O‘rtamiyona jamoalardan biri bo‘lgan «Ayntraxt» mavsum yakunida Bundesliga kashfiyoti unvoniga sazovor bo‘lsa, ajablanmaymiz. Frankfurtlik «burgutlar» shunchaki yevrokubok yo‘llanmasi emas, aynan YECHLda to‘p surishni mo‘ljallashmoqda.
Yurgen Klopp Bundesligani tark etgach, nemis futbolidagi taktik rang-baranglik o‘tmishga aylandi. Hozirda Germaniyaning aksariyat jamoalari o‘xshash uslubda o‘ynashayotganidan ko‘pchilik mutaxassislar shikoyat qilishmoqda.
Darhaqiqat, Angliya va Ispaniyada oxirgi o‘rinda borayotgan jamoa ham yetakchilarga munosib qarshilik ko‘rsata oladi. Bundesligada esa bellashuvlarning asosiy qismi bir xil ssenariy ostida o‘tadi.
Muayyan «qolip» bilan cheklab qo‘yilgan bunday uslub «Ayntraxt» kabi itoatkor «murabbiy jamoasi»ga ustunlik beradi. Niko Kovach shogirdlari muvaffaqiyatining siri shunda. Nemischa tizimning o‘ziga xos xususiyatlari va muammolari aynan shu jamoa faoliyatida yaqqol ko‘zga tashlanadi.
1. Pressing - nemis futbolining asosiy quroli
Chindan ham nemislar pressing bobida boshqalardan ko‘ra omilkor ekanliklarini «Bavariya» YECHLdagi o‘yinlari orqali isbotlamoqda. Misol uchun, «Beshiktosh» o‘yinchisi maydondan chetlatilgunga qadar himoya chizig‘ini iloji boricha markazga yaqinroq hududda tashkil etishga urinib ko‘rdi.
Bu qanday oqibatlarga olib kelganligini qayd etilgan natija (0:5) aytib turibdi. «Bavariya» hujumlarini dastlabki bosqichda bartaraf etish hozirda uncha-muncha jamoaning qo‘lidan kelmaydi. Bunday «qattiq yong‘oq»ni faqat Bundesliga vakillari orasidan topish mumkin.
Dekabr oyida «Ayntraxt» Yupp Xaynkes jamoasidan 0:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Anna shu kamtarin g‘alabaga grand osonlikcha erisholmagani alohida e’tiborga molik - murabbiy ko‘rsatmalari bexato bajargan frankfurtliklar faqat bir marta hujumchining individual mahorati qarshisida ojiz qolishdi.
O‘shanda Niko Kovach tomonidan tashkil etilgan puxta pressing raqib o‘yinchilarining oyoqlarini bog‘lab qo‘ydi, go‘yo. Ya’ni, «Ayntraxt» har bir futbolchini yoki unga uzatilayotgan to‘pni qat’iy nazorat ostiga oldi. Shu bois, «Bavariya» boshi berk ko‘chaga kirib qoldi.
3-4-2-1 yoki 3-1-4-2 taktik sxemasi mazkur uslubga juda mos tushadi. Kovach esa bu sxemadan shu qadar unumli foydalanmoqdaki, «Bavariya» mutasaddilarida uni Myunxenga taklif etish fikr paydo bo‘ldi. «Ayntraxt»da oldingi chiziq vakillariga maydonning muayyan bir qismida harakatlanish belgilab qo‘yilgan emas.
Ular pressing jarayonida ham faol ishtirok etadilar, qanotlarda ham, markaziy hujumchi chizig‘ida ham. Shuningdek, bu faollik tayanch yarim himoyachilarga ham xos bo‘lgan xususiyat.
2. To‘p nazoratidan voz kechish yoki pressinga qarshi kurashish uslubi
To‘pni raqib ixtiyoriga topshirib, keyin kuchli pressing yordamida qanot bo‘ylab harakatlanishga majbur etish - Bundesliga vakillarining asosiy qurollaridan biri. Kovach faqat mana shu qoidaga amal qiladi.
«Ayntraxt»ning hujum harakatlaridagi ishongan tog‘i va asosiy qudrati-hujumkor yarim himoyachilar. «Burgutlar» qanot yarim himoyachilari yordamida tezkor reydlarni amalga oshirib, hujum chizig‘i vakillarini to‘p bilan ta’minlaydilar, ular esa hujumni nihoyasiga yetkazishadi. Bu manzara ayniqsa «burgutlar»ning kuchli raqiblarga qarshi bahslarida yaqqol namoyon bo‘ladi.
Bir qarashda, o‘rtamiyona jamoalar uchun o‘ta kerakli bo‘lgan resept tayyordek. Biroq hamma ana shu uslubdan samarali foydalana olishga bog‘liq. Aks holda, «burgutlar» parvozi bunchalik shiddatli bo‘lmasdi. Kovach ana shu vazifani boshqalardan ko‘ra yaxshiroq uddalamoqda. Tayanch yarim himoyachisi chizig‘iga to‘pni olib yurish bobida talab darajasidagi saviyaga ega bo‘lgan o‘yinchilarni topa olgan.
Maydon markazi va hujum chizig‘idagi shogirdlari esa to‘pni ilib olish borasida raqiblardan chaqqonroq. Olis masofali uzatmalarga asoslangan uslubning samarasini shu jihatlar belgilab beradi.
Avvalgi mavsumda Angliyaning bir qator o‘rtamiyona klublari hujumda shu uslubni qo‘llashdi. Lekin to‘pni egallab olishga yetarli e’tibor qaratmasliklari sababli, ko‘zlangan samaraga erisholmadilar. Frankfurtliklar esa bu hududlarda son jihatidan ustunlikka erishish orqali to‘pni egallab oladilar.
Shu o‘rinda «burgutlar»ning fransiyalik markaziy hujumchisi Aller xususida to‘xtalib o‘tish lozim. O‘tgan mavsumni Gollandiyaning «Utrext» jamoasida o‘tkazgan Sebastyan «gol+pas» tizimida 22 ball to‘plab, jamoaning YELga chiqishiga munosib ulush qo‘shgandi. Yozda hujumchi 7 mln. yevro evaziga Germaniyaga keldi. Albatta, bu - «Ayntraxt» uchun katta xarajat.
Lekin hujumchi uni oqlamoqda: hozirga qadar u 8ta gol urib, 3ta samarali uzatmani amalga oshirdi. Bundan tashqari, Aller «ikkinchi qavat»da yaxshi o‘ynaydi. Shu bois, tez-tez ortga qaytib, to‘pni egallab olishda faollik ko‘rsatadi. Ana shu harakatlari jamoaga ko‘proq naf keltirmoqda.
3. Yarim qanotlarlarning hujumdagi roli
Nihoyat, navbat o‘yin samarasini oshiradigan jihatlarga yetib keldi. Kovach jamoasidagi hujumkor o‘yinchilarning asosiy vazifalari qanotlardan tezkor reydlarni amalga oshirish yoki buning uchun jamoadoshlariga bo‘shliq yaratishdan iborat.
Bu borada «Ayntraxt»ning eng yorqin yulduzi - Kevin-Prins Boatengga teng keladigan o‘yinchi yo‘q. Oldinga siljish variantlari bo‘lmagan taqdirda u markaziy himoyachi pozisiyasiga qadar chekinadi va hujum uyushtirish tadorikini ko‘radi.
4. Pizision himoya - qaltis yechim
Tabiiyki, pressingning o‘ziga yarasha salbiy jihatlari ham yo‘q emas. Barcha talablar o‘z o‘rniga qo‘yilganda ham bitta muammodan butunlay forig‘ bo‘lishning iloji yo‘q.
Ya’ni, himoya chizig‘i doim ham hujumchilarning oldingi chiziqdagi harakatlariga moslasha olmaydi. Natijada himoya bilan hujum chizig‘i o‘rtasida tez-tez bo‘shliqlar yuzaga keladi. Ana shu hududni e’tibordan qochirish esa o‘z darvozasidan golo‘tkazib yuborishga olib keladi.
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.