Xalqaro futbol assosiasiyalar federasiyasi (FIFA) o‘tgan haftada, joriy yilning 14-iyunidan 15-iyuliga qadar Rossiyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionida ishlaydigan hakamlar ro‘yxatini haftada e’lon qildi. Quvonarlisi, ushbu ro‘yxatdan hamyurtimiz Ravshan Ermatov va uning brigadasi ham joy olgan. Ushbu quvonchli xabar e’lon qilinganidan so‘ng O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati Ravshan Ermatov bilan eksklyuziv intervyu uyushtirdi.
-Ravshan, jahon chempionatida ishlaydigan hakamlar ro‘yxatidan uchinchi marotaba joy olganingiz bilan Milliy olimpiya qo‘mitasi nomidan tabriklaymiz. Bu albatta har bir hakam orzu qilsa bo‘ladigan natija. Yana bir muhim jihati, siz shu paytgacha jahon chempionati final bosqichlarida eng ko‘p uchrashuv boshqargan hakam sifatida ham rekord o‘rnatgansiz. Shaxsan o‘zingiz uchinchi marotaba jahon chempionatida ishtirok etishni kutganmidingiz? To‘g‘ri, bungacha ma’lum bosqichlarni bosib o‘tdingiz. Mashg‘ulotlar, yig‘inlar, musobaqalar, to‘plangan ballar... Ammo, o‘zingizda yakuniy ro‘yxatdan joy olishga ishonch bormidi?
-Albatta, Rossiyada o‘tkaziladigan jahon chempionatida ishtirok etish biz uchun orzu edi. Chunki, Mundialda qatnashish nafaqat futbolchi va murabbiylar uchun, balki, hakamlar uchun ham orzu, maqsad hisoblanadi. Ular o‘z oldiga mana shunday maqsadni qo‘ymasa ishlashdan naf yo‘q. "Rossiya-2018" loyihasi yo‘lida 3,5 yil davomida FIFA bilan birga ishladik. Bu vaqt oralig‘ida 100dan ortiq testlar, 50dan ortiq normativlar, FIFA, OFK, O‘zbekiston chempionatlari doirasida ishlagan uchrashuvlarimizni FIFA monitoring qilib bordi.SHu orzuga erishish uchun nimalar qilish kerakligini, ishga bo‘lgan munosabat qanday bo‘lish lozimligini yaxshi bilardik. Hakam eng avvalo o‘zini ayamay mehnat qilishi kerak. Buning uchun ba’zi narsalardan voz kechishga to‘g‘ri keladi. Faqat va faqat o‘rganish, olg‘a yurish ham talab qilinadi.
Bugungi kunda futbolimizda bo‘layotgan ijobiy islohotlar, avvalambor muhtaram Prezidentimiz futbolimizni o‘z nazoratlariga olganlaridan so‘ng, o‘zbek futboliga o‘zgacha fayz, baraka kirib keldi. Mutaxassislarning ishga bulgan munosabati ijobiy tomonga o‘zgardi. Bu albatta natijalarni yaxshilanishiga olib kelishi aniq. 23 yoshli futbolchilarimiz tarixda ilk marotaba Osiyo chempioniga aylanishdi. Umid Ahmadjonov boshchiligidagi O‘zbekiston futbol assosiasiyasi faoliyati tubdan o‘zgarib, har bir mutaxassis o‘z ishini sidqidildan, yurakdan bajarmoqda. Ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar guvohi bo‘layapmiz. Kishini quvontiradigani shuki, futbolimizning sifati yaxshilanmoqda. Oldinlari o‘yinlarning translyasiyalari ham ko‘p emasdi, shuningdek, sifat borasida ham muammolar ko‘zga tashlanardi. Muxlislarimiz ham o‘zbek futbolini emas, chet el futbolini tomosha qilishardi. Bu albatta bizga og‘ir botardi.
Bir tomondan ularni ham tushunsa bo‘lardi. Chunki, futbolimiz sifati talabga javob bermasdi. Ammo, bugungi kunga kelib barchasi ijobiy tomonga o‘zggaryapti. Translyasiyalar sifati ham yaxshilandi. Barcha o‘yinlar jonli efirda namoyish etilmoqda. Eng avvalo futbolchilarning o‘z kasbiga bo‘lgan munosabati o‘zgardi. Ular ishtiyoq bilan futbol o‘ynayotganini ko‘rib, muxlislar ham stadionlarga qaytishmoqda. Bugungi kunda futbol sohasida faoliyat olib borayotgan har bir futbolchi, murabbiy, hakam, mutaxassis, qolaversa rahbariyatning asosiy e’tibori bir narsaga qaratilgan. U ham bo‘lsa futbolimiz sifatini ko‘tarib, muxlislarimizni stadionlarga qaytarish. Biz ham ushbu ahil futbol oilasining a’zosi bo‘lganimizdan faxrlanamiz va bor kuchimizni futbolimizning ravnaqiga bag‘ishlashga harakat qilamiz.
-Futbol sohasida katta islohotlar ro‘y beryapti deb aytib o‘tdingiz. Fikringizga qo‘shilaman. Buni nafaqat mutaxassislar, balki muxlislar ham e’tirof etishyapti. Stadionlarga ishqibozlarning qaytishidan tortib, translyasiyalarni kuchaygani, o‘yinlarning sifati oshgani bor gap. Ana shu islohotlar hakamlik sohasiga qanchalik ta’sir ko‘rsatdi?
-Hakamlik borasida ham juda katta o‘zgarishlar bo‘lyapti. Yaxshi bilasiz, sifatsiz hakamlik bilan sifatli futbolni qurib bo‘lmaydi. Yoki professional futbolni noprofessional hakamlik bilan yaratish imkonsiz. Umid Ahmadjonov o‘zbek futboliga rahbar bo‘lib kelganidan so‘ng hakamlik sifatini oshirish, sohada adolatni ta’minlash, hakamlarni nafaqat xalqaro tajribasi, balki ularning saviyasini oshirish yo‘lida anchagina chora-tadbirlar ko‘rildi. O‘FA Hakamlar va nazoratchilar boshqarmasi boshlig‘i Ma’mur Saidqosimov ham sohani rivojlantirish yulida tinmay mexnat kilyapti.
Oldinlari hakamlar bir yilda ikki marotaba yig‘iladigan bo‘lsa, hozirda har oy yig‘ilib turibmiz. Unda vaziyatlarni ko‘rib, kamchiliklarni aniqlab chiqamiz. Ilgari faqat nazariy mashg‘ulotlar olib borgan bo‘lsak, hozirda amaliy mashg‘ulotlarda ham ishtirok etyapmiz. Hozir biz yo‘lga qo‘ygan amaliy mashg‘ulotlar bungacha O‘zbekistonda tashkil qilinmagandi. Bunday amaliy seminarlarda faqat jahon chempionatiga tayyorlanayotgan va OFK xakamlari qatnashishardi. Shu tizimni mamlakatimizda ham joriy etishni boshladik. Ikkinchi tomondan hakamlarning o‘z ishiga bo‘lgan munosabati o‘zgardi. Avval ular professional hakam hisoblanmasdi. Biri haydovchilik, boshqasi fabrikada ishlardi. Ishidan chiqib hakamlik qilardi. Masalan siz Superliga futbolchisi kunduzi ishlab, kechki payt futbol o‘ynashini tasavvur qila olasizmi? Albatta yo‘q. Shuning uchun, hakamlikda ham shunday bo‘lishi kerak. Biz hakamlik borasida raxbariyatga takliflar berganimizda, bizni qo‘llab-quvvatlab,kanday yordam kerak bo‘lsa barchasini amalga oshirmoqdalar. Yana bir tomoni, hakamlarning o‘zini futbolga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirishga harakat qilyapmiz. Ba’zida referi hushtak chalaverib o‘yinni zerikarli qilib yuborardiki, stadionga kelgan ishqiboz bundan faqat afsuslanardi. Biz bugunga kelib yondoshuvni tubdan o‘zgartirdik. O‘z vaqtida 90 daqiqa ichida 100 marotaba hushtak chalingan o‘yinlar guvohi bo‘lganmiz. Tasavvur qilyapsizmi, 90 daqiqada 100 marta hushtak chalinishini?
Hozirgi kunda bu boradagi statistika bitta o‘yinga o‘rtacha 30-35 tani tashkil qilmoqda. Bu orqali maydonda kurashuvchan o‘yinga imkon yaratib berilmoqda. To‘g‘ri, futbolchilarni ham tezda o‘zgartirib bo‘lmaydi.
Bazi futbolchilar sun’iy ravishda vaqt cho‘zishga, maydonga yotib olib, hakamdan jarima to‘plari so‘rashga ham o‘rganib qolganlar. Ammo, biz bu amaliyotdan qaytib, Arab futboliga yemas Yevropa futboliga asoslangan yo‘nalishni tanladik. Albatta bu xolat kurashuvchan futbolni yoqtirmaydigan, oson o‘yinlar o‘tkazishni istaydigan futbolchilarga yoqmasligi aniq. Lekin, futbolni chidaganga chiqargan. Ishlasa ishtiyoq bilan ishlash kerak. Bo‘lmasa, o‘z o‘rnini yoshlarga bo‘shatish lozim. Bugungi kunda xakamlik sifatini oshirish masalasini ustuvor vazifa sifatida ko‘ryapmiz. Iqtidorli hakamlarga o‘zini ko‘rsatish uchun albatta imkoniyat berilmoqda. Osiyo yoki Yevropa davlatlarida yosh-yosh hakamlar yetishib chiqmoqda. Bizda ham yoshlar yetarlicha. Ularga imkoniyat berish kerak. Mayli, u ham xato qilar, ammo, tajribasini oshirib, yana kup yillar uzbek futboli ravnakiga xizmat qiladi.
-O‘tgan yili Rossiyada o‘tgan Konfederasiyalar kubogida videoassisent sifatida ishladingiz. Futbolga ana shu tizimning joriy etilishiga sizning munosabatingiz qanday? Bu o‘yin tempini tushurib yubormaydimi?
-FIFA ushbu tizimni joriy etganidan so‘ng jahon miqyosidagi tajribali hakamlarni saralab oldi va ushbu loyihaga jalb etdi. O‘sha hakamlar ro‘yxati ichida men ham bor edim. Bu loyiha boshlanganiga ikki yil bo‘ldi. Ochig‘ini aytsam, boshida bu menga yoqmagandi. Chunki, o‘yinni 2-3 daqiqaga to‘xtatib qo‘yish muxlislarning zerikishiga, o‘yinning sovub qolishiga sabab bo‘lishi mumkin. Natijada futbol jozibasini yo‘qotadi. Ammo, shu ikki yil davomida ushbu jarayonni tezlashtirib, mutaxasislar bilan ishladik. Eng muhimi operatorlarning futbol haqidagi tushunchasi yaxshi bo‘lishi kerak. Bu borada ular bilan yaqindan hamkorlik qildik. O‘sha jarayon 2-3 daqiqadan 30-35 soniyagacha tushirildi. Buning futbolga ta’siri ijobiy. Agar hakam vaziyatni ko‘ra olmay qolsa, bu sabab jamoa musobaqani tark etishi ham mumkin. Chunki inson faktori kabi jihatni ham unutmasligimiz lozim. Hato qilmaydigan hakamning o‘zi yo‘q. Videotakrorlar 30 soniya ichida samara bersa bu futbol jozibasiga ta’sir qilmasligi aniq. O‘sha xato joyida to‘g‘irlanadi. Adolat mezoni ham buzilmaydi.Bundan fakat futbol va muxlislar yutadi.
-YA’ni referi uchrashuvda biror-bir qarorni qabul qilgan bo‘lsa, keyinchalik unga videoassisent kerakli ma’lumotni yetkazib, qarorini o‘zgartirishga haqli bo‘ladi. Shundaymi?
-Aytaylik referi bir vaziyatni ko‘rmay qoldi va o‘yin davom etyapti. Videoassisent jarayonni ko‘rib chiqadi va radio aloqa orqali hakamga ma’lumot yetkazadi. O‘sha pallada hakam o‘yinni to‘xtatadi va vaziyatni tezda ko‘rib chiqib, tugri karorni o‘zi qabul kiladi.
-Demak o‘tgan yili bu tizim Rossiyada sinov tariqasida qo‘llanilgandi. Bu yilgi JCHda esa ana u rasman ishlaydi. Siz musobaqada qaysi vazifada faoliyat olib borasiz?
-Jahon chempionatida videotakrorlarda ma’lum tajribasi bor hakamlar ham referi, ham videoassisent sifatida ishlaydi. Shuningdek, alohida videoassisentlar bor. Ular maydonda hakamlik qilmaydi. Germaniya, Italiya, Fransiya, AQSH mamlakatlaridan maxsus videoreferilar tanlab olingan. Chunki, u yerda bunday tizim milliy chempionat o‘yinlarida ham qo‘llaniladi va bu borada tajribalari bor. Bizning brigadamizning musobaqadagi vazifasi esa maydonda hakamlik qilish.
-Bu shaxsiy rekordingizni yangilash uchun juda yaxshi imkoniyat. Yaqin orada siz kursatgan natijani kimdir yangilash ehtimoli juda kam. So‘ramoqchi bo‘lganim, asosiy yordamchingiz Abduhamidullo Rasulov bilan ko‘p yillardan beri birga faoliyat olib boryapsiz. U 2014 yilgi JCHda ham siz bilan birga ishlagan va bu borada tajribaga ega. Qolaversa, u Osiyoning eng yaxshi laynsmenlaridan biri. Ikkinchi yordamchingiz Jahongir Saidov uchun esa bu ilk jahon chempionatidir. Unga bu borada qanday tavsiyalar beryapsiz? Buni bejizga so‘ramayapman. Birinchi marotaba JCHda ishtirok etganingizda yordamchingiz Rafael Ilyosovning bitta vaziyatdagi qarori sizni va brigadangizni butun dunyoga mashhur qilib yuborgandi. Siz o‘sha holatda unga ishongansiz va yakunda bu o‘zini oqlagan. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, Jahongirga hozir qanday maslahatlar beryapsiz?
- Savolingiz futbolda yordamchi hakamlarning bugungi kundagi ahamiyati qanchalik katta ekanligiga javob berib turibdi. Bittagina o‘yindan tashqari holat bilan bog‘liq bo‘lgan vaziyatni yordamchi hakam to‘g‘ri baholay olmasa jamoalar taqdiriga, o‘yin natijasiga ta’sir qiladi. Shuning uchun yordamchi hakamlar bilan jiddiy ishlayapmiz.Jahongir klublar o‘rtasidagi jahon chempionati, Osiyo chempionati, turli musobaqa va seminarlarda ishlab, tajribasini oshirdi. Test sinovlarida yuqori natijalarni qayd etdi. Agar u ko‘ngildagidek natija ko‘rsata olmaganida FIFA uni almashtirgan bo‘lardi. Jahongir bilan ancha yildan buyon ishlayapmiz. O‘z navbatida Abdulhamidullo ham Jahongirga o‘z maslahatlari bilan katta yordam beryapti. Biz mashg‘ulotlarda nafaqat jismoniy, balki nazariy va amaliy yo‘nalishlarda ham ishlayapmiz.
- O‘zbekiston jahon chempionatida birinchi marta to‘liq brigada bilan ishtirok etadi. Avvalgi Mundiallarda qirg‘izistonlik Bahodir Qo‘chqorov sizga yordam bergandi. Bu safar esa jahon chempionatida to‘liq O‘zbekistonlik hakamlar brigadasini ko‘ramiz. Shuningdek, o‘zbek futboli tarixida birinchi marta komissarimiz Olim Arifov ham mundialda qatnashadi. Bu ham o‘ziga xos muvaffaqiyat. O‘zbek futbolida ro‘y berayotgan islohotlar ana shu holatda ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Shunday emasmi?
-Albatta. Futbolimizda ro‘y berayotgan islohotlar o‘z samarasini uzoq kuttirmayapti. Olim Arifovning ushbu muvaffaqiyati o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q. U o‘z ishiga to‘g‘ri yondoshgani, ustida ishlagani samara bermoqda. Agar mutaxassis o‘z ishiga mas’uliyat bilan, chin yurakdan yondoshadigan bo‘lsa natijalar uzoq kutilmaydi. Ayni paytda qo‘yilayotgan talab ham shunday. Bu yo‘nalish bugungi futbolimizning shiori desa ham bo‘ladi. Bizda iqtidorlar juda ko‘p. Faqat ularni to‘g‘ri yo‘naltirib, ishga bulgan yondoshuvni professionallarcha amalga oshirsa yaxshi natijalar qo‘lga kiritiladi. Tokiodagi Olimpiya o‘yinlariga chiqish uchun O‘zbekistonda juda yaxshi imkoniyat bor. Undan tashqari 2019 yilgi Osiyo Kubogi va Qatardagi jahon chempionati bizni kutib turibdi.
-Ma’lumotlarga qaraganda, ertaga yordamchilaringiz bilan birga Shimoliy Amerikaga yo‘l olayotgan ekansiz. Ushbu safar haqida nimalar deya olasiz?
-Bu biz uchun yoqimli syurpriz bo‘ldi. Meksikada, qolaversa o‘z vaqtida 1986 yilgi jahon chempionatining final o‘yini o‘tgan jahonga mashhur "Asteka" stadionida shu vaqtgacha o‘yin boshqarmagandik. Ikkinchi tomondan bu katta mas’uliyat hisoblanadi. Yaxshi bilasiz, boshqa qit’a, boshqacha futbol mentaliteti. U yerdagi atmosferani, jamoalarning o‘yin uslubini taklif olgan kunimizdan boshlab o‘rgana boshladik. Jamoalar o‘rtasidagi dastlabki yarim final o‘yinini ham ko‘rib chiqdik. "Toronto" hamda "Amerika" jamoalari o‘rtasidagi bahsda kanadaliklar 3:1 hisobida g‘alaba qozonishdi. Javob o‘yini "Amerika" maydonida, Meksikada bo‘lib o‘tadi. Jamoa tarkibida janubiy amerikalik futbolchilar ko‘p. Demak, hujumkor o‘yin bo‘ladi. Qiziqqon futbolchilar ko‘p va 90 daqiqa ichida ularni to‘liq nazorat qilib borish kerak bo‘ladi. KONKAKAF chempionlar ligasining final yo‘llanmasi hal bo‘ladigan uchrashuvda mas’uliyat katta bo‘ladi.
-Bu qaysidir ma’noda JCHga tayyorgarlik ko‘rayotgan hakamlar uchun o‘ziga xos maktab. Ana shunday musobaqalarga borish uchun FIFAdan alohida ruhsat olasizlarmi?
-KONKAKAF ushbu taklifni yuborishdan oldin FIFA va OFK bilan kelishuvga erishadi. Hozircha, FIFA JCHda ishtirok etadigan terma jamoalar ishtirokidagi o‘rtoqlik uchrashuvlarini boshqarmay turishni tavsiya qildi. Chunki, o‘rtoqlik o‘yinida qandaydir holat bo‘lsa bu JCHda ta’sir qilishi mumkin.SHu sababdan klublar o‘rtasidagi o‘yinlarga xakamlik kilishga ruhsat berildi.
- Yosh jihatdan olib qaraganda 2022 yilda Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida ham ishtirok etish imkoniyati sizda bormi?
-Ustozimiz Axbor aka Imomxo‘jayev birinchi marotaba JCHga ketayotganimizda "Ravshan, bu birinchisi. Lekin, yosh jihatidan men hisoblab chiqdim. To‘rtta JCH uchun yoshing to‘g‘ri kelar ekan. Bittasi bilan to‘xtab qolish yo‘q. To‘rttasiga borishing shart" deb bizni duo qilgandilar. Ustozimiz ham shunday niyat qilgan ekanlar. Ammo, hozirda bor e’tiborni Rossiyadagi chempionatga yaxshi tayyorgarlik ko‘rish uchun karatganmiz .
- Ravshan, taklifimizni qabul qilib Milliy olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurganingiz uchun minnatdorchilik bildiramiz. O‘z navbatida Rossiyadagi jahon chempionatida MOQ nomidan, mamlakatimizning butun olimpiya oilasi nomidan sizga va yordamchilaringizga omad tilab qolamiz. O‘zbekiston xalqi jahon chempionatida sizlarga muxlislik qiladi. Sizlarni duo qiladi. Ishonchimiz komilki, Rossiyadagi JCHdan ham yorug‘ yuz bilan qaytasizlar va o‘zbek hakamlik maktabi, qolaversa jonajon diyorimizni butun dunyoga tanitishda mazkur musobaqa navbatdagi qadam bo‘ladi. Bu borada omad va zafarlar tilab qolamiz.
-Katta rahmat. Taklif uchun minnatdorchilik bildiraman. O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasidek mana shunday muhtasham binoda intervyu berish men uchun sharaf. Olimpiya harakati va futbol bu katta, ahil sport oilasidir. Barchamizning maqsadimiz bir. O‘zbekiston bayrog‘ini doimo yuqorilarga olib chiqaylik. Xalqimizni duosini olib, ularni kayfiyatini ko‘tarish sportchilarning vazifasidir. Bu qilinayotgan ishlarning barchasi xalqimiz uchun. O‘z navbatida biz ham xalqimizni xursand qilish uchun bor kuchimizni beramiz va nasib qilsa jahon chempionatidan yorug‘ yuz bilan qaytamiz.
Zafar Imomxo‘jayev suhbatlashdi
Foto: Abdullo Fayzullayev