Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Lorenso InsinYE: «Napoli»ning zafari barcha alamlarni yoddan chiqaradi»

Lorenso InsinYE: «Napoli»ning zafari barcha alamlarni yoddan chiqaradi»

Baho:
+ | -

Bu futbolchi «Napoli» yetakchilari qatorida, klub esa Italiya chempionati bosh sovrini - skudetto uchun asosiy da’vogarlardan biri.

Maurisio Sarri jamoasida «erkin rassom» maqomida o‘ynayotgan italyan vingeri France Football nashriga bergan intervyusida ancha dadil gapirdi.

Xususan, uning ta’kidlashicha, «Napoli»da o‘yin harakatlari avtomatlashtirilgan qurilma ishi darajasiga olib chiqilgan.

«Hamma neapolliklarga«yopishadi» negadir...»

- Lorenso, 1991 yilning 4 iyunida tug‘ilgansiz. Ya’ni buyuk Maradona «Napoli» bilan xayrlashganidan 2 oy o‘tgach...

- Ha, Neapoldagi butun bolaligim Maradona bilan bog‘liq - har yerda uning surati aks ettirilgan liboslar, sharflar, ramzlar... Diyego shaharda buyuklikning eng yuqori cho‘qqisiga chiqqandi.

- Umuman, Neapolda «Napoli»ga munosabat ham o‘zgacha.

- Esimda jamoa ikkinchi va uchinchi divizionlarda o‘ynagan vaqt maydon chetiga chiqqan to‘pni qaytarib turardim. O‘shanda ham stadionga 60 ming muxlis kirardi.

- Aytish mumkinki, Neapol - davlat ichidagi alohida davlat. Go‘yoki, klub neapolliklar uchun Italiya termasidan ham muhimroqdek...

- Darhaqiqat, muxlislar «Napoli»ni doimo 1-o‘ringa qo‘yishadi, biroq bu uncha to‘g‘ri emas. Deylik, jamoamizning qaysidir vakili milliy jamoada o‘ynasa, fanatlar alohida faxrlanishlari kerak. Ammo amalda boshqacha - ular uchun «Napoli»dan muhimroq narsaning o‘zi yo‘q.

- Fanatlar sizni chin neapollik sifatida alohida qardlashadi.

- Aslida mendan mudom ko‘prog‘ini kutishadi, harqalay, boshqalarga nisbatan yaxshiroq o‘ynashimni talab qilishadi. Tabiiyki, yuksak ishonchni oqlashga intilaman.

Zero, futbolga kirishdan ancha oldin shu klubga mehr berganman. Qisqasi, haqiqiy ultrasman, meni hattoki, «tomi biroz siljigan» fanatlar guruhiga qo‘shish mumkin.

- Bir safar neapolliklarning o‘zlari shahar ko‘rkini buzishayotganidan noligandingiz.

- Har qanday shaharda bo‘lgani kabi bizda ham turlicha holatlar kuzatiladi. Ammo Neapolda biror tushunmovchilik yuz bersami, mamlakat OAV darhol ishga kirishib, barchasini bo‘rttirib ko‘rsatadi. Hattoki, Milandagi ko‘ngilsizlik uchun ham neapolliklarni ayblashlari hech gap emas.

- Shahar xususidagi bunday salbiy qarashlar futbolchilarni cho‘chitmaydimi?

- Ishoning, aslida juda-juda mehmondo‘stmiz. Deylik, hech bir jamoadoshim klubdan ketish haqida o‘ylamayapti. Chunki sharoitlar zo‘r, muxlislar e’tibori katta, klub yetakchilar qatorida.

To‘g‘ri, qaysidir futbolchi «Napoli» va deylik, «Inter», «Yuventus» yoki «Milan»dan bir vaqtda taklif olsa, bizning foydamizga qaror qabul qilishi qiyin. Bu achinarli holat, albatta.

- Ba’zida sizni Neapol qadriyatlari tashviqotchisi sifatida tilga olishadi.

- Buni eshitish yoqimli. Xususan, Italiya termasida ham avvalo, shahar obro‘sini saqlashga harakat qilaman.

«Hammani asosan barzangilar qiziqtirardi...»

- Vaqtida «Torino» va «Inter» klublari ko‘rigida ham qatnashgansiz. Demakki, bugungi  taqdiringiz butunlay boshqacha bo‘lishi ham mumkin edi. Ammo bo‘yingiz pastligi (163 sm.)  tufayli ma’qul kelmagan ekansiz. Aytish mumkinki, endilikda futboldagi «mitti»lar himoyachisiga aylandingiz.

- Futboldagi asosiy shart - to‘p bilan muomala qilish. Bo‘yingiz xoh 2 metr yoki 2 santimetr bo‘lsin - bu ikkinchi masala. To‘g‘ri, o‘sha vaqt ko‘riklarda murabbiylarni asosan barzangilar qiziqtirgan, ularning to‘p bilan tuzukroq muomala qilolmasliklari birovni ortiqcha o‘yga solmagan ham. Boshqa tarafdan qarasak, hammasi shunday tugagani foydamga ishladi.

Harqalay, sevimli klubimda o‘rnimni topdim. Ochig‘i, masalaga bunday yondashuv italyan futbolining salbiy jihatlaridan hisoblanadi.

Deylik, Fransiya, Ispaniya va Angliyada hech kim bo‘yingizga qaramaydi, o‘ynashni bilsangiz, bas. Boz ustiga, Italiyada xorijlik futbolchilar ko‘payib ketishgan va mahalliy yigitlar ko‘pincha zaxirada o‘tirishga majburlar.

- «Napoli» akademiyasiga nisbatan kechroq - 15 yoshda qabul qilingansiz. Futboldan tashqari, yana nima bilan shug‘ullangansiz?

- Namunali o‘quvchi edim. Biroq onam mudom nasihat qiladi: «O‘qiyvermasdan, ishga chiqsang, qandaydir naf keltirarmiding».  Ertalab bozorda savdo bilan shug‘ullanardim, tushlikdan keyin esa mashg‘ulotga borardim. Rosa qiynalganman, muhimi, harakatlarim besamar ketmaganidan xursandman.

- Boshqacha aytganda, sport bilan shug‘ullanish barobarida ko‘cha bolasi bo‘lib qolgansiz, shundaymi?

- Aslo! Oilamiz boy emasdi, ammo hech narsadan zoriqmaganmiz. Ya’ni ota-onam biz - 4 nafar aka-ukani to‘g‘ri tarbiyalashgan. Har holda, ko‘cha bezorisi bo‘lmaganmiz.

- Futbolchi sifatida shakllanishingizda «Peskara»ni bosh-qargan Zdenek Zeman va «Napoli»ga ustozlik qilgan Rafael Benites katta o‘rin tutishgani ma’lum. Ulardan birinchisi hujumda o‘ynashni o‘rgatgan, ikkinchisi himoyalanishni. Hozirgi murabbiy Maurisio Sarrining roli qanday?

- Uning futbol falsafasi butunlay boshqacha - jamoani hujum yoki himoyaga osongina moslashtiradi. Klubimizda hujum mudofaaning birinchi bo‘g‘ini hisoblanadi. To‘p bizga tushganida esa, o‘yindan chinakamiga huzurlanamiz, axir bir-birimizni so‘zsiz tushunamiz-da.

- Misoli avtomatlashtirilgan harakatlarga qanday erishildi?

- Eng muhimi - vaqt! Mana, ko‘pchiligimiz 3 yildan buyon birga to‘p suryapmiz. Deylik, to‘pni qabul qilib, oldinga intilganimda, Kalyexon, Mertens, Gamshik, Jorjinyo yoki boshqa yigitlar qaysi hudud tomon yugurayotganlarini aniq bilaman. Xullas, «Napoli» g‘ildiraklari yaxshilab moylangan mashinaga o‘xshaydi.

- Maydonda «erkin rassom» maqomida harakatlanasiz.

- Murabbiy har safar qaysi pozisiyada to‘p supishimni alohida tushuntiradi. Ochiq yo‘l qolmagan vaqtda esa qandaydir yangilikka qo‘l uraman. Ha, Sarri reja doirasidan chetga chiqmaslikni talab etadi. Ammo o‘rinli ijodkorlikni qadrlashni ham biladi.

«Maxfiy kelishuv yo‘q»

- «Napoli» o‘yinchilarining maxfiy kelishuvi to‘g‘risida ko‘p yozildi. Aytishlaricha, bu yil skudetto yutish uchun jamoadan ketmaslik haqida bir-biringizga so‘z bergansizlar.

- Ha, ko‘plab futbolchilar mashhur klublardan chorlov olishdi. Muhimi, jamoa rahbariyati tarkib o‘zagini saqlab qoldi - ortiqcha moliyaviy muammolarsiz. Lekin o‘rtamizda maxfiy kelishuv yo‘q, buni matbuotchilar o‘ylab topishgan. Aslida hech kim ketishni istamaydi.

- Joriy mavsum va o‘tgan yilgi jamoa o‘rtasida farq bormi?

- Asosiy farq shuki, o‘z salohiyatimizga nisbatan ishonch kuchaydi. Avvallari g‘alaba qozonardik, durang qayd etardik yoki mag‘lubiyatga uchrardik, endi faqat yutishni ko‘zlayapmiz. Ayni payt biror raqibdan cho‘chimaymiz.

- Ammo CHLda «Shaxtyor»ga yutqazib, guruh bosqichidan chiqolmadinglar.

- Ha, xalqaro arenada omadsizlikka uchradik. Aytishim mumkinki, Italiya chempionatida g‘alaba qozonish ilinjida CHLni qurbon qildik. Endi YELda o‘ynashga mahkummiz. Oldimizda ushbu turnirda zafar quchishga umid bog‘lashdan boshqa chora qolmadi...

«Murabbiyni tanqid qilish befoyda»

- Italiya termasi mundialdan chetda qoladi. Bu og‘riqli emasmi?

- Ochig‘i, saralash yakuniga haligacha ishonolmayapman.

- JCH-2014da zaxirada o‘tirgan edingiz, endi esa 2022 yilni kutishga majbursiz. O‘shanda 31 yoshli faxriy bo‘lasiz...

- Orada Yevro-2020 borligini unutmang. Hozirgi vazifa - jamoani qayta tuzish. Ha, Immobile, Verratti va Bonuchchi kabi men ham faxriy maqomini olaman. Mana, Barsali, Buffon, de Rossi va Kyellini termadan ketishdi.

Saralashdagi omadsizlikdan so‘ng ular menga quyidagi mazmunda SMS-xabar yuborishdi: «Sizlarning davringiz keldi. Italiya futbolini munosib o‘ringa olib chiqinglar». Harakat qilamiz, albatta.

- JCH-2014 saralashi «pley-off» raundi doirasidagi 2ta uchrashuvda atigi 15 daqiqa o‘ynaganingizni e’tiborga olsak, sizni tanqid qilishga asos yo‘q. Vaholanki, butun Italiya asosiy tarkibda maydonga tushishingizni talab qildi, ammo bosh murabbiy Jan Pyero Ventura eshitishni istamadi.

- Eski yaralarni tirnashdan ma’no nima? Axir vaqtni ortga qaytarish imkonsiz. Murabbiyni tanqid qilishni istamayman. Vaqtida Massarri va Benites menga yetarli o‘yin amaliyoti taqdim etishmaganida ham, muammoni yakkama-yakka suhbatlarda hal etishni ma’qul ko‘rganman. Albatta, oz o‘ynaganimdan xafaman, lekin eng yomoni - JCH-2018ga chiqolmaganimiz.

- Daniele de Rossi zaxirada o‘tirgancha o‘zi emas, sizni maydonga tushirish lozimligini ta’kidlagani yodingizdami?

- Ventura 3 nafar futbolchi - himoyachi, xavbek va hujumchidan tayyor turishni so‘ragandi. Uning yordamchisi esa yarim himoyachilar orasidan Danieleni tanladi.

Shunda u beixtiyor baqirib yubordi: «Nima uchun? Biz gol urishimiz kerak! Lorenso maydonga tushsin...». Rosti, faxriy futbolchidan bunday so‘zlarni eshitish yoqimli.

- JCH-2018da qaysi jamoaga muxlislik qilasiz?

DAVOMI

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 16:53, 26.02.2018.
O'qildi: 2538 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.