O‘zaro uchrashuvlar:

1 G‘ALABA 0 DURANG 1 G‘ALABA

So‘nggi uchrashuv: “Arsenal” – “Vest Xem Yunayted” 1:3 va 2:1

Imkoniyat: 40/30/30

Jamoalarning transfer qiymati:

“Arsenal” – “Vest Xem Yunayted”

508 million yevro VS 215,90 million yevro

O‘yin haqida ikki og‘iz:

 “Bosqonchilar” shotland mutaxassisi qo‘l ostiga o‘tgach jamoa ko‘chasiga bayramlar qaytdi. “London derbisi”da Kontening “Chelsi”si to‘xtatildi. Endilikda “Vest Xem” ustozi Arsen Venger boshchiligidagi “Arsenal”ga chiqish eshiklarini ko‘rsatmoqchi. Boshqacha aytganda, Slaven Bilich boshlab ketgan ishni Devid Moyes nihoyasiga yetkazishga urinib ko‘radi. E’tiborlisi, tomonlarning yo‘li yetti kun ichida ikki marta tutashadi. Liga kubogi doirasida o‘tadigan qarama-qarshilik ham chempionatdagi match kabi har mehmonlar uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Ta’kidlash kerakki, “Bosqonchilar” beshinchi raundgacha “olovli yo‘l”ni bosib o‘tdi. Hatto to‘rtinchi bosqichda iroda ko‘rsatib, “Tottenxem”dan ustun keldi. “To‘pchilar”da esa buning teskarisi kuzatildi. Aynan Liga kubogi payti “Kanonirlar” asosiy tarkibi hordiq chiqaradi. Zaxira o‘rindig‘ini to‘ldirib turganlar maydonga tashlanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mutaxassislar turli turnirlar bahonasida 28 bora uchrashgan va yaqqol ustunlik fransuz murabbiyi tomonida (o‘yinlarning 61 foizida qo‘li baland kelgan).

 

№1-match: “Manchester Siti” – “Tottenxem”

16 dekabr, shanba, soat: 22:30

TV-translyasiya: Futbol TV

O‘zaro uchrashuvlar:

50 G‘ALABA 31 DURANG 51 G‘ALABA

So‘nggi uchrashuv: “Manchester Siti” – “Tottenxem” 0:2 va 2:2

Imkoniyat: 35/30/35

Jamoalarning transfer qiymati:

“Manchester Siti” – “Tottenxem”

629,50 million yevro VS 551 million yevro

O‘yin haqida ikki og‘iz:

 Joriy mavsumdagi ilk mag‘lubiyatni “Shaxtyor”dan qabul qilgan “Shaharliklar” Premyer ligada hamon “asov otligicha” qolmoqda. Statistika ham buni tasdiqlaydi: “Siti” o‘n besh o‘yinda g‘alabani ilib ketdi. Jumladan, “chempionlar poygasi”ga kirishgan “Liverpul”, “Chelsi”, “Arsenal” va “Manchester Yunayted”ga qarshi o‘yinlarda g‘alabani o‘z tomoniga og‘dirdi. Ingliz grandlari orasida faqat “Tottenxem” qoldi kuragi yerga tegmagan. “Taqachilar” esa ikki mavsumdan buyon Manchester klubiga ro‘yxo‘shlik bermaydi (to‘rt to‘qnashuvning uchta g‘alaba). “Shaharliklar” murabbiylik postini egallab turgan Gvardiola ham hozircha “Tottenxem” qarshiligini sindirish chorasini topmagan (bir mag‘lubiyat, bir durang). Shu kecha-kunduzda Maurisio Pochettino shogirdlarining ishi yurishmayapti. Klub o‘n olti turning sakkiztasida ochko yo‘qotdi (yarmi durang, yarmi mag‘lubiyat). “Taqachilar” fanatlarini ko‘proq o‘n ikki ochkoning qulog‘ini ushlab ketgani havotirga solyapti. Katta ehtimollar bilan shu kuni boshqa top-jamoalar London klubiga muxlislik qiladi. “Intriga” saqlab qolinishi uchun ham.

Ulug‘bek RAHMONQULOV, «Erudit Sport» gazetasi.

Manba: www.erudit-sport.uz
Kiritildi: 17:51, 15.12.2017.
O'qildi: 4545 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.