Kirish Ro'yxatdan o'tish
02/07 00:00 Portugaliya 0-0 Sloveniya
02/07 06:00 AQSh 0-1 Urugvay
02/07 06:00 Boliviya 1-3 Panama
02/07 21:00 Ruminiya 0-3 Niderlandiya
03/07 00:00 Avstriya 1-2 Turkiya
03/07 06:00 Braziliya - Kolumbiya
03/07 06:00 Kosta-Rika - Paragvay

Turkiyalik «bo‘ri» - Jengiz Under haqida nimalar bilasiz?

Turkiyalik «bo‘ri» - Jengiz Under haqida nimalar bilasiz?

Baho:
+ | -

Rimning «Roma» klubi 20 yoshli turkiyalik yarim himoyachining xaridi uchun 13,4 million yevro sarfladi.

Ushbu xabar internet saytlariga chiqqanda, muxlislar ma’lumot ostiga sharh qoldirishga shoshilmagandilar. Vaholanki, italiyaliklar Turkiya chempionati vakili - «Istanbul» jamoasi futbolchisi Jengiz Under uchun oz pul to‘lashmagandi.

Darhaqiqat, o‘shanda istanbulliklar haqiqiy shov-shuv ko‘tarib, mahalliy birinchilikda 2-o‘rinni egallashgan, shu tariqa Yevropa Chempionlar Ligasida qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritishgandi (to‘g‘ri, keyinchalik saralashdan o‘ta olishmadi).

Jengiz «Istanbul»ning muvaffaqiyatlariga katta ulush qo‘shdi - «gol+pas» tizimi bo‘yicha u 7+5 ko‘rsatkich qayd etdi. 2016|2017 yillar mavsumi yosh futbolchi uchun omadli kechib, u Turkiya milliy jamoasida debyutini nishonlashga ham ulgurdi.

Hattoki, Moldaviya termasi darvozasini ajoyib tarzda ishg‘ol qilishga erishdi.

Qayd etilgan natijalar o‘z so‘zini aytib, odatdagidek, iqtidorli yarim himoyachini o‘z safiga qo‘shib olishga da’vogarlar soni ortdi. Ayniqsa, bu borada APL grandlari faollik ko‘rsatishdi.

Biroq turk futbolchisi «MYU», «Chelsi» hamda «Tottenxem» kabi klublardan tushgan takliflarni bir chetga surib, Rimga yo‘l oldi va «Roma» libosini kiydi.

Under «bo‘rilar» safiga qo‘shilgan kuni o‘zining 20 yoshini qarshiladi. Yangi jamoasidagi ilk o‘yinida esa «Tottenxem» darvozasiga gol urdi.

To‘g‘ri, turkiyalik vunderkindning Rim klubi tarkibiga muqim joylashishi biroz vaqt talab etdi. Jengiz hujumning har ikki qanotida o‘zini yengil his etadi, ajoyib krosslarni bajaradi, ammo himoyachilarga ko‘maklashishda unda muammolar yetarlicha - ushbu kamchilik ustida hali ko‘p ishlashga to‘g‘ri keladi. Asosiysi, ilk muvaffaqiyatlar qo‘lga kiritilmoqda.

Dastlabki oylar Under uchun ko‘ngildagidek kechdi: endilikda u muntazam ravishda asosiy tarkibda maydonga tushmoqda, garchi to‘liq 90 o‘ynamasa ham. Fevral oyi - to‘laligicha quvonchli kechdi, Jengiz har bir bahsda raqiblar darvozasini ishg‘ol qilaverdi.

«Verona» hamda «Udineze» bilan o‘yinlarda urilgan g‘alaba gollari, «Benevento»ga qarshi uchrashuvdagi «dubl» yoniga «Shaxtyor» bilan o‘yinda kiritilgan to‘pni ham qo‘shamiz. E’tiborlisi, Xarkovda doneskliklar darvozasiga urilgan o‘sha gol javob bahsida «Roma»ga asqotdi: 1:0 hisobida zafar quchgan «bo‘rilar» YECHLdagi ishtirokni davom ettiradigan bo‘lishdi.

Umumiy hisobda Under fevralda beshta gol urdi. Hattoki, Lionel Messi va Garri Keyn ham qishning so‘nggi oyida bunday ko‘rsatkich qayd eta olishmagandi.

- Jengizning o‘ziga bo‘lgan ishonchi juda yuqori, uning o‘sayotganidan xursandman, - «Roma» bosh murabbiyi Eusebio Di Franchesko shogirdi haqida iliq fikrlar bildirarkan, shuni ham qo‘shimcha qildi: - Bu-gun hammasi o‘xshayapti, ertaga esa bunday bo‘lmasligi mumkin. Bunaqasi tez-tez uchrab turadi. Under singari futbolchilar ko‘p, u endigina 20 yoshga to‘ldi.

Biz bunday iqtidor sohiblariga osongina katta umidlar bog‘lab, xuddi shu tarzda ularni chetga chiqarib qo‘yishimiz hech gapmas. Jengiz yetakchiga aylanishni xohlasa, o‘sishda davom etib, ishlashdan to‘xtamasligi shart. Uning qo‘shimcha tarzda shug‘ullanayotgani meni quvontiryapti.

Oldinda «Roma»ni o‘ta muhim o‘yinlar kutib turibdi. Ayniqsa, Chempionlar Ligasi doirasidagi o‘yinlarda «bo‘rilar»dan Kataloniya grandi - «Barselona» to‘sig‘idan o‘tish talab etiladi. Under nisbatan kuchsizroq raqiblarga qarshi bahslarda o‘zini ko‘rsata oldi. Endi esa yangi darajaga chiqib, kuchli klublar bilan o‘yinlarda ham murabbiylar ishonchini oqlashi lozim.

Ko‘ramiz, kuzatamiz! Agar Italiya «A» seriyasi va YECHLdagi bahslarda «Roma» safidagi turk o‘g‘loni muxlisu mutaxassislarga xush yoqadigan o‘yin ko‘rsatib, jamoadoshlaridan ajralib turadigan bo‘lsa, uning xaridorlari soni yanada ortishi turgan gap.

Eng asosiysi, faoliyatining keyingi davrida erishiladigan har qanday muvaffaqiyat Underni yangi marralar sari yetaklayveradi.

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 11:18, 09.04.2018.
O'qildi: 2632 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.