Joriy mavsum Osiyo Chempionlar Ligasining asosiy bosqichi ancha shiddatli o‘yinlar bilan boshlandi.
«Lokomotiv»ning ishonchli g‘alabasi «temiryo‘lchilar»dan munosib natija kutishimizga undamoqda. «Nasaf»ning yirik hisobli mag‘lubiyati esa...
To‘g‘ri, qarshiliklarning vaziyatni tezda o‘nglashlari va «pley-off»ga chiqishlaridan umidvormiz, albatta.
1-TUR: FAKTLAR,
RAQAMLAR, STATISTIK KO‘RSATKICHLAR
«A» guruhi
* 8 yanvar kuni «Al-Garafa» safiga qo‘shilgan Uesli Sneyder OCHLning asosiy bosqichlaridagi gollari hisobini ochdi. Yevrokuboklarda 17ta gol urgan gollandiyalik yulduz bungacha saralash bosqichida «Paxtakor» darvozasini ishg‘ol qilgandi - penaltidan.
* Jiddaning «Al-Ahli» klubi hujumchisi Mohannad Asiriy OCHLdagi 22-o‘yinida 5-golini nishonladi.
«B» guruhi
* «Al-Vahda»ga qarshi bahsda maydon markazidan gol urib, FIFA rasmiy sayti e’tiboriga tushgan 24 yoshli Ikrom Aliboyev OCHLdagi 3-mavsumida nihoyat, o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. «Lokomotiv» vakili umumiy hisobda maydonda 895 daqiqa harakatlangan.
* O‘tgan mavsum «Lahviya»ning marokashlik hujumchisi Yusuf al Arabi OCHLga «dubl» bilan kirishgandi.
Bu safar mazkur klub vorisi sifatida OCHLga qo‘shilgan «Al-Duhayl» vakili Karim Budiaf «dubl» qayd etdi. 2010 yildan buyon Qatar klubi safida o‘ynayotgan yarim himoyachining OCHLdagi statistikasi - 48ta o‘yin, 4ta gol.
* OCHLda 11 marta ishtirok etayotgan «Al-Vahda» (2018 yilgi BAA superkubogi sohibi) turnirdagi eng yirik mag‘lubiyatini tan oldi - 0:5.
«C» guruhi
* «Piruzi» safida «dubl»ga erishgan Ali Alipur Eron Pro-ligasida 17ta gol bilan bosh to‘purar bo‘lib turibdi. E’tiborlisi, u klubining oxirgi 4ta o‘yinidan 3tasida 2tadan gol urdi.
* «Piruzi»ning nigeriyalik legioneri Gudvin Mensha esa o‘tgan mavsum OCHLda 4ta gol urgandi. Xullas, u OCHLdagi 5-o‘yinida gollari sonini 5taga yetkazib qo‘ydi.
* «Al-Vasl» va «Al-Sadd» klublari geografik jihatdan bir-biriga juda yaqin bo‘lsada, Osiyo arenasida ilk marta to‘qnashdi.
* «Nasaf» shu paytga qadar safar bahslarida atigi 1 marta g‘alaba qozongan, xolos.
«D» guruhi
* «Al-Rayyan»ning braziliyalik 37 yoshli yarim himoyachisi Rodrigo Tabata g‘aroyib ko‘rsatkich qayd etdi: 6-daqiqada avtogol, 13-daqiqada sariq kartochka, 28-daqiqada gol, 81-daqiqada qizil kartochka!
* «Al-Hilol» OCHLda 13-marta 0:0 hisobiga ko‘ndi.
«E» guruhi
* «Chonbuk Motors» hujumchisi Li Dong Guk OCHL doirasidagi 56-o‘yinida gollari sonini 34taga yetkazdi. Aytgancha, 2009 yildan buyon ushbu klubda to‘p surayotgan faxriy hujumchi vaqtida O‘zbekiston terma jamoasi darvozasini 3 bora nishonga olgan.
* OCHL-2018 debyutanti - «Tyanjin Kuanjin» 2006 yilning 6 iyunida tashkil topgan. Jamoa 11 yil ichida o‘z nomini 3 marta, rasmiy formasini esa 4 marta o‘zgartirdi.
«Tyanjin Kuanjin»ning turnirdagi ilk goli «Kyoln»dan ijara asosida olingan Antoni Modest nomiga yozildi.
«F» guruhi
* «Shanxay SIPG» OCHLdagi ilk mavsumidayoq chorak finalga chiqqandi. Odil Ahmedov jamoasi bu safar Yaponiyadan g‘alaba bilan qaytdi. OCHLda Xitoyning 14ta klubi qatnashgan va «SIPG» ular orasida o‘yinlar soni (26ta) bo‘yicha 5-o‘rinda.
* 3:3 hisobi OCHLda 12-marta durangga rozi bo‘lgan «Melburn Viktori» uchun yangi natija hisoblanadi.
* «Melburn Viktori» safida «dubl» qayd etgan Leroy Jorj Ozar-bayjonning ikki karra chempionidir.
«G» guruhi
* «Jeju Yunayted» OCHLdagi 3-mavsumini ham 0:1 hisobi bilan boshladi. J.Koreyaning ushbu jamoa-si 2011 yili 1-turda o‘z maydonida «Tyanjin Teda»ga, 2017 yili esa «Jiangsu Sunin»ga bitta gol tufayli yutqazgandi.
* Rikardo Goulart ketma-ket 2-mavsum «Guanjou Evergrand»ning OCHLdagi ilk goli muallifiga aylandi. Umuman, braziliyalik futbolchi OCHLda Xitoy klublari uchun gol urgan to‘purarlar orasida 3-o‘ringa chiqib oldi - 18ta.
* «Buriram Yunayted»ning braziliyalik yangi hujumchisi Edgar Silva 2013 yili ham OCHLda qatnashgan va «Al-SHabab» safida 4ta gol urgandi.
* «Serezo Osaka»ning yagona goli muallifi - Kota Mizunuma asosan o‘ng oyog‘i bilan zarba yo‘llaydi. U OCHLda oldinroq «Tokio» uchun 3ta gol urgandi.
«H» guruhi
* 2006 yildan buyon Osiyoda to‘p surayotgan chernogoriyalik Deyan Damyanovich OCHLda 27-golini urib, turnir to‘purarlari ro‘yxatida 3-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
* «Kashima Antlers» OCHLda 8-marta ishtirok etmoqda. U yapon klublari orasida birgina «Gamba Osaka» (9 marta)dan orqada, xolos.
* «Kashima Antlers» bunga qadar OCHL doirasidagi oxirgi 18ta o‘yinda umuman durang qayd etmagandi (9ta g‘alaba, 9ta mag‘lubiyat). So‘nggi durangi 2011 yilning 19 aprelida «Suvon Samsung» bilan uy uchrashuvida kuzatilgandi - 1:1.
Hafta qahramoni. «Al-Sadd» hujumchisi Bag‘dod Bunedjah 1991 yilning 30 noyabrida Jazoirning Oran shahrida tug‘ilgan. So‘nggi 3 mavsumdan buyon Qatar Yulduzlar ligasida to‘p surmoqda.
Shu paytgacha «Al-Sadd» safida 33 marta maydonga tushib, 34ta gol urgan. Xususan, avvalgi mavsum 24ta gol bilan Yulduzlar ligasi bosh to‘purari bo‘ldi.
Mintaqa va milliy chempionatlar bo‘yicha tahlil
Qatar va Xitoy klublari xuddi o‘tgan mavsumda bo‘lgani kabi turnirni yana ko‘tarinki ruhda boshladi. Avstraliya vakillari esa aksincha, barchani ajablantirishdi.
Vaholanki, «Sidney» ham, «Melburn Viktori» ham o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan. Tailand, Avstraliya va Gonkong klublari hisobida hozircha g‘alaba yo‘q.
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.