Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Terma jamoamizni bugungi chempionlarga topshirish kerakmi?

Terma jamoamizni bugungi chempionlarga topshirish kerakmi?

Baho:
+ | -

Bugun o‘zbek futboli uchun yangi sahifa ochilgani haqiqat. O‘zbekiston U23 terma jamoasi Osiyo chempionatida bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Biz Osiyo chempioni bo‘lganimizdan ham ko‘ra o‘yin o‘zgarganidan, aniqrog‘i, bor imkoniyatimizni ko‘rsata olganimizdan mamnunmiz. Mana, bo‘larkan-ku, degimiz keldi beixtiyor. Xo‘sh, bugungi chempionlarga terma jamoani topshirsak bo‘laveradimi? Quyida shu savolni muhokama qilamiz.

KEKSALIK SINDROMI

Terma jamoamizni keksalik sindromi yemirgani bor gap. Ishonmasangiz, bir tarkibni ko‘zdan kechiring: Aziz Haydarov, Server Jeparov, Ignatiy Nesterov, Aleksandr Geynrix... Haliyam Temur Kapadze faoliyatini yakunladi. Aslida, yuqoridagi futbolchilar ro‘yxatiga Odil Ahmedovniyam qo‘shsak bo‘lardi, faqat uning hali ham sifatli o‘yin ko‘rsatayotgani bunga xalal beryapti. Shu bois terma jamoamizni yoshartirish masalasi ko‘ndalang turibdi. Bugungi chempionlar esa aynan shu muammoni bartaraf eta oladi. Bugungi yigitlar yosh jihatdan ustun, chaqqonligi, epchilligi bor va hokazo.

YANGI NAFAS

Tan olish kerak, bugungi chempionlarimiz o‘zbek futboliga yangi nafas olib kirishdi. Ayniqsa, Yaponiya va Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinlarda biz o‘zimiz istagan futbolni ko‘rdik. Endi sizga savol, qisqa paslar bilan, Xayrulla Hamidov ta’biri bilan aytganda “Barselona”cha uslubdagi chiroyli futbolni terma jamoamiz ijrosida oxirgi marta qachon ko‘rgansiz? Shaxsan mening eslashim biroz qiyin bo‘ldi. Buning sababi nima? Sababi, termamiz tarkibida ana shunda tezkor va qisqa to‘p uzatmalari asosida o‘ynab, markazdan ham yorib kira oladigan futbolchilar kam, juda kam. Bitta Odil Ahmedov bilan ish bitmaydi. Bugungi chempionlar esa aynan shunday o‘zbek futboli uchun yangi bo‘lgan taktika asosida (aniqrog‘i, unutilib ketgan) o‘ynashmoqda. Javohir Siddiqovning Messicha harakatlari, Zabihullo O‘rinboyevning Ronalduga o‘xshashga intilishi, umuman, har bir futbolchining o‘zgacha harakatlari ularning terma jamoada bemalol o‘ynash olishiga bizni ishontirmoqda.

ISHTIYOQ OMILI

Bugungi chempionlar futbolga, g‘alabalarga qaynoq. Terma jamoaning ayrim tepsa tebranmas vakillariga o‘xshab maydonni bekorga kezishmayapti. Bizningcha, mazkur chempionatdagi tarkib, taktika sof (ya’ni aralashuvlar, kelishishlar, turli o‘yinlardan xoli) holda tanlangan. Agar ana shunday shaffoflik saqlab qolinsa va, albatta, futbolchilarimiz ortiqcha havolanib ketishmasa, 2022 yilgi jahon chempionatiga o‘zbek futbolining yangi avlodi bilan birga chiqamiz.

Shaxsan meni mazkur chempionatda Yaponiya va Janubiy Koreyani yirik hisobda mag‘lub etganimiz juda quvontirdi. Aynan shu o‘yinlardan keyin men “Borimiz shu”, degan jumlaga ishonmay qo‘ydim. Bizning borimiz shu emasdi, shunchaki turli o‘yinlaru kirdikorlar o‘zbek futbolini bo‘g‘ib qo‘ygan ekan. Bu fikrni O‘FA prezidenti Achilbay Ramatov ham tasdiqladi. Aytgancha, Achilbay Ramatov aynan O‘zbekiston U23 terma jamoasining finalga chiqishini “Dastlabki ishimizning samarasi” qabilida izohlagandi. Qolaversa, yurtimizda iqtidorli futbolchilar ko‘p ekanligini, bizda futbol yetarlicha rivojlanayotganligini ham bilamiz. Shu paytgacha faqat rahbariyatgina ana shu rivojlanishdan “bexabar” qolib ketayotgandi. Umid qilamizki, endi bunday bo‘lmaydi.

MIQDOR OMILI

Terma jamoaning katta qismini bugungi yoshlar tashkil etishi kerak, nazarimizda. Ana shunda ular yo‘q bo‘lib ketishmaydi, hafsalalari pir bo‘lmaydi. Denisov, Nesterov, Ahmedov, Rashidov va hali o‘yini yo‘qolmagan ayrim futbolchilarnigina saqlab qolib, qolganini ishtiyoqli yoshlar bilan to‘ldirish kerak. O‘shandayam zaxira o‘rindig‘i yoshi katta, tajribali futbolchilar bilan ko‘proq “diydorlashsin”. Yosh va ishtiyoqi baland futbolchilar, bugungi chempionlarga esa ko‘proq imkoniyat berish lozim. Bu yog‘i endi terma jamoani boshqaradigan murabbiyga bog‘liq.

Fikrimiz so‘nggida barcha yurtdoshlarimizni Osiyo chempionligi bilan tabriklaymiz. O‘alabalarimiz bardavom bo‘lsin.

Nizomjon ISLOMOV

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 16:57, 27.01.2018.
O'qildi: 10477 marta.
Fikrlar: 12 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.