Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

Superligani qadrlash majburiyati

Superligani qadrlash majburiyati

Baho:
+ | -

Mamlakatimiz futbol muhiti milliy terma jamoamizning jahon chempionati final bosqichiga borolmasligi tub sababini uzoq yillar oliy liga saviyasi bilan bog‘ladi.

O‘tgan davr mobaynida ichki chempionat kuchaysa, bosh jamoamiz natijalari o‘z-o‘zidan yaxshilanishi qayta-qayta ta’kidlanaverdi.

Mana shu taklif va talablar ijobati sifatida yangi mavsumdan e’tiboran, nihoyat, Superliga o‘yinlariga guvoh bo‘lmoqdamiz. Boshqacha tizimdagi elitaning dastlabki turini muxlislar katta qiziqish bilan qarshilashdi. Jamoalar esa turlicha kayfiyatda maydonga tushdi...

Fikrimizcha, «Qizilqum» o‘z maydonida, «So‘g‘diyona» esa safarda yetakchilarga qarshi uchrashuvni qat’iy ishonch bilan boshlay olmadi. Har ikki klub vakillari garchi ilk daqiqalarda zo‘r ishtiyoq bilan to‘p surgan bo‘lishsada, yuqori ishonch alangasi tezda so‘nib qoldi.

Go‘yoki, ular o‘zlarini «Barselona» yoki «Real»ga qarshi turgandek tutishdi. Harqalay, bizda shunday umumiy taassurot uyg‘ondi. Ochig‘i, shu taxlit osongina taslim bo‘lish kayfiyati Superliga tabiati va talablariga mutlaqo zid. Ichki chempionatimizning yangi ko‘rinishdagi elitasi o‘tkinchi o‘yinlar va havoyi maqsadlar uchun tashkillanmagan.

Gap faqat «Qizilqum» - «Lokomotiv» va «Paxtakor» -«So‘g‘diyona» bahslari natijasida emas. Istalgan jamoa o‘z maydonida yoki safarda raqibga imkoniyatni boy berishi mumkin. Zero, hech qaysi jamoa mag‘lubiyatdan ihotalanmagan. Masalan, «Napoli»ning o‘z maydonida «Roma»dan 2:4 hisobida yengilishini ko‘pchilik kutmagandi.

Chunonchi, chempionlik yo‘lida kurashayotgan Maurisio Sarri shogirdlari «A» seriyasining navbatdagi turida o‘z tarixini yangilashga intilayotgan «Inter» maydoniga safar uyushtirishadi. Sovrindorlar safidan joy olish va CHL yo‘llanmasini qo‘lga kiritish - «Inter»-ning bosh maqsadi. Demak, Milan safari «Napoli» uchun oson bo‘lmasligi oldindan ma’lum.

Shunday vaziyatda Neapol drujinasining  «Roma»dan ustun kelib, ochkolari zaxirasini boyitib olishi kutilgandi. Natija esa taxminlarga mutlaqo zid bo‘lib chiqdi. Ammo bu hol neapolliklar bahsni osongina boy berishganidan dalolat emas, albatta. Maydonda qizg‘in kurash kechdi.

Deylik, «Napoli» ayniqsa, so‘nggi daqiqalarda «Roma»ni himoyaga qamash asnosida hisobni qisqartirdi. Mag‘lubiyatga uchrayotgan «Qizilqum» va «So‘g‘diyona» o‘yinida esa raqobat tuyg‘usi, kurashuvchanlik kayfiyati kuzatilmadi.

To‘g‘ri, Superligada nasiba topish oson emasligini har bir jamoa to‘liq anglamaydi. Hali shunday kunlar keladiki, mas’uliyatsizlik va keskin raqobatdan qochish tufayli Superligani tark etgan jamoalar yillar davomida elit guruhga qaytish ilinjida qiynaladi, Pro-ligada o‘ynash bilan cheklanadi.

Negaki, qaysidir jamoa bugun Superliganing har bir bahsi qadrli ekanligini chuqur his qilolmayotgan bo‘lsa, boshqasi Pro-ligada ishtirok etib, aslida elitaga munosibligini isbotlamoq niyatida. Xususan, O‘zbekiston kubogi ilk bosqichida Pro-liga yetakchilari tomonidan Superliga vakillariga ayovsiz qarshilik taqdim etilishiga ishonchimiz komil.

Shunda Superliganing hali ko‘zi uyquda bo‘lgan klublari balki uyg‘onar. Harqalay, ilk mavsumdayoq Superliga ishtirokchisiga aylanish - hamma orzumandlarga berilmagan imkon va bu yuksak ishonchni qadrlamoq darkor.

O‘ylaymizki, «Qizilqum» va «So‘g‘diyona» keyingi turlarda raqiblarining kuchi va saviyasidan qat’iy nazar, faqat va faqat kuchli raqobat tuyg‘usi bilan maydonga tushadi. Futbolchilar shunday shijoat namoyish etishsinki, hattoki, mag‘lubiyatga uchrashgan taqdirda ham, o‘yinlari muxlislar va mutaxassislarga taskin bersin.

Zero, Superliga o‘tkinchi uchrashuvlari bilan muxlislarni zeriktirgan oliy liga vorisi emas, balki APLdan rang olishga orzumand, mohiyati mutlaqo yangicha musobaqadir.

 E’tirof etish kerak, «Lokomotiv» dastlabki turda Superliga yetakchisi maqomini o‘rniga qo‘ydi. «Qizilqum»ni yengish jamoaga u qadar qiyinchilik tug‘dirmadi. Favorit jamoaning o‘z nomiga munosib o‘ynashi - futbolimiz  baxti. Endi ayni yetakchilik maqomi OCHL bahslarida ham o‘z isbotini topishini istashmoqda muxlislar.

«Duhayl» kuchli raqib ekanligi barchaga ayon haqiqat. Biroq «Al-Vahda» shu kuchli raqib bilan deyarli tengma-teng o‘ynadi, «Loko» esa uni yengilgina yenggan Superliga yetakchisi. Demak, «temiryo‘lchilar»ning bugungi bosh vazifalari - «Duhayl» dodini berish asnosida Erondagi mag‘lubiyat tasodif ekanligini isbotlash.

Boshqa yo‘l yo‘q «Loko» oldida. Jamoa a’zolari «Duhayl» itoatkora ochko tortiq qiladigan «Qizilqum» emasligini, muxlislar g‘alaba kutishayotganini yodlarida tutishsin. Qaysiki, jamoa Superligada yetakchilik qilishga da’vogarmi, bo‘ldi, uning zimmasiga xalqaro maydonda futbolimiz sha’nini munosib himoyalash mas’uliyati yuklanaveradi.

Boshqacha ifoda etsak, Superliga yetakchisi bo‘lishni chidaganga chiqargan. Har qanday holatda ham, «Loko»ning Qatarga safari muvaffaqiyatli chiqishidan umidvormiz. Jamoa murabbiylari balki shu safar Sardor Rashidovga to‘liq ishonch bildirishar.

Zaxiradan maydonga tushaverish ehtimol, uning o‘ziga ham g‘alati tuyulayotgandir. Zaxirada o‘tirish -  bosh jamoamiz asosiy futbolchisiga sira yarashmaydi. Qolaversa, bu hol uni tarkibga qo‘shib olgan «Loko» murabbiylariga ham aslo to‘g‘ri kelmasa kerak.

Umuman olganda, nainki Sardor Rashidov, balki xorijga yo‘l olgan Eldor Shomurodov, Otabek Shukurov, Doston Hamdamov kabi futbolchilarning taqdirlari ham muxlislarni tashvishlantirmoqda. Legionerlik maqomi ularning mahorati oshishi uchun xizmat qilsa-ku mayli, bu jarayonni hamma olqishlaydi.

Ammo futbolimiz yulduzlarining asta-sekin so‘nib borishlariga jim boqib turish mushkul. Tabiatda shunday o‘simliklar borki, ular duch kelgan tuproqda ko‘karmaydi. Boshqacha aytganda, joy tanlaydi. Unutmaylikki, yosh futbolchilarimiz tabiatida shunday injiqlik mavjud.

Iste’dodli yigitni kashf etish, kamol toptirish mashaqqatlarga limmo-lim muddat ekanligini avvalgi maqolalarimizda ta’kidlagandik. Shunday ekan, ularning xorijga yuborishda yetti marta o‘ylab, keyin bir to‘xtamga kelish darkor.

Aks holda, pishirilgan oshdan kimlardir manfaat topaverishadi, futbolimiz esa iste’dodlarini yo‘qotaveradi. Iqtidor - milliy boylik. Boshqa boyliklar qatori uni ham asrab-avaylash - barchamizning burchimiz.

So‘zimiz yakunida yana bir mulohaza. Ayrim uchrashuvlar xuddi yevrofutboldagi kabi soat 20:00da boshlanishini muxlislar turlicha baholashmoqda. 30-40 yoshli futbol ixlosmandi ishdan so‘ng dam olish imkoni tug‘ilganidan xursand.

Ota-onasidan stadionga borish uchun ruxsat ololmagan yosh bolakay esa bundan xafa. Kechki soat 22:00da tugaydigan o‘yinga farzandini yubormagan ota-onadan ranjish noo‘rin, bizningcha. Oilaviy futbol tomosha qilish esa barchaga ham yoqavermaydi. Xullas, bu masalaga oqilona yechim topish - mutasaddilarga havola.

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.  
Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 14:06, 07.03.2018.
O'qildi: 2507 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.