"Barselona" rahbariyati yarim himoyachi Dani Olmo bilan tuzilgan bitim shartlarini qayta ko‘rib chiqishga tayyorlanmoqda. Unga ko‘ra, joriy yozgi transferlar oynasida futbolchining maoshi sezilarli darajada oshiriladi. Bu orqali Kataloniya klubi rahbariyati o‘z vaqtida o‘yinchi oldida olgan majburiyatini bajaradi.
Klub mutasaddilari Olmoning 2024 yil yozida jamoaga kelib qo‘shilish jarayonida ko‘rsatgan jonbozligini yuksak qadrlaydi. O‘shanda ispaniyalik futbolchi boshqa jamoalardan tushgan ancha manfaatli moliyaviy takliflarni rad etgandi. U "ko‘k-anorranglilar"dagi moliyaviy feyr-pley cheklovlari va ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq muammolarni yumshatish maqsadida maoshi kamaytirilishiga ham ko‘ngan edi.
Shu sababli, tomonlar hamkorlikning dastlabki bosqichidayoq shartnomaning uchinchi yilidan boshlab maosh miqdorini ko‘tarish borasida kelishuvga erishgan. Bu chora dastlabki ikki mavsum davomida yuzaga kelgan moddiy yo‘qotishlar uchun o‘ziga xos qoplama (kompensasiya) vazifasini o‘taydi.
Hozirgi vaqtda Olmo bor e’tiborini faqat "Barselona"dagi faoliyatiga qaratgan va klub bilan 2030 yilga qadar mo‘ljallangan shartnomani oxirigacha yetkazishni maqsad qilgan. Ta’kidlash joizki, 2025 yil yanvarida ro‘yxatdan o‘tish masalasida chalkashliklar paytida u jamoani erkin agent sifatida tark etishi, buning evaziga boshqa klubdan katta miqdorda bonus va yuqori maosh olishi mumkin edi. Biroq Dani Joan Laporta hamda Dekuning so‘zlariga ishonib, Kataloniyada qolishga qaror qildi.
Qayd etish joizki, yarim himoyachi Saudiya Arabistonidan bo‘lgan o‘ta yirik moliyaviy chorlovga rad javobini bergan. Shuningdek, Londonning "Arsenal" kabi top-klublari qiziqishi haqidagi xabarlarni ham inobatga olmagan.
Futbolchining o‘zi "Barselona"ni o‘z karyerasi uchun eng ma’qul maskan deb biladi. U o‘zi ulg‘aygan va bolaligidan orzu qilgan jamoada to‘p tepmoqda, oilasi hamda yaqinlari davrasida yashamoqda. Eng muhimi, u Xansi Flik boshchiligidagi loyihaga to‘liq ishonadi.













