Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Neymar: «Jarohat sabab futboldan ketishim ham mumkin edi»

Neymar: «Jarohat sabab futboldan ketishim ham mumkin edi»

Baho:
+ | -

Qarangki, sobiq jamoadoshlar - Jerar Pike va Neymar yaqinda taqdir taqozosi bilan diydorlashib, chinakamiga dildan suhbatlashdilar.

Jerar jurnalist rolida, Neymar esa intervyu beruvchi yulduz maqomida. Ta’kidlash joiz, ular bu galgi uchrashuvda faqat jahon chempionati xususida gaplashishdi, ya’ni «Barselona» va «PSJ» mavzusi ochilgani ham yo‘q.

-Ishlaring qanday, Ney?

- Ko‘rib turganingdek, chakki emas!

- Parij yoqdimi?

- Hammasi joyida.

- Yangi muhitga moslashib ulgurdingmi?

- Ha, asta-sekin ko‘nikyapman.

- Yaxshi. Kel, bu safar Parijni ham, Barselonani ham chetga surib, faqat JCH haqida gaplashaylik. Ayniqsa, yozda bizni Rossiyada qanday voqealar kutayotganligi xususida. Chunonchi, oxirgi mundialdan keyin navbatdagisini  orziqib kutayotganing aniq.

- Ha, albatta. Rossiyada maydonga tushish lahzalarini sabrsizlik bilan kutyapman. Bilasan, oxirgi musobaqa men uchun noxush tugadi - belim jarohatlangani pand berdi.

Mayli, endi afsuslanishdan ma’no yo‘q - vaqt ortga qaytmaydi. Muhimi, bo‘lajak mundialga yaxshi kayfiyatda otlanyapmiz, ajoyib jamoaga egamiz. Umidvormanki, Rossiyada olamshumul g‘alabaga erishamiz.

- To‘xta, men ham jahon chempioni bo‘lishga umid bog‘layapman.

- Sen jamoang bilan bir marta shohsupaga ko‘tarilgansan. Shuning o‘zi yetarli, menimcha...

- To‘g‘ri, ammo bu masalani vaqti kelganida, joyida hal qilamiz. Endi aytchi, xotirangdan chuqur joy olgan dastlabki JCH qaysi? Masalan, men 1994 yilgi musobaqada Tassotti tirsagi bilan qadrdonimiz - Luis Enrike yuziga zarba beraginini eslayman.

Ushbu noxush voqea AQSh mundialining chorak finali doirasidagi Ispaniya -Italiya bahsida ro‘y bergandi: Enrikening qonga belangan futbolkasi hamon ko‘z oldimda...

- Mening ilk xotiralarim ham aynan JCH-94ga bog‘liq. To‘g‘ri, o‘sha vaqt JCH nima ekanligiga aqlim yetmasdi. Lekin Braziliya termasi safida Romario gollandlar darvozasiga gol urganini eslayman. 2002 yilgi turnir esa xotiramga to‘liq muhrlangan ilk mundialdir. Ayniqsa, Ronaldo ijrosidagi o‘yinlar.

- Uning soch turmagi ham yodingdami?

- Havas qilsa arziydigan ijod namunasi. Tan olishim kerak, o‘shanda men ham sochimni xuddi shunday uslubda oldirgandim.

- Yo‘g‘e-e, uni ko‘rishni istardim, fotosurating bormi?

- Hozir yonimda yo‘q. Qidirib ko‘rishga va’da beraman. Oyimning bisotida turgandir.

- Braziliyada barcha bolakaylar Ronaldoga havas qilishgani, soch turmagi bilan ham unga o‘xshashni istashgani tayin.

- Ha, hamma-hamma Ronaldo timsoliga kirishni xohlab qolgandi.

- Sababi aniq - Braziliya termasi tengi yo‘q jamoaga aylangan va Ronaldo uning chin yetakchisi edi.

- Sen ham bilar ekansan-ku. Turkiya termasiga qarshi kechgan birgina yarim final bahsining o‘zi butun tarixga teng!

- O‘ylashimcha, har bir yirik turnirning o‘ziga xos belgisi bo‘ladi. Masalan, 2006 yilgi mundial Zidan tufayli xotiralarga «mixlangan».

- To‘ppa-to‘g‘ri.

- 2002 yili esa aynan Ronaldo bosh rolni bajargandi.

- Boz ustiga, u tizzasiga bog‘liq jiddiy jarohatdan keyin shunday fantastik o‘yin ko‘rsatganki, asti qo‘yaver...

- 1998 yili Braziliya termasi futbolchilarning salomatligi borasidagi muammolar tufayli 0:3 hisobida imkoniyatni boy bergandi, 2010 yili  Inyesta «over-taym»da g‘alaba golini urishga muvaffaq bo‘ldi.

Oxirgi mundialga kelsak, hamma jamoangdan faqat g‘alaba kutgandi. Biroq yarim finalda... O‘sha voqealar shaxsan senga nechog‘li ta’sir o‘tkazdi?

- Avvalo aytishim kerak, Braziliya termasi o‘yinlarini muntazam kuzatib borganman. JCH xususida so‘z ochilsa, ko‘z o‘ngimda darhol Romario va Ronaldo siymolari gavdalanadi. Aynan shu futbolchilarning yuksak mahorati jamoa muvaffaqiyatini ta’minlardi.

- Terma jamoadan ilk marta taklif olganingda qanday holatga tushganingni eslay olasanmi? O‘sha payt qayerda va nima bilan mashg‘ul eding?

- Mashg‘ulotlarni endigina yakuniga yetkazgandim.

- Demak, «Santos» ixtiyorida bo‘lgansan, shundaymi?

- Yo‘q, kechki payt navbatdagi o‘yinda maydonga tushgandik va ertalabgacha nima qilish lozim bo‘lsa, shunga amal qilganmiz.

- Ya’ni...

- Shunchaki, dam olganman. Ertalab sport zaliga kirsak, Mano Menezes jamoani shakllantirish bilan band. E’tiborlisi, hamma bu jarayonni TV orqali kuzatib borgandi.

- Nima, jamoa tarkibiga kirishing haqidagi gap-so‘zlar avvaldan ma’lum edimi?

- Oxirgi JCHdan keyin bu mavzu qizg‘in muhokama qilingani rost. Xususan, ko‘pchilik mening nomzodimni ma’qullagandi.

- O‘shanda necha yoshda eding?

- Atigi 17da. Yangilikni eshitgach, ilk tabrikni yaqin do‘stim - Gansodan qabul qildim. Yana bir sherigim Andre esa bu payt maydonda to‘p surayotgandi. Biz «Santos»da ajralmas do‘stlarga aylangandik. Xullas, Ganso bilan maydonga chopib tushib, Andredan suyunchi talab qildik.

- Terma jamoa safiga qo‘shilganingdan keyin «qariyalar»dan kim senga ustoz yoki akalik qildi?

- Har qaysi faxriy nimanidir o‘rgatishga intildi. Ayniqsa, vaqtida «Santos»da yonma-yon to‘p surgan Robinyo alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatdi. Muhimi, qolgan o‘yinchilar ham mamnuniyat bilan qarshi olishdi. Qisqasi, yangi muhitga osongina moslashib oldik.

- Xotirangda qolgan terma jamoadagi eng yorqin va «xira» kun...

DAVOMI

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 23:49, 20.03.2018.
O'qildi: 5677 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.