“PSJ” hujumchisi Neymar “Marsel”ga qarshi o‘yinda jarohat olib, maydonni tark etishga majbur bo‘lganidan so‘ng muxlislar, mutaxassislar va futbolchilar orasida turli mushohadalar boshlandi. Bu boradagi eng qiziq mushohada esa uning singlisiga bergan va’dasi bilan bog‘liq.
Gap shundaki, ayrimlarning fikriga ko‘ra, Neymar 11 martga yaqin jarohat olishni o‘zi istagan ekan.
Endi bunday xulosaga sabab bo‘layotgan gap-so‘zlarni izohlaymiz.
Mish-mishlarga qaraganda, Neymar singlisiga tug‘ilgan kunida doim yonida bo‘lishga va’da bergan. Doim va’dasining ustidan chiqib kelgan Neymar Yevropaga kelgach tang ahvolda qoladi. Ammo tez orada buniyam chorasini o‘ylab topdi. 2014-2015 yillardagi mavsumda 11 martga yaqin Neymar “Barselona” tarkibida raqib jamoa o‘yinchisiga ataylab qo‘pollik qiladi va qizil kartochka bilan siylanadi. Natijada u 11 mart kungi o‘yinda maydonga tusholmasligini inobatga olib, singlisining tavallud kunini nishonlashga qaror qiladi. Tasodifni qarangki, kelasi mavsum 11 mart arafasida ham aynan shu holat takrorlanadi. “Barselona” maydonda, Neymar esa ziyofatda...
Uchinchi mavsum 2017 yilda martning 11 sanasiga yaqin qolganida esa u jarohat oldi va maydonga tushmasligini bildirdi. Oyog‘ida jarohati bor Neymar bu gal ham ziyofatda edi...
Neymarning joriy mavsum 11 martga yaqin jarohat olgani esa yuqoridagi shubha-gumonlarga asos bo‘lgan. “Marsel” himoyachisi Amavining fikri esa yanayam diqqatingizni tortadi: “Neymar har gal to‘pni olganida ortiqcha urinmas, shunchaki bizni kutardi. E’tibor berib qarasangiz, u bizningunga qarshi qoida buzishimizni istayotganini sezasiz”.
Ehtimol, bu shunchaki tasodifdir, ammo bunday tasodiflar doim e’tiboringizni tortishi shubhasiz.