Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Ishonch (qissa, 4-qism)

Ishonch (qissa, 4-qism)

Baho:
+1 | -

Biz yarim final o‘yinini juda osonlik bilan yutdik. Adashmasam, 7:0 hisobida. Lekin menga bu juda noodatiy tuyuldi. Keyinchalik final oldidan maktabda gap chiqib ketdi. Emishki, Farhod 9-“V” sinfi yigitlarini qo‘rqitganmish. Agar, ular yutqazib berishmasa, yil oxirigacha ularga kun bermasligini aytganmish! Bu gaplar ustozimizning ham qulog‘iga yetib kelibdi, shekilli, darsdan so‘ng hamma yigitlarni qolishini so‘radi. Hamma yigitlar darsdan so‘ng xonada qoldik. Xayriddin aka sinfga kirib keldi-da, eshikni mahkam yopib qo‘yib, past lekin taxdidli ovozda ‘”Nimalar qilyapsizlar, o‘g‘il bolalar?”, deya chertib gapirdi. U “o‘g‘il bola” so‘ziga urg‘u berib gapirdi. Hammamiz sergak tortdik. Men darrov tushundim. Demak hammasi rost. Yarim finaldagi g‘alabamiz bekorga oson bo‘lmagan ekan. Farhod birinchi bo‘lib gapirdi.

— Xo‘sh, nimani nazarda tutyapsiz, — deya qo‘zg‘alib o‘tirdi. Ustozimiz esa unga yaqinroq kelib ko‘zlarini unga tikib juda dadil gapirdi:

— Hayotda hamma narsani ham zo‘rlik bilan egallash mumkin emas. Shunday narsalar borki, unga erishish kerak. Xo‘sh, aytinglarchi, birinchi uchrashuvdagi irodali g‘alabani mazasi qanday edi. Bunisida ham shunday quvona oldinglarmi? Hamma jim bo‘lib qoldi. Farhod biroz pastroq tushib:

— Juda ham katta turnirda qatnashgimiz keluvdi-da, — dedi ustozdan ko‘zlarini olib qochib.

Ustozimiz urushmadi, baqirmadi, bizni nafsoniyatimizga tegmadi. Shunchaki hammang o‘rningdan tur deya buyruq ohangda gapirdi. Biz turdik. Ustozimiz ko‘zlarini bizga tikib turdi-da, so‘ng asta gap boshladi:

— Shuni doim esingizda tuting: agar biron narsani oldingizga maqsad qilib qo‘ysangiz, hech qachon undan chekinmang. Nima bo‘lgan taqdirda ham faqat shu narsa uchun kurashdan to‘xtamang. Kurashdan to‘xtagan odamni hayot chetga surib tashlaydi. Shu katta turnirda g‘olib bo‘lishni xohlaysizlarmi? — deya so‘radi. Biz istar-istamas “ha” dedik. U balandroq ovozda balandroq deya ovozini ko‘tardi. Biz “ha-a-a” deya baqirdik. Shunda Xayriddin aka
— buning uchun men sizlarga yordam berishim mumkin, lekin shartim bor deya gapni ko‘ngdalang qo‘ydi. Hammamiz “xo‘sh”, deya unga tikildik. Sezib turibman, hammaning qalbida kuchli hayajon. Ustozimiz bizga tikilib asta gap boshladi.

— Shartim shuki, bugundan boshlab faqat halol o‘ynaysiz, bir jamoa bo‘lasiz, kuchliyingiz kuchsizingizni himoya qilasiz, har biringizni xatoyingiz uchun jamoa bo‘lib javob berasiz. Eng muhimi futbol kurash, kurashni esa so‘nggi soniyalargacha to‘xtatmaysizlar. Agar shu shartlarimga ko‘nsangiz men to‘laqonli murabiy bo‘laman va ertaga finalda yengsak, poytaxtdagi respublika chempionatiga olib boraman. Nasib qilsa, u yerda g‘alaba qozonsak, olimpiya zaxiralari kollejiga imtiyozli kirish imkonini beradi. Bu yaxshi kelajak qurish imkoniyati. Har biringiz yaxshilab o‘ylab ko‘rib, men bilan ishlashga tayyor bo‘lsangiz javobingizni aytarsiz. Javobingizni ertaga ertalab kutaman, — deya xonadan chiqib ketdi.
Sinf suv quyganday jim-jit bo‘lib qoldi. Hech kimdan sado chiqmas, hamma o‘zi o‘y-fikrlari bilan band. Birinchi bo‘lib Mirsodiq gapirdi.

— Ustozimiz ham ja oladida, — deya tirjaygandi, Farhod uning gapini shartta bo‘ldi.
— O‘chir ovozingni! — so‘ng istab-istamay qo‘shib qo‘ydi: — To‘g‘ri gapirdi. Men uning shartlariga ko‘naman. Agar kim ko‘nmasa ushlab turish yo‘q, ketishi mumkin, — dedi. Abror esa Farhod ning yelkasiga qo‘lini qo‘yib:
— Hammamiz oxirigacha birgamiz, — deya Farhodga tilyog‘lamalik qildi. Farhod uniyam qaytarib tashladi:
— Hamma o‘ziga javob bersin, — dedi. Shu payt men hammadan birinchi gapirdim (o‘shanda dadilligimga o‘zimga qoyil qolgan edim):
— Men hammasiga tayyorman, — dedim. So‘ng hamma birdan ma’qulladi.

Shu bilan biz o‘sha kundan bir oilaga aylandik. Ertasi kuni sinfdoshlarim bilan darsdan oldin maktab hovlisida ko‘rishdik. Hammamiz bitta mavzuda gaplashardik. Eh, mening bezovta yuragim shu qadar tez urardiki, asti qo‘yaverasiz. Birinchi darsimiz jismoniy tarbiya edi. Sinf rahbarimiz xonaga kirib keldi-da, hech nima bo‘lmaganday avval yo‘qlama qildi, qizlarga alohida topshiriq berdi, so‘ng bizga qaradi.

— Ho‘sh, azamatlar, o‘ylab ko‘rdinglarmi gaplarimni?
Hammamiz bir ovozdan “ha” —dedik. Xayriddin aka mamnun jilmaydilar, doimgidek qoshlari tepaga uchib peshonalarida ajinlar ko‘rinib ketdi. So‘ng hammaga qarata:
— Kecha raqiblaringizni o‘yinini kuzatdim. Ularda 3 nafar o‘yinchi bor ekan. Hamma shu yigitlarga o‘ynarkan. Agar ularni yopib tashlay olsak, biz g‘olib bo‘lamiz. Buning uchun bugun to‘liq agressiv o‘ynashimiz kerak. Shu payt gapni Mirsodiq buzdi.
— Agressiv nima degani o‘zi? –dedi. Darvozabonimiz — sinfimiz sardori Ibrohim darxol javob berdi.
— Serharakat va to‘qnashuvlardan qo‘rqmasdan o‘ynash kerak degani, — deya ustozimizga qaradi. Xayriddin aka esa kulib “to‘g‘ri” degandek ishora qildi.

O‘sha kuni darslar men uchun tugamay ketdi. Hatto ona tili darsida inshoni ham oxirgacha yoza olmadim. Xayolga berilib ketibman. Va nihoyat o‘sha soatlar keldi. Biz maydonga chiqish oldidan kiyinish xonasiga kirdik. Hammamizning ichimizda kuchli hayajon. Men ko‘zlarim bilan ustozimni qidirardim. Negadir birinchi soatdan keyin ko‘rinmay qoldilar. Farhod kiyimini almashtirdi-da, sekin o‘tirdi. Chamamda u ham Xayriddin akani qayerdaligiga qiziqayotganday edi. Shu payt kiyinish xonasi ochildi-da, qo‘lida katta qora paket ko‘targan Xayriddin aka ko‘rindi. U qoshlarini tepaga qilib jilmaydi-da, “qani olinglar buni” deya paketni ochdi. Birinchi bo‘lib Abror va Mirsodiq qiziq ochib korishdi. Qani topingchi, ichida nima bor edi? “Manchester Yunayted” jamoasining o‘sha mashhur qizil-qora uy libosi edi. Hammamiz talashib -tortishib oldik. Oxiri bo‘lib Farhod oldi. Shunda ham ming hijolat bilan yana ustozimizga qarab “pulini beraman…”, — deb ming‘irladi. Ustozimiz esa kulib gapni hazilga burib.
— Puli kerakmas, mendan sizlarga sovg‘a. Asosiysi bir xil libosda — bir jamoa bo‘lib o‘ynay olsanglar bo‘ldi. Birinchi bo‘lib Tite (Temur)
— Rahmat ustoz! — deya samimiy gapirdi. Hamma birin-ketin rahmatlarni yog‘dirib yubordi.

Xayriddin aka bizni yaqin kelishimizni so‘radi. Hammamiz yaqinlashdik. U o‘ng qo‘li bilan o‘ng tomonidagi Timurni, chap qo‘li bilan G‘anining bilaklaridan ushladi-da:

— Hamma aylana bo‘lib tursin, — dedi. Hammamiz bir-birimizni qo‘limizni ushlab aylana bo‘lib turdik. Ustozimiz bizga qarata baland ovozda:
— Endi hammangizni tomirlaringizda bitta qon oqyapti. Bitta jamoa —bitta kuch, bitta maqsad va g‘alaba!,— deya jangovor ohangda qisqa gapirdi. Lekin mening ham, boshqalarning ham badanlarida chumoli o‘rmalaganday bo‘ldi. Hammamiz birin-ketin stadionga chiqib kelarkanmiz, uzoqroqda sinfimiz qizlarini ko‘rdik (keyinchalalik bilsak buni ham ustozimiz uyushtrishgan ekan). Ularning ichida Gulruh ham bor edi. Unga qarasam, Farhod ham tikilib turibdi. Ikkimiz ham unga bir qarab qo‘ydikda, maydonda saf tortdik. Yuraklar shirin orziqish bilan to‘la edi. Xuddi mundial finalida ishtirok etayotgan o‘yinchilardek tizzalarimiz qaltirab turardi…

Yaxyoxo‘ja ULUG‘XO‘JAYEV

Davomi bor.

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 09:24, 11.04.2018.
O'qildi: 3602 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.