O‘zbekiston milliy terma jamoasi FIFA kunlari munosabati bilan Afrika qit’asida o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini va uning doirasida ikkita o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi.
Marokashning Kasablanka shahrida o‘tgan o‘yinlarda Temur Kapadze va Mirjalol Qosimov shogirdlariga JCH-2018 ishtirokchilari hisoblangan Senegal va Marokash terma jamoalari raqiblik qildi.
Bu o‘yinlarda durang va mag‘lubiyat qayd etdik. Umuman olganda, bu natijalar kishida salbiy taassurot qoldirmasligi mumkin.
Lekin afrikaliklarning ikkinchi tarkib bilan maydonga tushishganini inobatga olsak, ijobiy natijaga umid bor edi, ayniqsa, Senegalga qarshi kechgan uchrashuvda. O‘sha bahsda Ali Sisse asosiy tarkibning 10 nafar futbolchisi xizmatidan foydalanmadi. Bu to‘laqonli bitta tarkib degani. Sadio Mane boshchiligidagi yulduzlar bizdan keyin Bosniya va Gersegovina terma jamoasi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda harakat qilishdi. To‘g‘ri, bolqonliklar tarkibida ham Edin Jekodek yulduz bor edi.
Har qanday holatda ham bu ikki o‘yin va qolaversa, keyinroq Eron, Urugvayga qarshi o‘tkaziladigan uchrashuvlar milliy terma jamoamiz foydasiga xizmat qiladi. Birinchi galda o‘yinlar FIFA kunlarida rasmiy maqomda o‘tkazilyapti. Ikkinchidan, raqiblarning bari JCH-2018 ishtirokchilari. Uchinchidan, keng futbol jamoatchiligi biz haqimizda yanada ko‘proq ma’lumotga ega bo‘ladi. Bir tomondan, Senegal, Marokash va Urugvay terma jamoalarida Osiyo jamoalari bilan o‘ynash uchun ehtiyoj bor edi. Boisi, ular joylashgan guruhda «sariq qit’a» termalari bo‘lib, boz ustiga, biz ular bilan o‘ynagandik. Shu sababli Marokash ham, Senegal ham jamoamiz bilan o‘ynashga rozi bo‘ldi. Qolaversa, olis Afrikaga biz bordik. Ularning kelmasligi ikki yuz foiz aniq edi. Mayli, hozircha safarga borib turaylik. Hali shunday kunlar kelsinki, kuchli raqiblarning o‘zlari «Sizlar bilan Toshkentda o‘ynashga ham tayyormiz», degan fikrlarni aytishsin. Har holda, shu kunlar tezroq kelishiga umid qilib qolamiz.
O‘zbekiston - Marokash uchrashuvi oldidan afrikaliklar ustozi Erve Renar bo‘lajak o‘yin haqida fikr bildirar ekan, tarkibdagi barcha futbolchilarga imkoniyat berishini aytib o‘tdi.
«Biz qisqa fursatda ikkita uchrashuv o‘tkazyapmiz. Shu sababli ham ixtiyorimda bo‘lib turgan barcha futbolchilarga imkoniyat bermoqchiman. Ularning har biri maydonga tushishga haqli. Hozircha O‘zbekistonga qarshi kechadigan o‘yinga tanlanadigan tarkib borasida aniq fikr bildira olmayman. Lekin bugun O‘zbekiston bilan bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda Serbiyaga qarshi o‘yinda zaxirada o‘tirgan futbolchilarning xizmatidan ko‘proq foydalanaman», - dedi Marokash termasi ustozi.
Renar janoblari uchrashuvdan oldin fikriga sodiq qoldi va bizga qarshi bahsda deyarli ikkinchi tarkib futbolchilari maydonga tushirildi. Lekin zaxiradan ham asosiy tarkib futbolchilari o‘yinga qo‘shilishdi. Buni ham alohida aytish kerak. Darvoqe, Madridning «Real» klubi a’zosi hisoblangan Ashraf Hakimining mashg‘ulot chog‘ida jarohat olgani haqida xabar berilgandi. Hatto terma jamoa shifokori Abdulrazzoq Hifti uning Madridga jo‘nab ketganligini ham aytgandi. Ammo amalda bunday bo‘lib chiqmadi va iste’dodli himoyachi boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirildi. Ashraf Serbiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida qatnashmagandi. Shuningdek, Erve Renar Gollandiyaning «Ayaks» klubi a’zosi hisoblangan Hakim Ziyeshga imkoniyat berdi. O‘yinning 72-daqiqasida Yasin Bammouni almashtirgan bu futbolchi Serbiya bilan o‘yinda raqib darvozasini ishg‘ol qilgandi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi kechgan uchrashuvda Fransiyaning turli yosh toifalaridagi termalarida o‘ynagan, hozirda Germaniyaning «Shalke-04» klubi sharafini himoya qilayotgan 20 yoshli Amin Xarit, oxirgi Afrika Millatlar kubogida porlagan Ayyub al Kaabi kabi futbolchilar asosiy tarkibda maydonga tushishdi. Kaabi hatto gol urdi ham. Bu ikki futbolchi 24 mart kuni Serbiya bilan bo‘lgan o‘yinni zaxira o‘rindig‘idan tomosha qilishgandi.
O‘z o‘rnida Temur Kapadze va Mirjalol Qosimov ham mazkur bahsga ikkinchi tarkibni tushirishdi. Senegal bilan o‘yinda harakat qilgan ayrim yetakchi futbolchilarimizga dam berildi. Darvozamizni Eldor Suyunov qo‘riqladi. Senegal bilan uchrashuvda ushbu vazifani Ignatiy Nesterov bajargandi. Terma jamoamiz sardori Odil Ahmedov esa bu safar zaxirada qoldirildi. Markaziy himoyachilar Islom To‘xtaxo‘jayev va Anzur Ismoilov, qanot himoyachisi Akmal Shorahmedov ham maydonga tushirilmadi. Ularning o‘rnini Shuhrat Muhammadiyev, Sherzod A’zamov, Rustam Ashurmatov, Javohir Siddiqov, Jasur Yaxshiboyev singari futbolchilar egallashdi.
Endi bevosita o‘yinning o‘ziga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz. Marokash - O‘zbekiston uchrashuvi belgilangan vaqtdan bir soat oldin boshlandi. Shu kunga qadar mazkur bahs bizning vaqt bilan soat 01:00da boshlanishi haqida xabar berilgandi. Biroq ushbu o‘yin Toshkent vaqti bilan soat 23:55da boshlandi. Bunga Yevropaning yozgi vaqtga o‘tgani sabab bo‘ldi. Toshkent va Kasablanka shaharlari o‘rtasidagi vaqt tafovuti besh soatga yetdi. Yevropa vaqtiga o‘tishdan oldin bu farq to‘rt soatni tashkil qilardi.
O‘yinning 3-daqiqasida Amin Xaritning kuchli zarbasini Eldor Suyunov qaytardi. Darvozabondan qaytgan to‘p yana jarima maydoniga uzatildi, bu yerda esa Ayub al Kaabi osongina hisobni ochdi - 1:0. Uchrashuvning 18-daqiqasida Jaloliddin Masharipov jarima to‘pini amalga oshirdi. Bu vaziyatda darvozabon to‘p yo‘liga g‘ov bo‘ldi. Mezbonlar bo‘lim davomida to‘p nazoratini o‘z qo‘llarida ushlab turishdi. Bu esa ularning minimal ustunligini ta’minladi. Bahsning 42-daqiqasida Faysal Fajrning jarimadan yo‘llagan zarbasi ancha xavfli chiqdi. 43-daqiqada hisob o‘zgardi. Burchakdan uzatilgan to‘pni Maruan Da Kosta boshi bilan darvozaga joylab qo‘ydi - 2:0. Uchrashuvning 85-daqiqasida Temurxo‘ja Abduxoliqovning kuchli zarbasidan so‘ng to‘p himoyachiga tegib, maydonni tark etdi. O‘yinning asosiy vaqti yakunlanishiga ikki daqiqa qolgan bir paytda hisobni qisqartirishimiz mumkin edi. Lekin jarima maydonchasi ichida so‘nggi zarbani beradigan futbolchimiz topilmadi.
Shu tariqa, o‘yin Marokash milliy jamoasining ishonchli g‘alabasi bilan yakunlandi. Endi ular JCH-2018 boshlanguniga qadar Slovakiya va Estoniya termalariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazishadi. Biz esa Eron va Urugvay bilan o‘ynaymiz.
Ma’lumot uchun, Marokash termasi Rossiyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatining «B» guruhida Portugaliya, Ispaniya va Eron jamoalariga qarshi bahs olib boradi.
27 mart (seshanba)
MAROKASH - O‘ZBEKISTON 2:0 (2:0)
Gollar: Ayub al Kaabi (3), Maruan Da Kosta (43).
Marokash: Munir al Kajoui (Ahmad Tagnaouti, 46), Al Hajam Volid (Salohiddin Essaidi, 82), Da Kosta Maruan, Saiss Ganem (Nahiri Muhammad, 63), Ashraf Hakimi, Sofyan Amrabat, Faysal Fajr, Amin Xarit, Yasin Bammou (Hakim Ziyesh, 72), Ayub al Kaabi (Volid Azaru, 62), Zakariya Labyad (Sofyan Bufal, 46).
O‘zbekiston: Eldorbek Suyunov, Shuhrat Muhammadiyev, Sherzod A’zamov, Rustam Ashurmatov, Oleg Zoteev (Akrom Komilov, 74), Fozil Musayev (Odiljon Hamrobekov, 45), Javohir Siddiqov (Eldor Shomurodov, 83), Ikrom Aliboyev (Otabek Shukurov, 68), Sardor Rashidov (Jasur Yaxshiboyev, 56), Jaloliddin Masharipov, Marat Bikmayev (Temurxo‘ja Abduxoliqov, 56).
Ogohlantirishlar: Ikrom Aliboyev (42), Rustam Ashurmatov (71).