Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Andrey Shipilov: “Birinchi mavsumdayoq sovrindorlar qatoridan joy olamiz desam bunga hech kim ishonmaydi”

Andrey Shipilov: “Birinchi mavsumdayoq sovrindorlar qatoridan joy olamiz desam bunga hech kim ishonmaydi”

Baho:
+ | -

“Metallurg” jamoasida yuz bergan o‘zgarishlardan yaxshi xabardorsiz. 10 yil davomida ushbu klubni boshqargan Rustam Mirsodiqovning iste’fosidan so‘ng bekobodliklar jamoasiga kim bosh murabbiy bo‘lishi hammani qiziqtirgandi. Tez orada ushbu lavozimni Andrey Shipilov egalladi. Bunga qadar “Paxtakor”da jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy bo‘lib ishlagan mutaxassis uchun bu o‘ziga xos chaqiriq bo‘ldi va faoliyatida ilk bor bosh murabbiy vazifasiga tayinlandi. Shu bois Shipilov uchun ushbu mavsum o‘ziga xos imtihon bo‘ladi. Biz esa “Metallurg” ustozi bo‘lganidan keyin undan birinchi intervyuni oldik.

- Andrey Sergeevich, “Metallurg” klubiga bosh murabbiy bo‘lish taklifi kimdan chiqdi va buni qanday qabul qildingiz?

- Har qanday jamoaga bosh murabbiyni taklif etish va tayinlash o‘sha klub muassislarining ishi. Bilasizki, “Metallurg” PFK O‘zbekiston metallurgiya kombinati aksionerlik jamiyati tasarrufidagi klub. Shunday ekan, “Metallurg”da ham bosh murabbiylikka kimni chaqirish va kimni tayinlashni kombinat rahbariyati hal etadi. Menga ishonch bildirishgan ekan, taklifni qabul qildim.

- Bungacha siz jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy bo‘lib ishlagandingiz. Solishtirish uchun aytish kerakki, Mirko Yelichich ham jismoniy tayyorgarlik murabbiyi bo‘lib ishlab keldi va keyinchalik bosh murabbiylikka o‘tgach, ijobiy natijalarni ko‘rsata boshladi. Sizning misolingizda ham shu holatni ko‘rishimiz mumkinmi?

- Albatta, o‘ziga ishonmagan murabbiy bunday mas’uliyatni zimmasiga olmaydi. To‘g‘ri ta’kidladingiz, Mirko Yelichich faoliyatini jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha bosh murabbiy yordamchisi sifatida boshlagan bo‘lsa-da, undan-da yuksakroq lavozimdagi vazifalarni ham uddalay olishini isbotladi. Mirkodan farqli o‘laroq men faoliyatimni futbolchi sifatida boshlab, O‘zbekistonning bir qator klublari – “Sverlovchi”, “Traktor”, “Chirchiq”, “Navro‘z”, “Guliston”, “Navbahor”, “Andijon”, “Do‘stlik” jamoalarida o‘ynaganman. Bir muddat Rossiya Federasiyasining “Torpedo” (Vladimir), “Metallurg”, “Nosta” (Novotroisk), “Vidnoye” (VidnoYE) jamoalarida to‘p surdim. O‘zbekistonning hamda xorijning malakali murabbiylari qo‘l ostida tajriba to‘pladim. Futbolchilik faoliyatimni yakunlaganimdan keyin ham o‘zim sevgan sohadan uzoqlashmadim. Mamlakatimizning bayroqdor jamoalaridan biri – “Paxtakor”da bosh murabbiy yordamchisi bo‘lib ishladim. Tajribam bor, malakam yetarli, shunday ekan, endilikda mustaqil tarzda bosh murabbiy sifatida ishlay olishimga ishonaman. Birinchi mavsumdanoq sovrindorlar qatoridan joy olamiz, desam mubolag‘a bo‘ladi, hech kim ishonmaydi ham. Ammo autsayderlar qatoriga ham tushib qolmaymiz, maqsadni baribir balandroq olaveramiz.

- “Metallurg”ni 10 yildan beri Rustam Mirsodiqov boshqargandi. Ushbu murabbiydan keyin klubni boshqarish sizga murakkab kechmasmikin?

- Rustam To‘xtamurodovich mamlakatimizning eng obro‘li, tajribali murabbiylaridan. Bugungi kunda u kishining shogirdlari ishlamayotgan, faoliyat yuritmayotgan klublarni mamlakatimizda topish qiyin. Milliy chempionatlarimizda eng yuksak marralarni zabt etgan metr mutaxassislardan, desam kashfiyot qilmagan bo‘laman. Bekobod futboli ravnaqi yo‘lida ham u kishining xizmatlari beqiyos bo‘ldi. Albatta bunday insonlardan keyin jamoani qabul qilib olish oson emas. Men Bekobodga Mirsodiqov boshlab ketgan ishni barbod etish uchun emas, davom ettirish, yanada ijobiy natijalarga erishish maqsadida keldim. Xalqimizda generallikni orzu qilmagan askar askar emas, degan ibora bor. Klubimiz muassislari, rahbariyat qo‘llab-quvvatlab tursa, muxlislarimiz bizga ishonishda davom etishsa, stadionni to‘ldirib, yolg‘izlatib qo‘yishmasa, futbolchilarimiz bilan bir musht bo‘lib, bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilsak, albatta natijaning o‘zi kelaveradi.

- Murabbiylar shtabida sizga kimlar yordam beradi?

- Yuqorida aytib o‘tganimdek, Bekobodga barpo etilgan imoratni buzish uchun kelmaganmiz. O‘tgan yilgi futbolchilar hamda murabbiylar tarkibini saqlab qolgan holda ba’zi juz’iy o‘zgarishlar amalga oshirilyapti. Bularning barchasi klubni yanada kuchaytirish, boshlangan ishni muvaffaqiyatli davom ettirish yo‘lidadir. Menga murabbiylik borasida asosiy tarkibda Fevzi Davletov, Alisher Ahmedov hamda Anatoliy Kurlayev yordam berishadi. Klubdagi tashkiliy masalalarni Abduqahhor Ma’rufaliyev, Shavkat Saidov, Sanjar Maqsudov hal etishadi. Yoshlar tarkibiga mas’ul etib Artyom Petrosyan tayinlandi. Unga avvalgi yillardagidek Nozim Esonov hamda Ilyos Qurbonov yordam berishadi.

- To‘g‘risi, ilk bor bosh murabbiy roliga o‘tdingiz va sizni hali bu borada yaxshi bilmaymiz. Ayting-chi, Andrey Shipilovning murabbiylik prinsiplari nimalardan iborat?

- Ishni boshlamasimizdan barcha sirlarimizni bilib, boshqalarga oshkor etmoqchisiz, shekilli. Hazil albatta. Men futbolchilik paytimdan qat’iy nazorat, tartib-intizomga ko‘nikkanman. Atrofimdagilardan ham shuni talab etaman. Tartib bor joyda natija bo‘ladi. Bir so‘zlilikni, to‘g‘rilikni, halollikni yoqtiraman. Jinim suymaydigani subutsizlik – va’daga vafo qilmaslik, yolg‘onchilik. Umid qilamanki, bizning klub bu kabi salbiy xususiyatlardan holi bo‘ladi.

- Endi “Metallurg” tarkibida katta o‘zgarishlarni ko‘ramizmi? Kimlarni chaqiryapsiz?

- O‘zgarishlar bo‘lishi tabiiy. Men kelgunimga qadar klubni ba’zi o‘yinchilar tark etishgan ekan. Kelganimdan keyin esa bir o‘yinchi – Murod Toshmatov bilan xayrlashdik. U Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynash orzuchi ekanligini aytib, bizdan “Nasaf”ga qo‘yib yuborishimizni so‘radi. To‘sqinlik qilmadik. Ayni paytda chiziqlardagi bo‘shliqlarni to‘ldirish harakatidamiz. O‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarimizda bir qator yangi futbolchilar, iqtidorli yoshlar qatnashishyapti. Poytaxt jamoalaridan, viloyatlardan o‘yinchilar ko‘rikdan o‘tishyapti. Nazorat o‘yinlaridan keyin kimlarni olib qolishimiz oydinlashadi. Uchinchi yig‘inni xorijda tashkillashtirish niyatimiz bor. Xorij safariga qadar barcha futbolchilar bilan shartnomalarni rasmiylashtiramiz. O‘shandan keyin yakuniy tarkib haqida bafurja so‘z yuritsak menimcha o‘rinli bo‘lar.

- Jamoa qanday vazifa uchun kurashadi?

- Yangi mavsumdan milliy chempionatimizning formati o‘zgaryapti. Endilikda o‘tkinchi o‘yinlar bo‘lmaydi. Har bitta uchrashuvga oxirgi o‘yinga chiqqandek maydonga tushish talab etiladi. Dastlabki ikki bosqichdan keyin kuchli oltitalikka kirgan jamoalargina o‘zlarini xotirjam his etishlari mumkin. Keyingi oltitalikda qolib ketganlarning Superligada jon saqlab qolishlari juda qiyin bo‘ladi. Xullas, har bitta uchrashuv finalga teng kechadi, desak adashmaymiz. To‘g‘ri, smeta jihatidan bizning jamoa top-5 klublar qatoriga kirmaydi. Ammo o‘sha nomdor raqiblarga o‘yinni shunchaki boy berish niyatida ham emasmiz. Shu fikrlarimdan jamoamiz oldiga qanday vazifalar qo‘yilganligini uqib oldingiz deb o‘ylayman.

FIRDAVSXON

Kiritildi: 20:34, 14.01.2018.
O'qildi: 5280 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.