Kirish Ro'yxatdan o'tish
28/06 03:00 Panama 2-1 AQSh
28/06 06:00 Urugvay 5-0 Boliviya
28/06 20:00 So‘g‘diyona 4-2 Dinamo
28/06 20:00 Qizilqum 1-0 OKMK
29/06 03:00 Kolumbiya 3-0 Kosta-Rika
29/06 06:00 Paragvay 1-4 Braziliya
29/06 21:00 Shveysariya - Italiya
30/06 00:00 Germaniya - Daniya
30/06 05:00 Kanada - Chili
30/06 05:00 Argentina - Peru
30/06 21:00 Angliya - Slovakiya
01/07 00:00 Ispaniya - Gruziya

Popning chempion o‘g‘loni – Botirali Ergashev bilan intervyu

Popning chempion o‘g‘loni – Botirali Ergashev bilan intervyu

Baho:
+ | -

Xabaringiz bor, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasining Osiyo chempionati-2018dagi zafari dabdaba bilan nishonlandi. Shuning barobarida chempion yigitlarimiz xizmati munosib baholandi.

Xususan, Yurtboshimiz tomonidan ularga Malibu avtomobillari sov-g‘a qilindi. Olimpiyachilarimizning ulkan g‘alabalariga jon-jahdi bilan hissa qo‘shgan futbolchilar orasida Namangan viloyati Pop tumanida tavallud topgan Botirali Ergashev ham bor.

U Chin yurtidagi musobaqada yoshlar termasi darvozasini 5ta uchrashuv (Xitoy - 1:0, Ummon - 1:0, Yaponiya - 4:0, J.Koreya - 4:1, Vyetnam - 2:1)da qo‘riqladi.

Boshqacha aytganda, maydonda 510 daqiqa davomida harakatlangan kiper 3ta o‘yinda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Eng e’tiborli tomoni, Ergashev qatnashgan barcha  o‘yinlarda Ravshan Haydarov shogirdlari g‘alaba qozonishdi.

Faqatgina guruh bosqichi 1-turida qatarliklarga qarshi kechgan uchrashuvda jamoamiz darvozasini Dilshod Hamroyev qo‘riqlagan va unda vakillarimiz 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchrashgandi. Qisqasi, U-23 belgisi ostidagi jamoamizning zafarida Botiralining ulushi salmoqli bo‘ldi.

Xullas, qahramon kiperni muxlislarga yaqindan tanishtirish maqsadida Ergashevlar xonadoniga tashrif buyurib, uning ota-onasi, singlisi va o‘zidan intervyu oldik.

Haydarali Ergashev (otasi):

- Otam rahmatli «Paxtakor»ning ashaddiy muxlisi edilar. Shundan bo‘lsa kerak, men va akam ham bolaligimizdan futbolga qiziqqanmiz. Qizig‘i, maktab va ko‘cha-ko‘ydagi o‘yinlarda ikkimiz ham nuqul darvozada turardik. Shu ma’noda aytsam, Botiraliga millionlar o‘yiniga qiziqish va darvozabonlik qondan o‘tgandir, ehtimol.

Asli toshkentlikman. Poytaxtda istiqomat qilganimda, traktorsozlik zavodida ishlab, uning jamoasida o‘ynaganman. Taqdir taqozosi bilan 1992 yili Pop tumaniga ko‘chib keldik.

Bu yerda «Uzbekkrovlya» (hozirgi «Uzrebroid») zavodida ishlab, korxona jamoasida to‘p surdim. Uch nafar farzandimiz bor - 2 o‘g‘il, bir qiz. Botirali to‘ng‘ichimiz.

U futbol  bilan 7 yoshidan shug‘ullana boshlagan. 2009 yili Gulistonda maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan «Umid nihollari» musobaqasida Namangan viloyati termasi zafar quchgan va o‘sha g‘olib jamoa darvozasini Botirali qo‘riqlagandi. O‘g‘limni shundan so‘ng «Paxtakor» akademiyasiga chorlashdi.

Mazkur klubdagi ilk ustozi - Shuhrat Hamroqulov. 2011 yilga kelib, Murod Ismoilov o‘g‘limni «Paxtakor» yoshlar jamoasiga qabul qildi. 2017 yildan esa «sherlar»ning asosiy tarkibiga jalb etildi. 

Xitoyda bo‘lib o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida jamoamiz mezbon - Xitoy termasini mag‘lubiyatga uchratgach, vakillarimizning keyingi bosqichga chiqishlariga shubham qolmadi. Boisi, har qanday turnirda mezbonlar ustidan g‘alaba qozonish oson emas.

Agar shunday voqelik yuz bersa, jamoa kuchiga kuch qo‘shiladi o‘z-o‘zidan. Mana, hamyurtlarimiz ham mezbonlardan ustun kelishgach, boshqacha o‘ynay boshlashdi. Yigitlarimizning Yaponiya va J.Koreya kabi kuchli jamoalarni osongina mag‘lubiyatga uchratishganini shu holat bilan izohlayman.

Ochig‘ini aytish kerak, vyetnamliklarga qarshi kechgan musobaqaning hal qiluvchi bahsi davomida rosa hayajonlandim. Axir yigitlar qalin qor qoplagan maydonda o‘ynashdi. Bunday sharoitda texnik salohiyatni imkoniyat darajasida ishga solish mushkul vazifa. Boz ustiga, uchrashuv penaltilar seriyasiga qarab ketayotganida xavotirim ancha oshdi.

Axir Vyetnam yoshlar termasi avvalgi bahslarda aynan «omad lotereyasi» orqali zafar quchgandi. Sidorov gol urgach, qanday holatga tushganimni hozir ta’riflab berolmayman.

Bungacha onasi ham yigitlarga g‘alaba tilagan holda, tinmay duo qilib turdi. Albatta, o‘g‘lim qatori qorda rosa yugurishgan barcha yigitlarga yuragim achishdi. Ammo mard kishi chidashi kerak. Final o‘yini yakunlangandan keyingi quvonchimni aytmaysizmi...? O‘g‘limga darhol  SMS-xabar jo‘natib, chempionlik bilan qutladim.

Uyimiz esa bir zumda mehmonga to‘lib ketdi - qarindoshlar, qo‘shnilar, tanishlar, do‘stlar... Hamma-hamma bizni tabriklab, quvonchimizga sherik bo‘lishdi. Botiralini esa butun mahalla karnay-surnay sadolari ostida kutib oldi.

Ayniqsa, muhtaram Prezidentimizning futbolchilarimizga yuksak e’tiborlaridan, farzandlarimiz mehnatini shunchalik qadrlab, Malibu avtomobili sovg‘a qilganliklaridan boshimiz ko‘kka yetdi. Yoshlarimizga shunday sharoitlar yaratib bergan Yurtboshimiz omon bo‘lsinlar, ilohim! 

Qarang, Xitoydagi musobaqadan so‘ng qishlog‘imizda ko‘pchilik farzandimga havas qilib, o‘g‘lini futbol maktabiga berdi. Albatta, Botiraliga ota va muxlis sifatida tegishli maslahatlar berib turaman. Deylik, bolaligida XX asrning eng yaxshi darvozaboni Lev Yashin to‘g‘risida ko‘p gapirardim.

Chunki shaxsan o‘zim ushbu afsonaviy darvozabonning muxlisi edim, unga havas bilan boqardim. Botirali bilan futbolga oid videoyozuvlarni ko‘p ko‘rganmiz. Menimcha, unda o‘sha paytdayoq millionlar o‘yiniga alohida mehr uyg‘ongan. Botirali bolaligida ancha sho‘x edi, qaysarlik qilib, hattoki, maktabga ham sport kiyimida borardi.

Esimda, 2 yoshligidayoq to‘p olib bergandim. Koptok doim krovatining oldida turardi. Mana, hammasi ijobiy natija berib, Botirali chempionlikka erishdi. Bu avvalo, o‘zining tinimsiz mehnati samarasidir.

Ota sifatida juda xursandman, g‘ururlanaman, albatta. O‘zbek futboli kelajakda Yevropa darajasiga chiqishi istayman va farzandim yurtimiz bayrog‘ini yanada balandroq ko‘taraversin.

Yashirmayman, Osiyo chempionatidan keyin o‘g‘limga ayrim klublardan takliflar tushdi. Lekin uning «Paxtakor» bilan shartnomasi bor. Agar «Navbahor»ga chorlashsa, kelishi mumkin, har holda, viloyatimiz jamoasi.

O‘zim «Paxtakor» va «Nav-bahor» muxlisiman. Namangan jamoasi o‘yinlarini bevosita stadionda kuzataman. Mabodo, mazkur ikki klub o‘zaro to‘qnash kelsa, qaysi biri chiroyli o‘ynasa, unga g‘alaba tilayman.

To‘lg‘anoy Bektemirova (onasi):

- Ayni payt «Uzrebroid» zavodida ishlayman. Botirali chempionlikni qo‘lga kiritgan kuni barcha hamkasblarim meni qutlovlarga ko‘mishdi. Tabiiyki, bundan iftixor hissini tuydim. Mahallada ham obro‘miz oshdi. Garchi ayol bo‘lsamda, futbolga aslo befarq emasman.

Mudom turmush o‘rtog‘im bilan birga televizor orqali futbol ko‘ramiz. Shuning uchun ham, Botirali futbolni tanlaganida, uning xohishiga qarshi chiqmadim. Xitoydagi Osiyo chempionatining barcha uchrashuvlarini katta hayajonda kuzatdim. Yarim final o‘yinida koreys yigiti o‘g‘lim bilan to‘qnashib ketganida, jonim halqumimga keldi, go‘yo.

Chunki Botirali bir muddat o‘rnidan turmadi, hakam koreyalik futbolchiga qizil kartochka berdi. Ochig‘i, o‘sha lahzada beixtiyor baqirib yubordim: «Voy, o‘g‘lim». Xayriyatki, dadasi meni tinchlantirdilar, o‘g‘limizga shifokorlar yordam berishayotgani, xavotirlanishga asos yo‘qligini takror-takror ta’kidladilar. Botirali o‘rnidan turganidan keyingina o‘zimga keldim.

Futbolchining onasi bo‘lish oson emas. Botirali yig‘inlar, mashg‘ulotlar, o‘yinlar sabab, ko‘p vaqt oiladan yiroq. Xullas, uni rosa sog‘inaman.Toshkentda 90 yoshli qaynonam istiqomat qiladilar. U kishi Botiralini juda yaxshi ko‘radilar va kelishiga eshikni ochib qo‘yar ekanlar.

Osiyo chempionatidan so‘ng xursandchiliklaridan yig‘lab, barchaga maqtanibdilar: «Nabiram endi chempion!» Botiralini bir oy ko‘rmasam, sog‘inib qolaman va shunday payt qaynonamnikiga oshiqaman. Shunday bo‘lsada, onalarga maslahatim, farzandingiz sportga qiziqsa, unga aslo qarshilik ko‘rsatmang.

Aksincha, imkon qadar sharoit yaratib berib, qo‘llab-quvvatlang! Agar u chempionlikka erishsa, o‘zingizni dunyodagi eng baxtli onadek his qilasiz. Hozir xuddi shunday hissiyotlar og‘ushidaman va qishlog‘imizda hamma menga havas bilan boqadi. Botirali bilan faxrlanaman.

Darvoqe, mavridi kelgan ekan, aytaman, yaqinda Botiralini unashtirdik. Bo‘lajak kelin toshkentlik. Xudo xohlasa, avgustda to‘y. Farzandimni baxtli ko‘rsam, bas. O‘z navbatida, Botirali va uning jamoadoshlariga katta e’tibor ko‘rsatgan Yurtboshimizga cheksiz minnatdorchilik bildiraman. Muhtaram Prezidentimiz baxtimizga sog‘-salomat bo‘lsinlar!

Nilufar Ergasheva (singlisi):

- Tabiiyki, xuddi ota-onam kabi Osiyo chempionatining barcha o‘yinlarini kuchli hayajon ostida tomosha qildim. To‘g‘risi, akam chempionlik medalini bo‘yniga taqqan vaziyatda rosa havas qildim. Hozir sinfdoshlarimning menga nisbatan muomalalari o‘zgargan. Axir chempionning singlisiman.

Akam uyimizga kelganida, maktabimizga ham bordi. Shunda barcha sinfdoshlarim undan dastxat olishdi. Hozir maktabimizda futbolga qiziqish ancha kuchaydi. O‘g‘il bolalar akamga havas qilgan holda, futbol bilan jiddiy shug‘ulllana boshlashdi.

Akam juda mehribon, menga doimo sovg‘a-salomlar olib keladi. Unga kelajakda yanada yuksak natijalarga erishib, O‘zbekiston terma jamoasi safida jahon chempionatida qatnashishini tilayman.

O‘zim esa tennisga qiziqaman va mazkur sport turi bo‘yicha musobaqalarni muntazam kuzataman. Kelajakda usta tennischi bo‘lib, yurtimiz bayrog‘ini yuqori ko‘tarishni maqsad qilganman.

Shundan so‘ng Botiralining o‘zi bilan bog‘lanib, uning fikrlarini ham yozib oldik. Ta’kidlash joiz, bu U-23 terma jamoasi va «Paxtakor» klubi darvozabonining ommaviy axborot vositalariga bergan ilk intervyusidir.

Mavsumga tayyorgarlik, ustozi, Doxadagi mag‘lubiyat sabablari

DAVOMI

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 10:07, 25.02.2018.
O'qildi: 6038 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.