Rossiyalik futbolchilar jahon chempionatining chorak finaliga qadar yetib borishlari mumkin ekan. Bu haqda Portugaliya terma jamoasining sobiq hujumchisi Nunu Gomesh RTga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
— Siz oldin ham Rossiyada bo‘lgansiz. Ammo Sochiga birinchi bor kelishingiz. Taassurotlar qanday?
— Bunday go‘zal shaharni tomosha qilayotganimdan xursandman. Sochida jahon chempionati o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Krasnodar va Moskvada bo‘lganman. Rossiya — go‘zal va ulkan mamlakat. Agar Portugaliyaga solishtirsak, mening mamlakatim ancha kichkina.
— Portugaliya - Yevropaning amaldagi chempioni. Terma jamoangizning jahon chempionatidagi ishtirokini qanday taxmin qilyapsiz?
— Asosiy to‘sqinlik qiladigan narsa amaldagi Yevropa chempionligidir. Aynan shu jihat tufayli e’tibor katta bo‘ladi. Balki bu holat bosimni oshirib yuborar.
Albatta, Portugaliya terma jamoasining tarkibi ancha kuchli. Muxlislardan mundial favoritlari kimligi haqida so‘rasangiz, Portugaliyani ularning qatoriga qo‘shishmaydi. Birinchi o‘rinda Braziliya yoki Ispaniyani tilga olishadi.
— Siz Portugaliyani jahon chempionati favoritlari qatoriga qo‘shasizmi?
— Oldindan bir narsa deb bo‘lmaydi. Chunki qiyin guruhdan joy olganmiz. Biz uchun favoritlar qatorida bo‘lish emas, balki maydonda o‘zimizni ko‘rsatish muhimroq.
— Mundialda Ispaniya bilan bir guruhdan joy olgansizlar. Portugaliya «Qizil furiya»ga qarshi qanday harakat qilishi lozim?
— Ispaniyaga qarshi o‘yinimiz Sochida bo‘lib o‘tadi. Bu bahs ushbu bosqichdagi eng qiyini bo‘ladi. Shuningdek, guruhimizda Eron va Marokash ham bor. Shu bois ham Ispaniya va biz guruh favoritlarimiz. Lekin buni maydonda isbotlash talab etiladi.
— Ispaniyaga qarshi uchrashuvda kimni favorit deb hisoblaysiz?
— Ispaniya va Portugaliya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv o‘ziga xos derbi. G‘alaba uchun imkoniyatlar deyarli teng. Bu o‘yin ikki jamoa uchun ham jahon chempionatidagi debyut bahs bo‘ladi. Shunday ekan, har ikki jamoa ijobiy natija uchun bor kuchini ishga soladi. Biroq hozirdanoq guruhimizdan kimning 1|8 finalga chiqishini taxmin qilish qiyin.
— Shubhasiz, qalban Portugaliya terma jamoasiga muxlislik qilasiz. Lekin boshqa guruhlar haqida gapiradigan bo‘lsak, qaysi terma jamoaning imkoniyatini yuqori baholaysiz?
— Albatta, Germaniya termasiga. Ushbu jamoa ajoyib tarkibga ega. Nemislar bir nechta sovrinlarni qo‘lga kiritishdi. Jumladan, Konfederasiyalar kubogida zafar quchishdi. Ammo ular bu sovrinni ikkinchi tarkib bilan qo‘lga kiritishdi. Ko‘rinib turibdiki, Germaniyada ikkita teng kuchli tarkib bor.
— Yana kimlarning o‘yinini kuzatasiz?
— Braziliya va Portugaliya terma jamoalarining o‘xshash jihatlari ko‘p. Pentakampeonlar safida kuchli futbolchilar bisyor. Umid qilamanki, mundial paytida Neymar yaxshi formada bo‘ladi. Shuningdek, Lionel Messisi bor Argentinani esdan chiqarmaslik kerak. Belgiya haqida ham shunday deyish mumkin.
— O‘tgan Yevropa chempionatida Islandiya terma jamoasi haqiqiy sensasiya namoyish qildi. Bo‘lajak jahon chempionatida qaysi jamoadan shunday shov-shuvni kutish mumkin?
— Islandiya yana syurpriz taqdim etishi mumkin. Shuningdek, o‘z uyida o‘ynaydigan Rossiya terma jamoasidan ham. Garchi ular saralash bahslarida ishtirok etmagan bo‘lsalarda, qator o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazishdi. Jamoa tarkibida bir qator iqtidorli futbolchilar bor.
— Nima deb o‘ylaysiz, Rossiya mundial favoritlarini mag‘lub etishga qodirmi?
— Oldindan bir nima deyish qiyin. Lekin musobaqa paytida biz kutmagan narsalar bo‘lishi aniq. Menimcha, Braziliya, Germaniya, Ispaniya, Portugaliya yoki Fransiya terma jamoalarini mag‘lub etish oson emas. Balki Rossiya terma jamoasi chorak finalgacha yetib borar.
— Britaniya matbuotida rossiyalik fanatlarning jahon chempionati paytida «hunar» ko‘rsatishlaridan cho‘chishmoqda. Shu jihat tufayli xavotirga tushish to‘g‘rimi?
— Bu eng katta muammo emas. Umid qilamanki, barchasi yaxshi o‘tadi.
— Sizningcha, turnir yarim finaliga kimlar chiqadi?
— Bular Braziliya, Portugaliya, Ispaniya va Germaniya terma jamoalari bo‘lishi mumkin. Agar shunday bo‘lsa, finalga Braziliya va Germaniya chiqadi.
— Portugaliya-chi?
— Hammasi yarim finallarga bog‘liq. Jamoamizning omadi kelishiga ishonaman. Agar Krishtianu Ronaldu formada bo‘lsa, biz chempion bo‘lishimiz ham mumkin.
A.Ahmedov tayyorladi