Avvaliga Viktor Spriknik, keyinchalik Aleksandr Nurining sa’y-harakatlari evaziga elitani tark etishdek ayanchli muvaffaqiyatsizlikdan qutulib qolgan «Verder»ga hozirda Florian Kofelt ustozlik qilmoqda.
Buning nimasi ajablanarli, deya hayron bo‘lmang. Gap shundaki, jamoa inqirozga yuz tutgan damlarda mutasaddilar faqat o‘z odamlariga murojaat qilishmoqda: sobiq «musiqachi»-Skripnik muhim topshiriqni uddaladi.
Lekin yangi mavsumda «orkestr» yana haydalish kuyini chala boshlagach, navbatdagi iste’fo qayd etildi. Taajjubki, Nuri ham xuddi shunday qismatni boshdan kechirdi.
Oqibatda, bosh murabbiy lavozimi Florian Kofeltga o‘tdi. Quyidagi maqola umidbaxsh uchinchi urinishni amalga oshirayotgan 36 yoshli murabbiy haqida.
«Faoliyatimdagi eng yoqimsiz tanaffus»
«Biz hammamiz Aleksandr Nurini hurmat qilamiz va mavsumdagi ilk g‘alabasini nishonlashi uchun qo‘limizdan kelganicha harakat qilamiz», - degandi «Verder» sardori Zlatko Yunuzovich «Augsburg»ga qarshi bahs arafasida.
Nurining muqarrar iste’fodan saqlab qolishga shogirdlari astoyidil harakat qilishdi, raqib darvozasi oldida xavfli vaziyatlar uyushtirildi. Lekin gol urishni iloji bo‘lmadi. «Augsburg» esa 2ta gol urib, tanaffusga xotirjam yo‘l oldi.
Ikkinchi bo‘limda raqib yana bitta gol urdi, yirik mag‘lubiyatni tan olgan «Verder» 10ta tur yakuniga ko‘ra so‘nggi pog‘ona mahbusiga aylandi. «Faoliyatimda bunday achinarli tanaffusga guvoh bo‘lmagandim.
Nuri futbolchilarni mo‘’jiza yaratishlari uchun ruhlantirishga urunib ko‘rdi. Uning so‘zlarida xayrlashuv ohangi yaqqol sezilib turardi», - deya xotirlaydi «Verder» sardori. Boshini ko‘tarishga ham holi qolmagan murabbiy so‘nggi marta «Vezershtadion»ning yechinish xonasiga yo‘l oldi.
Bir soatdan keyin rahbariyat uni lavozimidan ozod etilganini ma’lum qildi. «Ayrim jamoadoshlarim ko‘z yoshlarini tiya olishmadi. Chunki, Nuri ajoyib inson, aqlli murabbiy edi. Unga yordam bera olmaganimiz uchun afsusdamiz», - deya tan oldi Zlatko.
Posbon, shifokor, murabbiy
«Musiqachilar» navbatdagi mashg‘ulotni Florian Kofelt rahbarligida o‘tkazishdi. Kofelt endigina uchirma bo‘lgan murabbiy va shakllana olmagan darvozabon. Bremendagi barcha bolakaylar kabi u ham oq-zangori libosda maydonga tushishni orzu qilardi. Florian «Verder» akademiyasidan joy olishga muvaffaq bo‘ldi va ilk kundan boshlab so‘nggi chiziqni egalladi.
Kofelt faoliyatidagi muhim burilish 2001 yili yuz berdi - Tomas Shaaf yosh posbonni jamoaning mavsumoldi yig‘iniga jalb etdi. «O‘shanda «Verder» o‘zining ajoyib tiklanish davrini boshdan kechirayotgandi. To‘g‘ri, 2001|2002 yillar mavsumida yuksak natijalarni qayd etmadik. Lekin futbolchilarning zav-shavq bilan to‘p surishayotgani yaqqol sezilib turardi.
O‘zimiz xohlagandek o‘ynashimiz uchun Shaaf bor bilim va malakasini ishga soldi. Har bir shogirdining o‘yindan qoniqish hosil qilishi juda muhim edi. Murabbiylik kasbini tanlaganim bois, uning bu xususiyatini qunt bilan egallashga ahd qilgandim», - deydi Florian.
Kofelt «musiqachilar» yig‘inlarida to‘liq ishtirok etgan bo‘lsada, murabbiylar ishonchini qozona olmadi: «Mendan mohir darvozabon chiqishiga o‘zim ham o‘sha paytdayoq amin bo‘lgandim». Shunga qaramay, Florian asosiy tarkibdan joy olish uchun kurashni davom etdi.
Shu bilan birgalikda boshqa kasblarni o‘zlashtirish rejasidan voz kechmadi - avvaliga tibbiyot fakultetida tahsil oldi. Keyin murabbiy kurslarini muvaffaqiyatli tamomladi. Chunki Florian muntazam ravishda Shaafdan murabbiylik sirlarini o‘rganib, olgan bilimlarini mustahkamlab bordi va uning sadoqatli shogirdiga aylandi.
Shu tariqa «Verder» akademiyasi asosiy e’tiborini hujumkor kombinasiyalarga qaratadigan, taktikaning tor qolipiga tushirish uchun yosh futbolchilarning harakat erkinligini cheklab qo‘yadigan uslubdan yiroq bo‘lgan yosh va g‘ayratli mutaxassisga ega bo‘ldi.
Yangi ish joyida Kofelt bir maromda faoliyat yuritayotgandi. 2016 yil kutilmagan taklif jarayonni tezlashtirib yubordi: «Meni 3-Bundesliganing 10-turidan keyin so‘nggi pog‘onani egallab turgan «Verder-2»ni qutqarishga taklif etishdi».
«Verder-2»ning mo‘’jizasi va yangi imtihon
O‘rinbosarlarga ustozlikni shogirdlarining futbolga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish bilan boshlagan Kofelt vaziyatga to‘g‘ri baho bergan holda emin-erkin to‘p surishni talab qildi. Shu tariqa jamoa oxirgi turda autsayderlar hududi tashqarisida yetib keldi.
So‘nggi bellashuvdagi g‘alabagina havaskorlar ligasiga tushib ketmaslikni kafolatladi. Buning uchun «Verder-2» «Aalen»ni mahv etishi shart edi. Kofelt shogirdlari birinchi bo‘limdayoq hisobni ochishda. Biroq qolgan daqiqalarda futbolchilar va jamoa muxlislari uchun chinakam azob-uqubatga aylandi - «Aalen»ning birgina goli barcha urinishlarni chipakka chiqarishi aniq edi.
Florian Kofelt jamoasi ishonchli himoyalandi va kerakli ustunlikni saqlay bildi. Mavsum yakunlangach, quyi divizionlar musobaqalarini kuzatib boradigan mutaxassislar yosh murabbiyni chempionatning eng yaxshi «o‘t o‘chiruvchisi» sifatida e’tirof etishdi. Xullas, mavsum yakunlandi, Kofelt «Verder-2»dagi faoliyatini davom ettirdi.
Unga nisbatan qandaydir norozilik na muxlislarda, na jamoa mutasaddilarida bor edi. Biroq kutilmaganda bosh jamoa yangi mavsumni juda sust boshladi. Aleksandr Nuri iste’foga chiqarilgach, sport direktori Frank Baumani oldida qisqa vaqt ichida munosib nomzod topish muammosi ko‘ndalang bo‘ldi: «Sanoqli kunlar davomida bir nechta nomzod bilan suhbatlashdik.
Lekin ularning hech qaysi biri ijobiy taassurot qoldirolmadi». Ha, faqat Kofeltning yorqin va samimiy mulohazalari sport direktoriga maqul bo‘ldi. «Futbolchilik faoliyatimni yakunlayotganimda kelajakda qaysi sohada ishlashim xususida uzoq o‘yladim. Nihoyat ulkan auditoriya qarshisida ish yuritish iqtidorim bor ekaligiga amin bo‘ldim.
Notiqligim evaziga o‘z rejalarimni shogirdlarimga singdirishni xush ko‘raman», - deydi Florian. Ilk debyutidayoq yosh murabbiyning ijobiy fazilatlari yaqqol ko‘zga tashlandi - Frankfurtda «Verder» mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsada, «Ayntraxt» darvozasi oldida ko‘plab xavfli vaziyatlarni vujudga keltirdi.
Keyingi bellashuvlarda Kofelt shogirdlari imkoniyatlarni golga aylantirib, «Gannover» va «Borussiya» D.ni taslim etishdi. Qisqasi, yangi bosh murabbiy dastlabki yetti uchrashuvning 3tasini g‘alaba bilan yakunladi. Qo‘shimchasiga, «Verder» Germaniya kubogi doirasidagi bahsda ham raqibidan ustun keldi.
«Men Skripnik yoxud Nuri emasman!»
«Verder»ning «uyg‘ongani»ga shubha yo‘q. O‘ta qisqa muddat ichida Kofelt o‘z o‘yinchilarni g‘alaba qozonishga qodir ekanliklariga ishontirdi. «Echinish xonasida o‘zoq gapirmayman.
Chunki o‘yinchilar maydonga tushmasdan turib toliqib qolishadi. Muhimi shuki, so‘zlarimni tinglagach, toki ularda tezroq maydonga tushib, mazmunli o‘yin ko‘rsatish ishtiyoqi paydo bo‘lsin», - dedi yosh murabbiy.
Kofeltgacha jamoa Nuri rahbarligida 4ta gol urgandi. Endi esa bir oy ichida 10 marta raqiblari darvozagasiga yo‘l topa bilishdi. E’tiborlisi, hozirgi «Verder»ning uslubi Tomas Shaafni eslatmoqda. Klub mutasaddilari uni jamoaga taklif etishni mo‘ljallamoqdalar. Shaaf rasman bosh direktor lavozimini egallaydi.
Amalda Kofeltning maslahatchisi vazifasini bajarishi taxmin qilinmoqda. «Tomasning klub tizimidan joy olishidan xavotirlanmayman. U bilan anchadan beri ustoz-shogird maqomidamiz. Men uchun raqobatchi emas, balki to‘g‘ri yo‘lga boshlaydigan donishmand yetakchidir», - dedi Florian.
Kofelt - «Verder» o‘rinbosarlari safidan yetishib chiqqan uchinchi murabbiy. Viktor Skripnik va Aleksandr Nuri jamoani inqirozdan olib chiqishda ajoyib xaloskorlik xususiyatlarini namoyish etishdi. Ammo yangi mavsumda yana uchinchi urinishni umid va xavotir bilan kuzatishmoqda.
Biroq Kofelt bu borada juda xotirjam, «Skripnik ham, Nuri ham emasman. Futbol borasidagi tushuncham tamoman o‘zgacha. Shogirdlarim nafaqat g‘alabada, balki o‘yindan ham lazzat olishni o‘ylashsin. Ishtiyoqsiz, shunchaki, «xo‘ja ko‘rsin»ga to‘p surish bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi!».
Nima ham derdik, o‘rinbosarlarni yorug‘likka olib chiqqan mutaxassis bosh jamoani ham taraqqiyot yo‘liga yetaklashiga umid qilamiz. Qizig‘i shundaki, xaloskor murabbiy «Verder-2»ni qabul qilgan payt jamoa 10-turdan keyin uchinchi liganing so‘nggi pog‘onasida edi.
Bosh jamoa ham aynan 10ta uchrashuvdan so‘ng birorta g‘alabani qayd etmagan holda oxirgi o‘rinda kelayotgan payt Kofeltga murojaat qilishdi.
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.