Kirish Ro'yxatdan o'tish
02/07 00:00 Portugaliya 0-0 Sloveniya
02/07 06:00 AQSh 0-1 Urugvay
02/07 06:00 Boliviya 1-3 Panama
02/07 21:00 Ruminiya 0-3 Niderlandiya
03/07 00:00 Avstriya 1-2 Turkiya
03/07 06:00 Braziliya 1-1 Kolumbiya
03/07 06:00 Kosta-Rika 2-1 Paragvay

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi

Baho:
+ | -
Bo'lim: O'ZBEK FUTBOLI
Rukn: Yangiliklar

Bugun, 6 mart kuni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi binosida sport federasiyalari rahbarlari bilan navbatdagi yig‘ilish tashkil qilindi.

Unda Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Jasur Matchanov, O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi boshqarma boshlig‘i Nazirjon Xudoyqulov va Osiyo o‘yinlarida ishtirok etadigan sport federasiyalar mutasaddilari ishtirok etishdi.

“Avvalambor sizlarni tabriklab o‘tmoqchimiz. Kuni kecha muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev biz orziqib kutgan farmonga imzo chekdilar. Ushbu farmon ustida juda uzoq vaqt ish olib borildi. Uning bandlari mukammal ishlashi uchun qattiq mehnat qilishimiz talab etiladi. Endi Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi birgalikda, hamkorlida faoliyat olib boradi. Oldimizga qo‘yilgan talabni bajarish uchun imkoniyatlarimiz juda katta. Eng muhimi ushbu imkoniyatlardan samarali foydalangan holda ish olib borishimiz kerak bo‘ladi”, - dedi Jasur Matchanov.

Yig‘ilish davomida sport federasiyalarining Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik jarayoni qanday ketayotganligi haqida axborot berildi. Undan tashqari MOQ Bosh kotibi sportchilarga olimpiya stipendiyalarini to‘lash tizimini qayta ko‘rib chiqish, uning yagona va mukammal mexanizmini yaratish xaqida gapirdi.

“Stipendiyalar tizimini qayta ko‘rib chiqamiz. MOQ tomonidan rag‘batlantirilayotgan har bir sportchi bilan xalqaro me’yorlar asosida shartnoma tuziladi. Kerak bo‘lsa, stipendiyalar miqdorini bir necha barobar ko‘taramiz. Shunga yarasha, ularning kun tartibi va rasionini ham belgilab chiqamiz. Agar ular shartnoma bandlarini buzadigan bo‘lsa jarimaga tortamiz. Talablarimizga javob beradiganlarni rag‘batlantirish ham shunga yarasha katta miqdorda bo‘ladi”, - dedi Jasur Matchanov.

Shuningdek, yig‘ilish davomida endi har bir sport turi bo‘yicha Milliy olimpiya qo‘mitasi sovrini uchun musobaqalar o‘tkazilishi aytib o‘tildi. Aynan mazkur musobaqalar orqali Osiyo o‘yinlariga borish uchun nomzod sportchilar sinovdan o‘tkaziladi.

Qolaversa, sportchilarni olimpiya sport turlariga yo‘naltirish borasida ham fikr bildirib o‘tildi. Endi har bir nomzod sportchi kuzatib boriladi. Ularning ko‘rsatayotgan natijalari tahlil qilinadi. Shunda ularning jismoniy va funksional tayyorgarligida o‘sish yoki pasayish xolatlari yaqqol namoyon bo‘ladi.

Ma’lumki, o‘zbek boksining qit’ada o‘z o‘rni va mavq’ei bor. Ammo so‘nggi Osiyo o‘yinlari - Inchxon 2014 da  bokschilarimiz tomonidan birorta ham oltin medali qo‘lga kiritilmagan. Bugungi yig‘ilishda ushbu xolat yuzasidan ham fikr almashildi.

“Ayni paytda ixtiyorimizda asosiy tarkibdan tashqari, zaxira bokschilarimiz ham bor. Ularni ham tayyorlab boryapmiz. Har bir vazn toifasida 3-4 nafar sportchi ishlamoqda. Bu o‘z navbatida tarkibda sog‘lom raqobat shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Xabaringiz bor, sportda kutilmagan jarohatlar ham uchrab turadi. Shu sababli, zaxiradagi sportchilarimizni ham tayyorlab boryapmiz. O‘zbekiston boks terma jamoasi Jakarta 2018 Osiyo o‘yinlarida umumjamoa hisobida  faqat birinchi o‘rinni olishni maqsad qilgan ”, - dedi terma jamoa bosh murabbiyi  Marat Qurbonov.

Yig‘ilish davomida shuningdek,  sport kurashlari, taekvondo, ushu, karate, og‘ir atletika, gimnastika, gandbol, regbi, futbol, yengil atletika, o‘q otish, qilichbozlik, kamondan otish, suv sporti, velosport, tennis, baydarka va kanoeda eshkak eshish, sambo, jui-jitsu, penchak silat, kurash, golf hamda badminton federasiyalari vakillari birma-bir Indoneziyadagi o‘yinlar uchun rejalar, tayyorgarlik jarayonlari haqida hisobot berishdi.

Manba: www.olympic.uz
Kiritildi: 17:14, 06.03.2018.
O'qildi: 2022 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.