Qadrli futbol ixlosmandlari! Bugun, 16 mart 2018 yil sanasida Bekobod shahrida soat 18:00 dan e’tiboran mamlakat milliy chempionatining Superligasi 3-turi o‘yinlariga start beriladi.
Turning dastlabki uchrashuvida “Metallurg” o‘z maydonida o‘zbek futboli Vatani hisoblanmish – Qo‘qon shahrining “Qo‘qon 1912” jamoasini qabul qiladi.
Mazkur uchrashuv ikkala jamoa uchun ham juda muhim ahamiyat kasb etadi. Vodiyliklar dastlabki ikki uchrashuvni safarda o‘tkazib, “Buxoro”ga imkoniyatni boy berdi, Navoiyda esa “Qizilqum”ni mag‘lubiyatga uchratdi. Jamoa 3 ochko bilan musobaqa jadvalida 6-o‘rinni egallab turibdi.
“Metallurg” esa o‘z uyida va safarda bittadan o‘yin o‘tkazdi va har ikkalasida raqiblari bilan ochkolarni bo‘lishib oldi. Shu o‘rinda bu yilgi bahslarda kuchsiz raqiblarning yo‘qligini aytish barobarida “Metallurg” dastlabki ikki uchrashuvni nihoyatda kuchli va o‘ziga xos jamoalar bilan o‘tkazganligini ta’kidlamoqchimiz.
Ayniqsa amaldagi chempion va O‘zbekiston kubogi sohibi, Osiyo chempionlari ligasi musobaqasi ishtirokchisi “Lokomotiv” bilan poytaxtdagi durang “Metallurg” uchun g‘alabaga tengdir. Futbolchilarimiz va murabbiylarimiz bu bilan cheklanib qolishmaydi, aslo.
“Metallurg” bugun ham g‘alabaga bel bog‘lagan. Bu yo‘lda esa Siz azizlarning ham o‘z o‘rningiz bor. o‘yinga keling! Sektorlarimizni to‘ldiring! Jamoamizning 12-o‘yinchisi bo‘ling! “Metallurg” stadionida 14-15-sektorlar oilaviy sektorlar ekanligini yaxshi bilasiz. Demak, oilaviy keling, farzandlaringiz, yaqinlaringiz, tanishlaringiz bilan kelib, sevimli jamoangizni qo‘llab quvvatlang! Do‘stlar bilan, “Metallurg” bilan diydorlashing! Sizning tashrifingiz, qo‘llab-quvvatlashingiz esa jamoamizga kuch bo‘ladi. G‘alabalarga, muvaffaqyaitlarga Siz azizlar bilan birgalikda erishamiz! Demak, bugun soat 18:00 da “Metallurg” stadionida ko‘rishamiz.
Superliga, 3-tur, 16 mart 2018 yil.
“Metallurg” – “Qo‘qon-1912”, Bekobod shahri, “Metallurg” stadioni. Soat 18:00.
Hakamlar: V.Agishev (Toshkent), T.Galeev (Toshkent), A.Sidorov (Toshkent), B.YUlcharayev (Guliston).
Nazoratchi – I.Nexochin (Namangan).
Komissar – Roman Chernikov.
Yoshlar – 2:0.