Marselo Byelsaning Liga 1ga qaytishi ushbu chempionatni kuzatish uchun asosiy sabablardan biriga aylangan. Ammo El Loko «Lill»ni mojaroli tarzda tark etdi.
Bugun argentinalik murabbiyning nima sababdan yana Fransiyaga kerak bo‘lmay qolgani haqida so‘z yuritamiz.
Asosiy qahramonlar:
Marselo Byelsa - «Lill» bosh murabbiyi
Luis Bonini - Byelsaning Chili termasidagi sobiq yordamchisi
Fernando Da Krus, Joao Sakramento, Benua Delaval va Frank Manto - Byelsaning «Lill»dagi o‘rinbosarlari
«Lill» rahbariyati — Byelsani ishdan bo‘shatgan jamiyat
Birinchi voqea, birinchi ko‘rinish
«Pyer Morua» stadioni
43 ming muxlis to‘plangan arenada «Lill» futbolchilari «Marsel»-ga qarshi bahs o‘tkazishdi. Maqsad bitta - g‘alaba. Mazkur uchrashuvdan avval «doglar»ning chempionatdagi g‘alabasiz seriyasi 9ta o‘yinga yetgandi. Marselo Byelsa odatiy qiyofada futbolchilarni kuzatib, ma’lumot to‘play boshladi.
«Lill»ning qarshi hujumda o‘ynash rejasi 5-daqiqadayoq buzildi. «Marsel» o‘ng burchakka yaqin hududda jarima zarbasi yo‘llash huquqini qo‘lga kiritdi.
Florian Toven uzatma berdi, Morgan Sanson gol urdi. Keyingi daqiqalarda «Olimpik» g‘alabani saqlashga urindi, argentinalik professor esa jamoasining bu mavsum kuchsiz ekanligini yana his etdi. O‘sha gol yagonaligini saqlab qoldi, «Lill» esa xavfli hududga tushib ketdi.
Birinchi voqea, ikkinchi ko‘rinish
«Pyer Morua» stadionidagi tribunaosti inshooti
L~Equipe muxbiri Byelsaga ehtimolli iste’fo haqida jiddiy savollar berdi. Odatda, jurnalistlar bilan suhbatlashishni xush ko‘rmaydigan El Loko javobdan qochmadi:
agar klub 7 mln. emas, 14 mln. kompensasiya to‘lasa, ketishga tayyorligini bildirdi. Uning gaplari esa «Lill»dagi vaziyatni yanada keskinlashtirdi.
Ikkinchi voqea, birinchi ko‘rinish
(«Mets» va «Sent-Etyen» ustidan qozonilgan uzoq kutilgan g‘alabalardan so‘ng)
Lilldagi aeroportning kutish xonasida qahva ichayotgan Marselo Byelsani ishqibozlar darhol tanishdi, ammo uning yoniga borishga ayrimlargina jur’at topishdi. Lill - Santyago reysiga ro‘yxatga olish boshlangani xabar berilgach, El Loko o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Chiliga borishdan asosiy maqsad - eski tanishi, «La Roxa»dagi sobiq yordamchisi Luis Bonini bilan uchrashmoqchi edi.
O‘shanda Byelsa yaqin do‘stining og‘ir xastalikka chalingani va qo‘llab-quvvatlashga muhtoj ekanidan xabar topgandi. «Lill» esa bosh murabbiyning rejalaridan keyinroq voqif bo‘ldi.
Ikkinchi voqea, ikkinchi ko‘rinish
Byelsa yetib kelgan kunning ertasiga Luis Bonini oshqozon saratoni tufayli 68 yoshida vafot etdi.
Ikkinchi voqea, uchinchi ko‘rinish
(«Lill»ning Domen de Luchindagi bazasi)
Argentinalik mutaxassis Fransiyaga qaytayotib, tartib-intizomga rioya qilmagani uchun ishdan bo‘shatilganidan xabar topdi. El Loko klub bazasiga bordi, ammo uni ichkariga qo‘yishmadi, hattoki, hujjat va kiyim- kechaklarini olishga ham ijozat berishmadi.
Uchinchi voqea, birinchi ko‘rinish
«Stad de lya Mosson»
«Lill» safarda «Monpelye»ga qarshi bahsni bosh murabbiysiz boshlab, 0:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Klub hali Byelsa masalasiga to‘la oydinlik kiritmagan bir pallada jamoa natijalarga bir varakayiga to‘rt nafar shaxs - Fernando da Krus, Joao Sakramento, Benua Delaval hamda Frank Manto javob berishlari oydinlashdi.
Uchinchi voqea, ikkinchi ko‘rinish
Lilldagi fransuz restoranlaridan biri
«Lill» «Monpelye»ga qarshi bahs yuritayotganda ishdan bo‘shatilgan argentinalik mutaxassis vaqtini restoranda, noutbuk va konspektlar qarshisida o‘tkazayotgandi.
U o‘yinchilar harakatini tahlil qilib, tegishli qaydlar kiritdi. Restoran xodimlari uning harakatini qiziqish bilan kuzatishdi.
To‘rtinchi voqea, birinchi ko‘rinish
«Doglar» ofisi
Fransiya matbuotiga ishonsak, «Lill» El Lokoning ehtimolli o‘rinbosarini aniqlash uchun bir necha marta direktorlar kengashini to‘plagan. Klub uch nafar nomzodga to‘xtalgan - «PSJ» sobiq ustozi Loran Blan, yaqinda «Sent-Etyen»dan ketgan Oskar Garsiya va «Uotford» murabbiy Marko Silva.
To‘rtinchi voqea, ikkinchi ko‘rinish
Marselo Byelsa «Lill» bilan kelishuvni bekor qilish bo‘yicha muhokama o‘tkazmoqchi emasligi, bunga biror sabab ko‘rmayotganini ta’kidladi. El Loko sudga ariza topshirib, yuridik komissiya yig‘ilishini kutdi.
Bu paytga kelib, murabbiysiz qolgan «Lill»ning ishlari yurishib ketdi. «Doglar» kutilmaganda «Lion»ning 672 daqiqali «quruq» seriyasini buzib, mavsum yetakchilaridan birini mag‘lubiyatga uchratishdi - 2:1. So‘ngra «Tuluza»ni kichik hisobda yengib, xavfli hududdan uzoqlashishdi.
Xulosa
Ha, Byelsani «Lill»ga «doglarni YECHLga olib chiqish maqsadida taklif etishgandi, ammo natijani darhol talab qilishdi. Chili safari esa argentinalikdan qutulish uchun sabab vazifasini o‘tadi.
Pep Gvardiola yoki Maurisio Pochettino singari aksariyat zamonaviy murabbiylar Marseloni taktikalar dahosi deb bilishadi, uning 3+3+3+1 sxemasini esa futbol fenomeni sifatida qadrlashadi.
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.