Chinakam insonga xos bo‘lgan olijanoblik fazilati, doimo e’zozda bo‘lgan vijdon amri bilan amalga oshiriladigan harakatlar maftunkor futbolga o‘zgacha ko‘rk berishiga aslo shubha yo‘q.
2017 yili qayd etilgan eng sara ibratli ishlar bilan tanishing.
1. Totti 28 yillik jamoasini tark etdi
Ortda qolgan yilda Kaka, Lam, Lempard, Xavi, Xabi Alonso va Pirlo kabi afsonalar o‘z faoliyatlarini yakunlashdi. Ular sharafiga haykal o‘rnatilsa ozlik qiladi. Ammo Tottining futboldan ketishi ana shu daholarning xayrlashuv marosimlaridan yaqqol ajralib turdi.
Butun kuch-mahoratini faqat bitta jamoa - «Roma»ga baxshida etgan «imperator» bilan xayrlashishga kelganlar uchun ulkan stadion torlik qilib qoldi. Yashil maydon, tribunalar ko‘z yoshlar bilan yuvildi...
2. Ronalduning Rossiyadagi xayrli ishi
2017 yil Konfederasiyalar kubogi turniri faqat yangi arenalarni sinovdan o‘tkazish bilan cheklanib qolmadi. Krishtianu Ronaldu maydonga nogiron muxlisa - Polinani yetaklagan holda tushdi. Tabiiyki, o‘sha lahzada Polinadan ko‘ra baxtliroq inson yo‘q edi, go‘yo.
3. «Atletik» futbolchilarining hamdardligi
Poyoniga yetgan yil shifokorlar «Atletik» (Bilbao) himoyachisi Yeray Alvaresning saraton xastaligiga chalinganini aniqlashdi. 22 yoshli futbolchi kimyoterapiya muolajasini qabul qilishi kerak bo‘ldi. Ko‘plab futbolchilar Alvaresga hamdardlik bildirib, tezda sog‘ayib ketishini tiladilar.
«Atletik» futbolchilari esa o‘z jamoadoshlari bilan doimo hamnafas ekanliklarini namoyish etish, unga ruhan madad berish uchun ajoyib tadbirni amalga oshirishdi. Ya’ni, birinchi navbatda, futbolchilar soch-soqollarini taqir qilib oldirib, keyinchalik Yeray huzuriga tashrif buyurdilar.
4. Toma-toma ko‘l bo‘lur
Rossiya terma jamoasining shifokori Eduard Bezuglovning xabariga ko‘ra, «Lokomotiv» klubining tashabbusi bilan «RJD Arena»da qon quyish shoxobchasi ochildi. Qisqa vaqt ichida u yerga 50 kishi tashrif buyurib, 20 litr qon topshirdi.
RPFLning har bir jamoasi shu kabi xayriya tadbirini o‘tkazishi mumkin. Buning natijasida yiliga 800 litr bebaho qon to‘plash imkoniyati yuzaga keladi.
Natijada futbolchilar tibbiyot xodimlarining kishilar hayotini saqlab qolishdek olijanob ishlariga munosib hissa qo‘shgan bo‘lishardi.
5. Jonivorlar e’tibordan chetda emas
Chilining «Kolo-Kolo» klubi futbolchilari yaqinda maydonga qarovsiz qolgan kuchuklarni yetaklagan holda tushdilar. Ular muxlislar e’tiborini ayanchli ahvolga tushib qolgan egasiz jonivorlarga jalb etishni maqsad qilishgandi. Shu tariqa futbol bellashuvi bahonasida bir nechta jonivor o‘z sohibiga ega bo‘ldi.
6. Futbolchilar jasorati
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.