«Barselona» himoyachisi Xerard Pike youtubedagi blogi uchun jamoadoshi Luis Suaresdan intervyu oldi. Quyida ana shu suhbatni o‘qishingiz mumkin.
- Bugungi suhbatimiz sening terma jamoadagi faoliyating haqida bo‘ladi. Intervyu olish uchun «Ayaks», «Liverpul»dagi faoliyatingni ham o‘rgandim. Lekin asosiy e’tiborimni terma jamoaga qaratdim.
Faktlardan biri shuki, milliy terma jamoadagi debyutingni 2007 yili Kanadada bo‘lib o‘tgan U-20 jahon chempionatidan oldin nishonlagan ekansan. O‘shanda fevral oyida Kolumbiyaga qarshi uchrashuvda maydonga tushgansan...
- Ha, shunday bo‘lgandi. Bu mening «Groningen»dagi birinchi yilim edi. Meni yoshlar o‘rtasidagi Janubiy Amerika chempionatiga qo‘yib yuborishmadi. Lekin «Groningen»da o‘zimni ko‘rsatganim uchun milliy terma jamoadan taklif oldim.
Kolumbiyaga qarshi kechgan bahsda 10-raqam bo‘shligi uchun menga berishdi. O‘shanda Sebastyan Abreu «Rozi bo‘lma, bu raqam omadsizlik keltiradi», degandi. Oxir-oqibat u haq bo‘ldi. Chunki debyutim...
- Qizil kartochka bilan yakunlandi. Lekin o‘shanda penaltini aniq amalga oshirganding.
- To‘g‘ri. Terma jamoadagi dastlabki uchrashuvimda Kolumbiyani 3:1 hisobida mag‘lub etganmiz. Aslida bundan yaxshi debyut bo‘lmaydi.
- Keyin yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga bording. O‘shanda sen bilan birinchi bor uchrashgandik. Urugvay va Ispaniya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv 2:2 hisobida yakunlangan. Sen gollardan biriga mualliflik qilgansan.
-Janubiy Amerika kubogidan oldin murabbiyning milliy terma jamoaga chaqirishi yoki yoshlar (U-20) o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etishimni aniq bilmasdim.
Yakunda meni yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga borishimni ma’qul deb hisoblashdi. 2007 yilning sentyabrida JCH-2010 saralash bahslari boshlandi. Shundan so‘ng meni terma jamoaga jalb qilishdi.
- JCH-2010 saralash bosqichi bahslarida o‘zingni ko‘rsata olding. Yakunda faoliyatingda birinchi bor mundialning final bosqichida ishtirok etding. O‘sha musobaqaning yorqin damlari esingdami?
- Har bir musobaqada bitta bo‘lsa ham hayron qoldiradigan jamoa bo‘ladi. JCH-2010da bunday jamoa Urugvay bo‘ldi. Ayniqsa, bu chorak finaldan o‘rin olgan Ganaga qarshi o‘yinda yuz bergandi.
O‘ylashimcha, hozir o‘sha bahsda to‘pni qaytarganim xususida so‘raysan. Tajriba haqida gapiradigan bo‘lsam, Urugvayning chorak finalga yo‘l olishi katta muvaffaqiyat edi, o‘shanda.
Keyinchalik yarim finalga ham yaxshi formada yetib bordik. Diyego Forlan ajoyib o‘ynagandi. Yarim finalda Gollandiya terma jamoasi omad tufayli 3:2 hisobida ustun kelgan.
- Ganaga qarshi o‘yindagi chetlatishdan so‘ng o‘zingni qanday his qilgansan? O‘shanda koridorda ganaliklarning penaltini aniq amalga oshira olmaganlarini ko‘rib, sakrab yuborganding.
- Odam g‘alati holatga tushib qoladi. Avvaliga chetlatilganingiz uchun qayg‘urasiz. Boshqa tarafdan jamoani inqirozdan olib chiqib ketgan bo‘lasiz. Ya’ni g‘alabaning asosiy sababchisi bo‘lganingizni his qilasiz.
Gana bilan bo‘lgan o‘yinda penaltilar seriyasida Abreu so‘nggi zarbani amalga oshirib, yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritganimizda, zaxira o‘rindig‘idagi futbolchilarimizdan biri hushini yo‘qotgan.
- Jiddiy aytyapsanmi? Bilmas ekanman. Kim edi u?
- Xuan Kastilyo. Yarim final yo‘llanmasini nishonlayotganimizda o‘ziga kelgan.
- 2011 yili Amerika kubogida zafar quchgansizlar. Sen Argentinadagi turnirning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘lgansan. Peruga qarshi yarim finalda ikkita golga ham mualliflik qilgansan.
Finalda Paragvay darvozasini ham ishg‘ol qilgansan. O‘shanda Urugvay 3:0 hisobida g‘alaba qozongandi.
- Yana bir e’tiborli tomoni, Urugvay oxirgi marta Amerika kubogida 1987 yili zafar quchgan ekan. O‘shanda ham musobaqaga Argentina mezbonlik qilgan. 2011 yili chorak finalda aynan Argentinani yutib, kuchimizga kuch qo‘shilgan.
Finalgacha yetib borgan Paragvay, «pley-off»dagi barcha uchrashuvlarda qo‘shimcha vaqtlar yoki penaltilar seriyasi evaziga g‘alaba qozongandi. Shunga bo‘lsa kerak, hal qiluvchi o‘yinda ular charchab qolishgan. Biz esa bundan unumli foydalanganmiz.
- Tez orada JCH-2018 bahslari bo‘lib o‘tadi. Ushbu musobaqada qaysi terma jamoalarni favorit deb hisoblaysan?
- Favoritlar? Albatta, Urugvay.
- Biroz intriga qo‘shsak bo‘ladimi?
- Menimcha, favoritlar ko‘p. Birinchidan, Yevropa jamoalari - Germaniya, Ispaniya, Fransiya. Janubiy Amerikadan esa Argentina, Braziliya va Urugvay bor.
- Sen bilan tengqurmiz. Ikkimiz ham 1987 yili tug‘ilganmiz. Edinson Kavani ham sen bilan bir yilda tug‘ilgan. Ikkingizning munosabatlaringiz qanday?
- Albatta, biz bir avlod vakillarimiz. 2007 yildan buyon terma jamoada birga o‘ynaymiz. Balki u mendan bir-ikkita ko‘proq o‘yin o‘tkazgan bo‘lishi mumkin.
E’tiborli tomoni, ikkimiz ham Salto shahrida tug‘ilganmiz. Bo‘lajak mundialda Edi bilan birga Urugvay xalqini xursand qilish uchun qo‘limizdan kelganicha harakat qilamiz.
- Oxirgi savol. Joriy mavsumda «Barselona» biror-bir turnirda zafar quchadimi?
- Albatta.
- Ha. Leo ham shu haqda aytgandi. Endi yuz foiz ishonchim komil. Luis suhbat uchun senga rahmat.
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.